Muallif: Gulnur Kaypnazarova
Shirin Muvaffaqiyat: O‘nta asalari uyasi Orol bo‘yi hududidagi asalarichining hayotini qanday o‘zgartirdi
9-January, 2025
Orol bo'yida baliqchilar o'rniga asalarichilar davri keldimi?
Orol dengizi hududining 90 foizi qurigan bo‘lsa-da, Orol bo‘yida asalarichilik yangi hayot topdi. O‘rta Osiyoda asalarichilik ilmiy asoslarini buyuk o‘zbek olimi Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) yaratgan bo‘lib, u asalni she’riy tilda "gullarning yashirin shabnamidir" deb atagan. Bugun bu nafaqat asal ishlab chiqarish, balki mintaqani rivojlantirishning muhim omilidir. Asalarichilik qishloq xo‘jaligini — mamlakatning asosiy iqtisodiy harakatlantiruvchi kuchlaridan birini qo‘llab-quvvatlaydi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydi, biologik xilma-xillikni saqlaydi va mahalliy aholi uchun daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Baxtiyar Djubayevning mehnat faoliyati tarixi sohaning rivojlanishiga yorqin misol bo‘la oladi. U o‘zining kasbiy yo‘lini 1986-yilda oddiy asal qadoqlovchisi sifatida boshladi va uch yil ichida, 23 yoshida, o‘z mehnatsevarligi va professionalligi bilan yillik ishlab chiqarish hajmini 60 tonnaga yetkazgan ishlab chiqarish sexiga rahbarlik qildi. Baxtiyar 20 yildan ortiq ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli boshqardi. Biroq, qiyin o‘tish davridagi murakkabliklar, jumladan ishlab chiqarish uskunalarining eskirishi sababli, korxona o‘z faoliyatini to‘xtatdi.
90-yillarning boshida uning hayotida muhim burilish yuz berdi. Ommaviy ko‘chish jarayonida Baxtiyar O‘zbekistonda qolishni tanladi. Kunduzi qurilishda ishlab, kechalari esa sotib olgan 10 dona asalari oilasi bilan shug‘ullandi. U boshqa hududlardagi tajribali asalarichilardan bilim olib, asalarichilikni rivojlantirishga astoydil kirishdi.
"Mamlakatimizda fermerlar ko‘p, lekin asalarichilik bilan shug‘ullanuvchilar juda kam, chunki bu zargarlik kabi maxsus mahoratni talab qiladigan kasb," – deydi Baxtiyar. "Yangi boshlovchi asalarichi barcha nozikliklarni o‘rganish uchun vaqt ajratishi kerak: ari uyalarini to‘g‘ri joylashtirishdan tortib, ari oilasining xulq-atvorini tushunishga qadar. Ammo birinchi muvaffaqiyatli asal yig‘imidan so‘ng, bu ish hayotning ajralmas qismiga aylanadi."
2017-yil o‘zbek asalarichiligi tarixida muhim burilish yili bo‘ldi. Sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturining ishga tushirilishi asalarichilarga yangi imkoniyatlar yaratdi, Toshkentdagi har yillik yarmarka esa butun mamlakatdan asalarichilarni birlashtirdi. O‘sha yili BMT Taraqqiyot Dasturining hamkorligi boshlandi, bu Baxtiyarning xo‘jaligini rivojlantirishda yangi bosqichni ochdi. U oddiy o‘quv seminarlari tinglovchisidan yangi avlod asalarichilari uchun ustozga aylangani holda, o‘z tajribasini boshqalarga o‘rgatishga kirishdi.
BMT Taraqqiyot Dasturining "Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi" doirasida Yaponiya hukumati moliyaviy ko‘magida Baxtiyarning xo‘jaligi zamonaviy asal qadoqlash uskunalari oldi va ari uyalari ishlab chiqarish ustaxonasini ochdi.
"Yangi uskunalar tufayli mahsuldorlik sezilarli darajada oshdi – endi bir soatda 50 kilogrammdan ortiq asal qadoqlanmoqda," – ta’kidlaydi Baxtiyar. "O‘z ustaxonamizning ochilishi ari uyalari bilan bog‘liq jiddiy muammoni hal qildi. Ilgari men ularni faqat Toshkentdan sotib olishim kerak edi. Oxirgi xaridimda bir ari uyasi 400 ming so‘m turardi – yuz dona uyaga 40 million so‘m to‘lashga to‘g‘ri kelgan. Endi esa biz nafaqat o‘zimiz ishlab chiqaryapmiz, balki mintaqadagi boshqa asalarichilarni ham ta’minlab, yangi ish o‘rinlari yaratmoqdamiz."
BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlik davomida Baxtiyar aksariyati ayollarni tashkil qilgan 70 dan ortiq odamga bu hunarni o‘rgatdi. Uning o‘g‘li esa otasining tajribasini o‘zlashtirib, oilaviy tadbirkorlikni otasi bilan birga davom ettirmoqda. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda: ko‘plab ayollar cho‘l landshaftlarida asalarichilikni muvaffaqiyatli ravishda rivojlantirib, yovvoyi asalli o‘simliklarning imkoniyatlaridan samarali foydalanmoqdalar. Boshlang‘ich kapitali bo‘lmaganlar uchun Baxtiyar qo‘llab-quvvatlash tizimini ishlab chiqdi: bu tizimda 5-10 ta asalari oilalari va jihozlar bilan yordam berib, tajriba almashish va olingan asalni teng ravishda taqsimlash tashkil etiladi.
Mintaqada asal yig‘ish mavsumi aprel oyida mevali daraxtlardan boshlanadi – bu ari oilalarining rivojlanishi uchun muhim davr.
"May oyida biz qizilmiya va jiyda asallarini yig‘amiz", – deydi Baxtiyar. "Qizilmiya asali – bu bizning mintaqamizning noyob mahsuloti. Qoraqalpog‘iston va Xorazmda qizilmiya may oyida atigi 24 kun gullaydi va mamlakatning boshqa hududlarida bu yovvoyi dorivor asal beruvchi o‘simlik uchramaydi".
10-iyundan boshlab asalarilar tuya tikani (yantoq) va boshqa yovvoyi o‘simliklarga o‘tadi. Yoz o‘rtasida beda va kunjutdan asal yig‘iladi, mavsumning yakuni esa avgust oyida g‘o‘za asalini yig‘ish bilan yakunlanadi.
Asalarichilik mahsuldorligi haqida gapirar ekan, Baxtiyar shunday deydi:
"Har bir ari uyasidan o‘rtacha 10 kilogramm asal olamiz. 2023-2024-yil mavsumida mening 200 ta ari uyali asalarichiligimda 2 tonna asal yig‘ishga erishdik. Hozir narx kilogrammi 70-80 ming so‘m (taxminan 6-7 AQSH dollari) darajasida turibdi".
BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda asalarichi 100 ari uyasidan olingan mahsulotlarni jami 220 million so‘mga (taxminan 18 ming AQSH dollari) sotib, 140 million so‘m (taxminan 11,5 ming AQSH dollari) sof daromad oldi.
Baxtiyarni qizilmiyani saqlash vaziyati alohida tashvishga solmoqda:
"Nukusda xususiy korxonalar uning ildizlarini Xitoy va Yaponiyaga farmatsevtika sanoati uchun eksport qilish uchun faol yig‘moqda. Ammo bu o‘simlikning tabiatda tiklanishi uchun 5-10 yil kerak. Quruq iqlim va innovatsion barqaror dehqonchilik usullarining yo‘qligi sharoitida populyatsiyaning tabiiy tiklanish imkoniyati juda past. Bu faqat asalarichilarning muammosi emas. Ekologik tashkilotlar bunga alohida e’tibor qaratishlari kerak. Axir qizilmiya shunchaki asal beruvchi o‘simlik emas, bu mahalliy iqlimga moslashgan muhim dorivor o‘simlik. Qurg‘oqchilik va boshqa iqlim o‘zgarishlari sharoitida tabiiy asal beruvchi o‘simliklarni saqlash juda muhim ahamiyat kasb etmoqda".
Qishloq xo‘jaligi va asalarichilikni rivojlantirishdagi yutuqlari uchun Baxtiyar O‘zbekiston fermerlar kengashi tomonidan "Mehnatsevar-Dehqon" faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bugun uning mahsulotlari bolalar bog‘chalari, kasalxonalar va mahalliy bozorlarga yetkazib berilmoqda. BMT Taraqqiyot Dasturining "Bir qishloq – bir mahsulot" dasturi bo‘yicha o‘qishni tugatgach, u BMTTD jihozlangan Qoraqalpog‘iston Sanitariya-epidemiologiya xizmatining laboratoriyasida sertifikatlashdan o‘tib, eksport bozorlariga chiqishga tayyorlanmoqda.