Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatlarini sudlarda ko‘rish amaliyoti
Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatlarini sudlarda ko‘rish amaliyoti
5-March, 2025
Ushbu tadqiqot fuqarolik jamiyati tashkilotlari va BMT Taraqqiyot Dasturining (UNDP) O‘zbekistondagi "O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish" loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan beshinchi tadqiqot hisoblanadi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan hamkorlikda, Finlandiya Tashqi ishlar vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
2023-yil 11-aprelda qabul qilingan 829-sonli Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga 126-1-moddasi kiritilib, unda oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Mazkur norma BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘mitasi (CEDAW) tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida kiritilgan bo‘lib, ushbu tavsiyalarda oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, sud orqali javobgarlikka tortish va jinoyat og‘irligidan kelib chiqqan holda tegishli jazo choralarini qo‘llash maqsadida qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish taklif etilgan edi.
Tadqiqot davomida ayollarning odil sudlovga erishish imkoniyatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlar tahlil qilinib, ularni huquqiy siyosatni takomillashtirishda qo‘llash usullari taklif etildi. Olingan natijalar huquqiy himoya mexanizmlarida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda, xususan, jinoyat ishlarining tomonlar yarashuvi sababli yuqori darajada yopilishi, jabrlanuvchilarning huquqiy yordamga cheklangan darajada ega ekanligi va oilaviy zo‘ravonlikning tarqalishiga ta’sir etuvchi ijtimoiy-demografik omillar mavjudligi. CEDAW qo‘mitasining 33-sonli Umumiy tavsiyasiga muvofiq, gender jihatdan ajratilgan statistik ma’lumotlarni tizimli ravishda kengaytirish lozimligi ta’kidlangan bo‘lib, bu esa oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladi.