Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan “Innovatsion guruh”lar shakllantirilmoqda
5-August, 2022
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” (“EU-AGRIN”) loyihamiz doirasida Toshkent viloyatidagi paxta selektsiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, Akademik Mahmud Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, O‘simliklarnihimoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti, chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Zangiota agrotexnologiyalar texnikumi, “Agrar soha ayollari” uyushmasi, Toshkent viloyati agroxizmatlar markazi, mahalliy fermerlar va boshqalar bilan “Innovatsion guruh”larni shakllantirish maqsadida qator uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar va mulohazalar natijasida Toshkent viloyatida “Serhosil, ertapishar, turli kasallik va zararkunandalarga chidamli paxta navlarini yaratish va yetishtirish”, “Turli tuproq va iqlim sharoitlariga moslashtirilib yaratilgan meva navlarini amaliyotga tatbiq etish”, “Uy xo‘jaliklarida iqlimga mos chorvachilikni yuritish orqali sut mahsuldorligini oshirish amaliyotini sinovdan o‘tkazish” hamda “Sabzavot ekinlarining milliy navlarini ko‘paytirish”ga qaratilgan 4 ta innovatsion guruhlar shakllantirildi. Har bir guruh ilmiy tadqiqot instituti, o‘rta maxsus o‘quv yurti, fermer va dehqon xo‘jaliklari, tadbirkor va hududiy AKIS markazi vakillaridan iborat bo‘ladi. Innovatsion guruhlarning asosiy maqsadi ilm-fan, tadqiqotlar, xizmat ko‘rsatish sohasi bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar samaradorligini ta’minlashdan iboratdir.
Shakllantirilgan innovatsion guruhlar tomonidan taqdim etiladigan noyob g‘oyalarni loyiha ko‘rinishiga keltirish va uni boshqarishdagi zaruriy ko‘nikmalarni oshirishga maqsadida seminar-treninglar o‘tkaziladi.
Loyiha doirasida hududlardagi tuproq va o‘simliklar holatini tahlil qiluvchi, shuningdek veterinariya va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishga mo‘ljallangan ko‘chma laboratoriyalar eng zarur anjomlar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.