Ohangaron tumanidagi Markaziy Qo‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘ini G‘arbiy Tyan-Shanning Ugom-Chotqol tizmasi yonbag‘rida joylashgan. Qishloq aholisi mol boqish va qisman dehqonchilik bilan shug‘ullanadilar.
Avvallari tog‘ yaylovlarida mol boqish yarim ko‘chmanchilik usulida amalga oshirilardi, yaylovlar tez-tez almashtirilardi, bu yerga o‘zining tabiiy holatini tiklab olishga imkon berardi. Ammo, keyinchalik atrofdagi yerlar, ayniqsa mahalliy aholi yashaydigan joylarga yaqin yerlar mol, jumladan echkilar muntazam boqiladigan maydonga aylandi. Chorva orasida echkilar yaylovlarga eng ko‘p zarar keltiruvchi sanaladi, chunki ular yerni o‘yib, yangi nihollarni payhon qiladi, shuningdek o‘tlarning urug‘i bilan oziqlanadi, bu yaylovlarning qayta tiklanishi imkoniyatini yanada kamaytiradi. Echkilar, sakray olish qobiliyati tufayli, o‘simliklar uchlarini yeya oladi va bu ekinlarning kasallanishi hamda halokatiga sabab bo‘ladi. O‘rtacha hisobda, bitta echki bir yilda ikki gektar yerdagi o‘tni yeb bitiradi.
Echki suti katta talabga ega – u o‘zining foydaliligi va shifobaxshligi bilan ona sutiga juda yaqin turadi. “Baraka Kavsar” MChJda bugungi kunda 196 bosh sut berishga moslashtirilgan, “Zaanin” zotili echki boqiladi, ular atay Avstriyadan keltirilgan. O‘zbekistonning tog‘li va qishloq hududlarida zotli va intensiv chorvachilik amaliyotini rivojlantirish, aholini sifatli parhyez va shifobaxsh sut mahsulotlari bilan ta'minlash amaliyotini rivojlantirish maqsadida, “Baraka Kavsar” MChJ rahbari tomonidan echkilarni yaylovlarga chiqarmay, yopiq sharoitda, maxsus qurilgan fermalarda parvarishlashni ko‘zda tutuvchi loyiha ishlab chiqildi. Shuningdek, loyiha “Baraka Kavsar” MChJga qarashli 50 ga yerda beda yetishtirishni ham nazarda tutadi.
BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), “Baraka Kavsar” MChJ bilan birgalikda, texnik qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida, chorvani og‘ilxonada boqishga mo‘ljallangan intensiv echki fermasini qurib, ishga tushirdi. Texnik ko‘mak taqdim etishdan maqsad – yaylovlarni tiklash, o‘rmonchilik va chorvachilikni rivojlantirish, shuningdek tabiiy o‘rmonlar va yaylovlarga yuklamani kamaytirish uchun faoliyatning muqobil turlarini joriy etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va aprobatsiyadan o‘tkazish.
Ushbu loyiha doirasida 5 kishi ish bilan ta'minlandi, shulardan ikki kishi sut sog‘uvchi ayollardir; mahalliy aholi, ayniqsa bemor bolalar uchun shifobaxsh sut mahsulotlarining miqdori oshdi; ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilib, ularda mahalliy aholiga echkilarni intensiv parvarishlash afzalliklari namoyish etildi.
Loyihani amalga oshirish evaziga 200 bosh echkini og‘ixonada boqish hisobiga yiliga 300 gektar yaylovni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lindi, shaxsiy yemish o‘laroq bedaning yetishtirilishi tuproqning unumdorligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatib, loyihaning ekologik barqarorligini yanada oshirdi. Bugungi kunda "Baraka Kavsar" MChJ egasi o‘z biznesini kengaytirmoqda va jun ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shimcha 150 bosh angor zotli echki sotib olish to‘g‘risida Rossiyadagi kompaniyalar bilan allaqachon faol muzokaralarni boshlab yuborgan.