Shu haftada Surxondaryo viloyatiga uyushtirilayotgan safardan maqsad - qoʻshma loyihalarning holatini kuzatish.
Yevropa Ittifoqi va BMTTD Afgʻoniston fuqarolarining Termiz shahridagi daromad manbalarini kengaytirish boʻyicha hamkorlik koʻlamini kengaytirmoqda
11-October, 2023
2023-yil 11-oktyabr. Yevropa Ittifoqi va BMTTD Afgʻoniston fuqarolarining Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahrida daromad manbalarini kengaytirish boʻyicha hamkorlik koʻlamini kengaytirmoqda. Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining Termiz shahriga rasmiy tashrifi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilib, BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan “Surxondaryo viloyatida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish va tayyorgarlikdan oʻtkazish salohiyatini oshirish” loyihasining ikkinchi bosqichini ishga tushirish va mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar holatini baholashdan iborat.
Mazkur loyiha 2022-yilda Surxondaryo viloyatida Afgʻoniston fuqarolari uchun taʼlim olish borasida yangi imkoniyatlarni yaratish va mazkur sohadagi salohiyatni kengaytirish maqsadida boshlangan boʻlib, uning doirasida yoshlar va ayollarga alohida eʼtibor qaratiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida 330 dan ziyod Afgʻoniston fuqarosi oʻqitildi, shuningdek, loyiha koʻmagida Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazining (keyingi oʻrinlarda “Markaz”) mehnat salohiyati mustahkamlandi.
Loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida 400 nafar talabani mahalliy va jahon miqyosida, jumladan Afgʻonistonda ham talab yuqori boʻlgan turli kasblar boʻyicha oʻqitishga yordam beriladi. Oʻzining intiluvchanligi va fidoyiligini namoyish etgan eng yaxshi talabalar taʼlimni davom ettirib, biznesni boshqarish koʻnikmalarini egallash, pirovardida, oʻz gʻoyalarini oʻzlari va tengdoshlari uchun real daromadga aylantirish uchun kichik grantlar olish imkoniyatiga ega boʻladi.
“Yevropa Ittifoqi Afgʻoniston xalqini qoʻllab-quvvatlashga sodiq boʻlib, biz Oʻzbekiston hukumati, Termiz shahridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi va BMTTD bilan Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatiga koʻchirib kelingan Afgʻoniston fuqarolarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni davom ettirishdan mamnunmiz, — dedi Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian Janobi Oliyalari. - Ikkinchi bosqich boʻyicha tashabbus Afgʻoniston fuqarolariga nafaqat qoʻshimcha taʼlim olish va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtish va shu orqali daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish imkoniyatini taqdim etadi, balki ularning Oʻzbekistondagi hayotini yanada barqaror va farovon qiladi”.
“Biz Afgʻoniston fuqarolarini mehnat bozorida muvaffaqiyatga erishish va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qoʻshish uchun muhim boʻlgan amaliy koʻnikma va bilimlar bilan taʼminlash maqsadida loyihamiz koʻlamini kengaytirmoqdamiz, - dedi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Anas Fayyad Qarman. - Shuningdek, bu Afgʻoniston bilan Oʻzbekiston oʻrtasida koʻprik oʻrnatishga, mintaqaviy hamkorlik va barqarorlikni rivojlantirishga yordam beradi. Biz mazkur muhim loyihada Yevropa Ittifoqi tomonidan koʻrsatilayotgan koʻmak uchun minnatdorlik bildiramiz va, kelib chiqishi va sharoitidan qatʼi nazar, barcha Afgʻoniston fuqarolari sifatli taʼlim olish huquqiga ega boʻlishini taʼminlash uchun birgalikda ishlashga tayyormiz”.
Tashrif davomida Yevropa Ittifoqi va BMTTD delegatsiyasi Markaz xodimlari hamda afgʻonistonlik talabalar bilan uchrashib, loyiha holatini muhokama qildi va kelajakdagi hamkorlik yoʻnalishlarini belgilab oldi.
Tashrif doirasida missiya aʼzolari Termiz shahridagi Davlat xizmatlari markazlari (DXM) hamda Shoʻrchi tumanidagi aholi soni eng koʻp boʻlgan Guliston mahallasida (aholisi taxminan 4,5 ming kishi) joylashgan Oʻzbekistondagi birinchi oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatish burchagini ham koʻzdan kechirdi. U yerda missiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasi doirasida yaratilgan oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatish burchagi bilan tanishdi. Bu yerda fuqarolar interaktiv sensorli pult yordamida davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda foydalanishi mumkin.
Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanidagi Davlat xizmatlari markazi qoʻshma loyiha doirasida sinov obyekti sifatida tanlab olingan yettita markazdan biridir. DXM zamonaviy AT va kommunikatsiya texnologiyalari (serverlar, shaxsiy kompyuterlar, tarmoq va telekommunikatsiya qurilmalari, videokuzatuv moslamalari, foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini qabul qiluvchi qurilmalar va boshqalar), fuqarolar uchun qulay kutish zonasi va zamonaviy konditsioner tizimi bilan jihozlangan.
2021-yilning oktyabr oyidan 2023-yilning iyuniga qadar Shoʻrchi tumanidagi Ayollar maslahat guruhlari (AMG) mutaxassislariga 1781 nafar fuqaro murojaat qilgan boʻlib, shundan 639 nafari yollar, 257 nafari erkaklar, 435 nafari yoshlar, 79 nafari keksalar, hamda 36 nafari nogironligi boʻlgan shaxslardir. Ularning barchasiga davlat xizmatlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi, shuningdek, davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanishda yordam koʻrsatildi. 533 nafar fuqaroga huquqiy, psixologik, tadbirkorlik va ijtimoiy masalalar yuzasidan maslahatlar berildi.
Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagi bilan BMTTD Adliya vazirligini barcha tashrif buyuruvchilar uchun inklyuziv shart-sharoitlarni yaratishda texnik yordam va oʻz tajribasini taqdim etish orqali qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlib, bu DXMning barcha uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan shaharsozlikning zamonaviy standartlari va texnik talablarga muvofiqligini taʼminlashga, bunda alohida ehtiyojlarga ega boʻlgan fuqarolarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Mintaqaviy hamkorlik va barqarorlikni rivojlantirish maqsadida, BMTTD Surxondaryo viloyatini adolatli va inklyuziv tarzda rivojlantirish yoʻlidagi keng koʻlamli saʼy-harakatlarga hissa qoʻshishga tayyor.