2020 yilning 8 iyun kunidan O‘zbekistondagi BMTTD vakolatxonasi milliy ekspertlar va mutaxassislarga «Orol dengizi mintaqasi – ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi» mavzusidagi konsepsiyani takomillashtirish hamda uni amalga oshirish uchun Yo‘l Xaritasini ishlab chiqish borasida ko‘mak berish maqsadida o‘quv-tayyorgarlik mashg‘ulotlarini boshladi.
O‘quv-tayyorgarlik mashg‘ulotlari Barqaror rivojlanish maqsadlari integrasion tashabbusi doirasida tashkil etilgan. Ushbu tashabbusning natijasida Qoraqalpog‘iston mintaqasidagi yuqori maqsadlarni ko‘zlovchi chora-tadbirlar ko‘lamini yanada kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘rta va uzoq muddatli investisiyalar strategiyasini ishlab chiqilishi kutilmokda. Bu esa o‘z navbatida mintaqaga yashil texnologiyalarni olib keladi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni yaxshilaydi va cho‘llashish xamda migratsiyaning oldini oladi.
BMTTD O‘zbekiston Hukumati bilan Orol bo‘yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqishda yaqindan xamkorlik qilmoqda. Konsepsiya asosan eski muammolarni hal qilishda yangi yondashuvlarni qo‘llash prinsipiga asoslanadi. Aytib o‘tishjoizki, BMTTDning mutaxassislararo guruhidan tashkil topgan uchta missiyasi (2019 yilning sentyabr' va oktyabr' oylarida), BRMni amalga oshirish uchun Orol dengizi mintaqasini kompleks qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish uchun jalb etildi. Shuningdek,ushbu mavzuga bagishlangan yuqori darajadagi Xalqaro konferensiyani (Mo‘ynoq shahri 2019 yil, oktyabr) tashkil etishga hissa qo‘shdilar. Ushbu faoliyatning keyingi bosqichi esa Konsepsiya tavsifini takomillashtirish hamda konsepsiya g‘oyalarini aniq va muayyan vaqt bilan chegaralangan harakatlarga aylantirishga ko‘mak beruvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasi yoki Yo‘l Xaritasi loyihasini ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi.
Tizimli muammolar va murakkab tizimlar deb nomlangan o‘quv-tayyorgarlik mashg‘ulotlarining ilk sessiyasi O‘zbekiston Respublikasi innovasion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarovning qutlov nutqi bilan ochildi. A. Nazarov «Muammoni uni yaratgan aql bilan yechib bo‘lmaydi, degan naql bor, va bu ekologik muammolarga ham taalluqliligiga shubha yo‘q» dedi o‘z nutqida.
— Innovasiyalar va fikrlashning yangi usullari COVID-19 kasalligining tarqalishi kabi qisqa muddatli favqulodda holatlarni hamda Orol dengizi mintaqasidagi fojianing iqlim o‘zgarishi yanada chuqurlashtirib yuborgan ekologik oqibatlari kabi uzoq muddatli muammolarni hal qilish uchun zarurdir, — deb fikrini davom ettirdi vazir o‘rinbosari.
O‘z navbatida BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ishtirokchilarni mazkur nazariya bilan bahslashishga, uning voqeligimizga qanday mos kelishini tahlil qilishga chorladi. U yanada tizimli innovasiyalarni aks ettiruvchi Konsepsiyani amalga oshirishga qaratilgan Yo‘l xaritasini tayyorlashda amaliy harakatlarni jadallashtirishga chaqirdi.
Birinchi sessiyada Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovasiyalarni va texnologiyalarni joriy etish konsepsiyasini takomillashtirish va amalga oshirish ustida birgalikda ish olib borayotgan, tegishli vazirliklar va O‘zbekistondagi NNTlarning 45 nafar ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etdilar.
Barcha mashg‘ulotlar Zoom ilovasi orqali raqamli ko‘rinishda olib boriladi, bu esa, o‘z navbatida, karantin qoidalariga rioya etilishini ta'minlaydi hamda O‘zbekistonning barcha hududlaridan vakillarning ishtirok etishiga imkon beradi.