2021 yil 24 sentabr, Toshkent. Bugun “Yangi Oʻzbekistonning Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM): yutuqlar va istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekistondagi BMTTD (Birlashgan Millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi), Oʻzbekistondagi Jahon banki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) va Toshkentdagi xalqaro Vestminster univestitetining (TXVU) hamkorlikdagi tashabbusi hisoblanadi. Konferensiya TXVUda, gibrid rejimda, tashrif buyurganlar va virtual ishtirokchilarni birlashtirgan holda tashkil etildi.
Anjumanning maqsadi Oʻzbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, BRMga erishishda islohotlarning ahamiyatini muhokama qilish, bilim va tajriba, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish strategiyalarining natijalarini almashish hamda oʻzaro hamkorlik uchun yoʻl xaritalarini belgilab olishdan iborat boʻldi.
Konferensiyaning asosiy maʼruzachilari orasida taniqli olimlar, davlat va xususiy sektor, xalqaro agentliklar, idora va tahlil markazlari vakillari ishtirok etdilar. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish istiqbollari tarmogʻi (SDSN) prezidenti professor Jeffri D. Saks ham tadbirda qatnashchilar orasida boʻldi.
"Oʻzbekiston uchun muvaffaqiyatli transformatsiyaning kalitlaridan biri – qoʻshni davlatlar bilan yaqin hamkorlik va Xitoyning "Bir makon, bir yoʻl" tashabbusi kabi mintaqaviy dasturlarda faol ishtirok etish orqali Markaziy Osiyoning transport, savdo va moliyaviy markazi, Sharqiy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻprik sifatidagi oʻrnini mustahkamlash hisoblanadi.
Oʻylaymanki, barqaror rivojlanishning juda ijobiy yoʻllari bor. Energetika transformatsiyasi, qishloq xoʻjaligida suvdan unumli foydalanish asosida rivojlanish, Oʻzbekistonni butun dunyo bilan bogʻlaydigan raqamli jamiyatga oʻtish va tobora oʻsib borayotgan global onlayn iqtisodiyotda oʻz oʻrniga ega boʻlish, shuningdek, transport va xizmatlar uchun muhim markaz sifatida rivojlanish shular jumlasidan", — dedi professor Jeffri Saks.
Oʻzbekistonda Milliy BRMni amalga oshirish 2017–2021 yillardagi Harakatlar strategiyasiga toʻgʻri keldi. Milliy BRMga erishishda COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, Oʻzbekiston islohotlarni davom ettirmoqda, xususan, xususiy sektor va aholining eng ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarini qoʻllab-quvvatlash uchun moliyaviy, iqtisodiy va tartibga solish choralarini oʻz ichiga olgan bir qator inqirozga qarshi tadbirlarni qoʻllamoqda.
“Barqaror rivojlanish maqsadlari qamrab oladigan masalalar, hech mubolagʻasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, kerak boʻlsa taqdirini hal qiluvchi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi. Bu jarayon samarasini parlament, olim va ekspertlar, nodavlat tashkilotlar, keng jamoatchilikka tayangan holda muntazam kuzatib borishi muhim. Binobarin, bu borada parlament nazoratining eng muhim yoʻnalishlaridan biri – mamlakatimiz tomonidan oʻz zimmasiga olgan majburiyatlar bajarilishini taʼminlanishdir. Barqaror rivojlanish maqsadlari koʻzda tutgan vazifalarni doimiy ravishda ilmiy tahlil qilish, Hukumat va parlament uchun amaliy ahamiyatga ega boʻlgan tavsiyalarni ishlab chiqish – ekspert hamjamiyatining gʻoyatda muhim vazifasidir.
Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Strategiyaning bosh gʻoyasi – fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambagʻallikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan taʼminlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iboratdir. Asosiy maqsad – 2030 yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadlar miqdori boʻyicha “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirishdir”, — dedi Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari.
Konferensiya natijalari quyidagilardan tarkib topdi:
• BRMga erishish hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni BRM bilan uygʻunlikda amalga oshirish jarayonidagi eng yaxshi xalqaro tajribalarni aniqlash;
• Xalqaro ekspertlar kuzatuvlari va Oʻzbekistonda Milliy BRMga erishish koʻrsatkichlari;
• Xalqaro tadqiqot hamjamiyati tomonidan olib borilgan ilmiy ishlar, shu jumladan Markaziy Osiyo hamda Oʻzbekistonga taʼsir koʻrsatadigan tadqiqotlar boʻyicha oʻrganish va tahlillarning natijalari;
• Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularni empirik tahlil qilishga bagʻishlangan yangi kitobni ingliz tilida yozish boʻyicha ilmiy hamjamiyat tomonidan ish boshlanganligi haqida eʼlon;
• Respublika miqyosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “BRM yosh elchilari” yoshlar tashabbusi boʻyicha taklif;
• Konferensiya ishtirokchilari milliy BRMga erishish uchun hamkorlikning keyingi yoʻl xaritalarini aniqladilar.
"Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi yutuqlari va kelgusida uni mamlakatdagi islohotlarning navbatdagi bosqichi sifatida tezlashtirish istiqbollarini muhokama qilish uchun ushbu anjumanda ishtirok etish BMT Taraqqiyot Dasturi uchun sharaf. Hozirgacha ajoyib yutuqlarga erishildi. Yutuqlar natijalari Oʻzbekiston oʻtgan yili oʻtkazgan ixtiyoriy milliy hisobotda eʼlon qilingan. BRMlarga bagʻishlangan yangi Parlament komissiyasi tashkil etildi. Biz BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasida Oʻzbekistonning yaqinda qilgan bayonotida barqaror taraqqiyotga boʻlgan qatʼiy rejalarni eshitdik. Mamlakat COVID-19 inqirozidan chiqayotgan va koʻplab sarmoyaviy va siyosat tanlovlari qilinayotgan bir payt — bu rivojlanishning barqarorligini tezlashtirish uchun imkoniyat sifatida ishlatish vaqti. BMTTD ushbu dasturni qoʻllab -quvvatlashga toʻliq tayyor", — deb taʼkidladi Matilda Dimovska, BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili.
Konferensiya tashkilotchilari Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar va ularning milliy BRMga erishishdagi ahamiyatini umumlashtirishga qaratilgan Alьmanax – tasviriy hisobot tayyorladilar. Rasmlarda alohida insonlar, oilalar va jamoalarga tegishli hikoyalar – barqaror kelajak tasvirlarini keltirib chiqaradigan taʼsir va tajriba hikoyalari keltirilgan. Shuningdek, Alьmanax odamlarning Oʻzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida BRMga erishganligi toʻgʻrisida xabardorligini oshirishga qaratilgan. Milliy BRMga erishishda insonlarning, ayniqsa, yoshlarning ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
"Bu Konferensiya TXVU va yangi Oʻzbekiston uchun muhim strategik tashabbus hisoblanadi. Taʼlim, tadqiqot va innovatsiyalar barqaror rivojlanishda muhim ahamiyatga ega. Universitetlar va yoshlar 2030 yilgi BRM milliy dasturiga erishishda asosiy hissa qoʻshadilar", — dedi Baxrom Mirqosimov, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti rektori.
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati oʻz xalqining farovonligini yanada yaxshilash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun moʻljallangan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni kengaytirishda davom etmoqda.