O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi sa’y-harakatlari: Fuqarolik jamiyati va mahalliy hokimiyatning faol ishtirokini nishonlash
13-December, 2024
Toshkent, O‘zbekiston, 13-dekabr, 2024-yil - O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda, 9-dekabr kuni nishonlangan Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni doirasida tadbir tashkil etildi. Tadbirning maqsadi korrupsiya holatlari haqida xabar berish mexanizmlarini takomillashtirish, mahalliy boshqaruvni mustahkamlash va korrupsiyaning ayollar yetakchilarga ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirning muhim jihati Koreyaning "Clean Portal" platformasi namunasidagi korrupsiya haqida xabar berish uchun ishlab chiqilgan eanticor.uz takomillashtirilgan platformasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Platformaning takomillashuvi anonimlikni kuchaytirish, keng qamrovli huquqiy ma’lumotlar bazasi hamda biriktirilgan fotosuratlar va hujjatlar kabi dalillar bilan korrupsiya haqida xabardor qilish vositalarini o‘z ichiga oldi. Bu mintaqa, sektor va vaqt bo‘yicha filtrlash imkoniyatlari bilan real vaqtda interaktiv statistikani taqdim etadi. Bundan tashqari, platformaning intuitiv interfeysi tez-tez so‘raladigan savollar bo‘limi va so‘rov funksiyalari korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoatchilik ishtirokini yaxshilash uchun uni yanada qulay qiladi.
Tadbirda O‘zbekistonda ilk bor "Shaffof shaharlar" va "Halol tumanlar" metodologiyasining ishga tushirilgani ham alohida ta’kidlandi. Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax shahri va Buxoro viloyatining Vobkent tumanlari hokimliklarida joriy etilib, xodimlar ushbu metodikani o‘zlashtirish bo‘yicha o‘quv kurslaridan o‘tmoqda. Ushbu yondashuv mahalliy boshqaruv doirasida shaffoflik, hisobdorlik va o‘z-o‘zini tartibga solishni ko‘rsatuvchi halol hududlarni yaratishga qaratilgan. Metodologiya Markaziy, Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Yevropaning 11 mamlakatida muvaffaqiyatli joriy etilgan va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha sertifikatlangan mutaxassislar tomonidan 30 ta mahalliy hukumatlarda qo‘llanilgan bo‘lib, BMT Davlat xizmatlari mukofoti (2011) tomonidan e’tirof etilgan.
Fuqarolik jamiyati tashkilotlari korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qo‘shgan hissalarini, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan va kichik grantlar bilan qo‘llab-quvvatlangan milliy so‘rovning dastlabki tadqiqot natijalarini namoyish etdilar. Tadqiqot korrupsiyaning tadbirkor ayollarga ta’sirini baholadi va respondentlarning 70% dan ortig‘i so‘nggi uch yilda korrupsiyaning kamayganini qayd etdi, bu esa davlat siyosati samaradorligini aks ettiradi. Bundan tashqari, ishtirokchilarning 69,1 % ko‘proq ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlasa, korrupsiya kamayishiga ishongan, bu narsa ayollarning axloqiy me’yorlariga yuqori darajada rioya etishi va jamoatchilik fikrini qabul qilishi bilan izohlangan. Ushbu ma’lumotlar korrupsiyaga qarshi kurashish va tadbirkor ayollarning iqtisodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun genderga bog‘liq strategiyalar zarurligini ko‘rsatadi.
Tadbir manfaatdor tomonlar, davlat tashkilotlari, xalqaro hamkorlar va fuqarolik jamiyati ishtirokida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi navbatdagi harakatlarini muhokama qilish bilan yakunlandi, bunda fuqarolarning faolligini oshirish va davlat siyosatida gender-sezgir yondashuvlarni integratsiyalashuviga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida ilgari surilgan tashabbuslar BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi hamda Koreya Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasining (ACRC) va BMTning Seuldagi siyosat markazi O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikdagi ”O‘zbekistonda korrupsiya holatlari haqida xabar berishning samarali mexanizmini “Korea’s Clean Portal” portali bilan solishtirgan holda tashkil qilish” (BRM doirasida Shaffoflik va hisobdorlik bo‘yicha hamkorlik) loyihalari doirasida amalga oshirilmoqda.
Loyiha haqida ko‘proq ma’lumot olishni istasangiz anti-corruption.uz@undp.org orqali murojaat qiling