Suhbatni Alpamis Babaniyazov olib bordi
Bu - men: pedagog, ishbilarmon ayol va muzlatgich taʼmirlash ustaxonasining direktori
13-December, 2022
Zarifaxon Mamatqulova oʻz turmush oʻrtogʻining: “Siz oʻqituvchi, professor va tadqiqotchisiz. Ayol boʻla turib, erkaklar bilan ishlashga toʻgʻri keladigan texnik sohadagi ishni nima qilasiz?” degan savoliga javob topa olgan ayol.
Uning hayotiy yoʻli kasb jins tanlamasligi va gender tengligiga barcha sohalarda erishish mumkinligini isbotlovchi ibratli bir tajribadir.
Zarifaxon Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanidagi Qum Xiyali qishlogʻida tugʻilgan. Qishlogʻidagi barcha oʻgʻil-qizlar kabi u yoshligidan maktab va oila tadbirlarida faol ishtirok etgan, ota-onasiga uy yumushlarida yordamlashib kelgan. Bolaligini eslar ekan, u hayotda muvaffaqiyatga erishishida ota-onasi muhim oʻrin tutganiga alohida urgʻu beradi.
“Uyda ish koʻp boʻlardi, kerak boʻlsa suv tashirdik, sigirlarni oʻtlatardik, - deydi u. – Solishtiradigan boʻlsak, qishloq joylardagi bolalar shahardagi tengqurlaridan koʻra koʻproq ish bajarardi. Shunday boʻlsa-da, ota-onamizning bizga boʻlgan eʼtibori va mehribonligi oldida bu hech narsa emasdi. Biz oʻsib-ulgʻayishimiz uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib bergan otamdan juda minnatdorman. Diqqatimizni to'liq o'qishga qaratishimiz uchun otam hattoki uyda sinfxona tashkil qilib bergan edilar. Ota-onam yonimizda oʻtirib biz bilan birga dars qilishardi, oʻzlari uchun qandaydir yangi narsalarni oʻrganishardi. Otam juda koʻp maqol va hikoyalarni bilar va biz ularni eshitib, oʻz kelajagimiz toʻgʻrisida orzularga berilar edik. Menga “Oilada olim yetishsa, uning yetti avlodi ikki dunyo azobidan xalos boʻladi”, degan maqol juda yoqar edi. Shuning asnosida men oʻqituvchi boʻlish va otam orzu qilgandek bilimli inson boʻlib yetishishni orzu qilardim”.
Zarifaxonning orzusi uni Fargʻona shahriga yetaklab, Fargʻona davlat universitetiga kirishga undadi va bu yerda u oʻqituvchilik sir-asrorlarini egallash imkoniga ega boʻldi. Garchi u shahar hayotiga unchalik koʻnikmagan boʻlsa ham Oliygohning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etdi. Oʻqishni bitirish arafasida uning omadi chopib, “Qishloq xotin-qizlarini kamsitishning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashish” Markazi tomonidan tashkillashtirilgan seminarda ishtirok etishga muvaffaq boʻldi. U qishloqda tugʻilgan oʻttiz nafar xotin-qizdan biri boʻlib, seminar tashkilotchilariga qishloq xotin-qizlari duch keladigan muammolar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berdi. Gender sohasidagi seminarda hukmron boʻlgan muhitdan mamnun boʻlgan Zarifaxon shunday dedi:
“Tadbirdagi muhit juda sokin boʻlib, men gender tengligi, ayol bilan erkakning hayotdagi vazifalari va koʻplab boshqa qiziqarli maʼlumotlarni bilib oldim. Seminardan soʻng ayolning jamiyatdagi oʻrni toʻgʻrisidagi fikrim tubdan oʻzgardi”.
Uning ochiq koʻngil va xushchaqchaqligi hamda ayollar toʻgʻrisidagi teran fikrlari Markaz vakillarida yorqin taassurot uygʻotib, ular Zarifaxonga Markazga ishga joylashish uchun intervyudan oʻtishni taklif qilishdi. “Menga berilgan imkoniyatdan hayajonlandim, - deydi u. – Ammo ingliz tilini kerakli darajada bilmasligim menga pand berdi va garchi qishloq hayoti toʻgʻrisida unchalik yaxshi bilmasa-da, ishga tengqurlarimdan birini tanlab olishganiga guvoh boʻldim. Bu narsa qalbimda biroz oʻkinch uygʻotdi”.
Bu vaziyat yana bir orzuga turtki berdi, yaʼni u oʻz oila aʼzolari chet tillarini oʻrganishi lozimligini orzu qila boshladi. “Mening farzandlarim chet tillarini oʻrganishadi, iloji boʻlsa, beshta har xil tilni, - deydi u. – Farzandlarim men erisha olmagan choʻqqilarni zabt etadi”.
