
Nukus shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 2025-yil 5-aprel. Nukus shahrida bo‘lib o‘tayotgan Orol madaniyat sammit doirasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va BMT Taraqqiyot Dasturi Qoraqalpog‘istonda barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
Bir paytlar dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l hisoblangan Orol dengizi uzoq yillar davomida mahalliy qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlab kelgan, bu yerda baliqchilik sanoati gullab-yashnagan. 1960-yillarda u qisqara boshlab, 2010-yillarga kelib deyarli qurib, cho‘lga aylanib, ekotizimlarni izdan chiqarib, aholiga talafot yetkazdi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va BMT Taraqqiyot Dasturi o‘rtasidagi hamkorlik jamoalarning faolligini oshirish va O‘zbekistonning himoyaga eng muhtoj mintaqalaridan birini qo‘llab-quvvatlash uchun barqaror rivojlanishdagi innovatsiyalar orqali ushbu muammolarga yechim topuvchi tashabbuslarga madad berishga qaratilgan.

O‘zaro anglashuv memorandumi BMT Taraqqiyot Dasturining mintaqadagi 25 yillik ishtiroki va uning inson kapitalini shakllantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratgan holda uni rivojlantirishga qat’iy sodiqligiga tayangan holda hamkorlik uchun asos yaratadi.
Memorandumning imzolanishi ikkala tashkilotning Orolbo‘yi mintaqasida inklyuziv o‘sish va barqarorlikka intilishini aks ettiradi.
Akiko Fujii, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi:
“Madaniyatlar odamlar hayoti, ular o‘rtasidagi munosabatlar va atrofimizdagi olamni, shu jumladan, tabiat va atrof-muhitni shakllantiradi. Shuning uchun ham madaniyatga yo‘naltiriladigan sarmoyalar insonlarning turmushi va ularning kamolotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. BMT Taraqqiyot Dasturi barqarorlik va izchil yangilanish timsoli bo‘lgan Orolbo‘yi havzasini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlaydi."

Gayane Umerova, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi:
“Mazkur memorandum O‘zbekiston hukumatining madaniyatni, mintaqani barqaror rivojlantirish dasturiga kiritish istagini ta’kidlaydi. Biz Orolbo‘yi mintaqasini nafaqat ekologik muammolar hududi, balki ulkan madaniy salohiyatga ega joy sifatida ham ko‘ramiz. Bu yerda madaniyat, shunchaki meros emas, balki jamoalarni ilhomlantirish, o‘zlikni mustahkamlash va barqaror kelajak sari yangi yo‘llarni ochishga qodir bo‘lgan kuchli qudrat manbaidir”.

Orol madaniyat sammiti mintaqaviy landshaftni qayta tiklash va jamoalarning o‘ziga xosligini mustahkamlashga qaratilgan. U madaniyat, san’at, ilm-fan va dizayn orqali Orolbo‘yi mintaqasidagi ijtimoiy va ekologik o‘zgarishlarga bag‘ishlanadi.