Ikkalasi ham oʻqituvchi sifatida ishlab, ijara uyda turgan yosh oila farzandlarini til o’rganish kurslariga berish ko’proq xarajatlarni hamda ota-ona tomonidan muayyan saʼy-harakatlarni talab qilishini tushunib yetdi. Shu bois ular biron-bir biznes boshlash ustida oʻylay boshlashdi. Bu – ishbilarmonlik dunyosiga tashlangan ilk qadam edi. “Biz kichkinagina kanselyariya doʻkonini ochib, savdo sektoriga kirib borishga urinib koʻrdik, - deydi Zarifaxon. - Koʻp oʻtmay doʻkon yuritish katta saʼy-harakatlarni talab qilishini anglab yetdik. Ammo bu ham katta bir tajriba boʻldi. Men har kim omadsizlikka uchrashi mumkinligi, biroq qayta oyoqqa turishda katta hikmat borligini tushundim”.
Shaxsiy va professional hayotni davom ettirar ekan, Zarifaxon Xalqaro fanlar akademiyasi doktorligi va professorligiga erishdi, xalq taʼlimi sohasidagi eng oliy eʼtirof, pedagogika fanlari doktorligi va oʻn bitta xalqaro darajadagi sertifikatni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. Milliy va xalqaro miqyosdagi faoliyati orqali qahramonimiz xalqaro rivojlanish sohasidagi tadbirlarda ishtirok etib keldi. Jumladan, u hukumatning rivojlanish sohasidagi maqsadlariga bagʻishlangan turfa xil treninglarda ishtirok etdi. Ana shunday treninglardan biri Sovutish va havoni konditsionerlash tarmogʻida gender masalalarining ahamiyatini yuksaltirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan xotin-qizlar uchun moʻljallangan startap tanlovi boʻldi. Trening Davlat ekologiya qoʻmitasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik fondning qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.
“Toʻgʻrisi, ilk marotaba muzlatgich, havo konditsioneri va freonlar toʻgʻrisida eshitganimda, bu yoʻnalish menga zerikarlidek tuyuldi va loyihani tark etishimga bir baxya qoldi, - deb eslaydi Zarifaxon. – Ammo menga qizim hamroh boʻlib, bu treninglar “yashil” texnologiyalarga aloqador ekani va xotin-qizlarning startap loyihalari doirasidagi biznes-rejalar uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanini tushuntirib berdi. Shundan soʻng qiziqishim ortib, rahbarlar va biznes reja tuzuvchilar uchun moʻljallangan mashgʻulotlarda katta ishtiyoq bilan ishtirok etdim”.
Bu Zarifaxonga oʻz tadbirkorlik malakalarini sinab koʻrish uchun berilgan ikkinchi imkoniyat edi. Trening davomida u oʻzining ishbilarmonlik tajribasi, tadbirkorlik va marketing uchun nimalar talab qilinishi toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi. “Nega mazkur texnik sohada ham oʻz bilimimni sinab koʻrishim mumkin emas?” deya oʻziga-oʻzi savol berib, u biznes-rejani ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etdi.
Tanlangan yoʻldan borib, qahramonimiz ishbilarmon ayol boʻlish ishtiyoqi bilan yona boshladi va oʻz oldiga tanlovda gʻolib chiqib, muzlatgich va havoni konditsionerlash sohasida xizmat koʻrsatadigan yangi kompaniyaga asos solish maqsadini qoʻydi. Keyingi orzusi amalga oshganidan u juda xursand edi. "Ular [tanlov tashkilotchilari] qo'ng'iroq qilib, g'oliblardan biri ekanimni aytishganda, men to'g'ri ish qilganimga ishonchim komil boʻldi".
Shunday boʻlsa-da tanlovda gʻolib chiqib, muzlatgich va havoni konditsionerlash asbob-uskunalarini qoʻlga kiritish uning startap biznesidagi ilk bosqich edi. Yangi kompaniyani tuzish jarayoniga chuqurroq shoʻngʻigani sayin u yangi-yangi muammolarga duch kela boshladi. “Ayol direktor sifatida, ayniqsa, boshlangʻich bosqichda katta qiyinchiliklarga duch keldim. Nima desangiz ham men – oʻqituvchiman va oʻqituvchidek gapiraman”- dedi u. Oʻzi bu sohada yangi boʻla turib, biznesni professional darajada yoʻlga qoʻyish qanchalik qiyin kechishini anglab yetdi. Jumladan, u joyni ijaraga olib, texnik xodimlarni yollashning oʻziyoq kutilgan darajada daromad olish imkonini bermasligini tushunib yetdi. Bundan tashqari, u oʻzi yollagan texnik xodimlar malakasi toʻgʻrisida ham unchalik yaxshi gaplar eshitmadi. “Asosiy muammo malakali texnik xodimlarni yollash bilan bogʻliq boʻldi, negaki agar xodimlaringiz tajribasiz boʻlib, mijozning ehtiyojlarini toʻliq qondira olmasa, bu obroʻ-eʼtiborga salbiy taʼsir koʻrsatadi”, - deydi Zarifaxon. Bir marta esa uning turmush oʻrtogʻi ham oʻz xavotirini izhor etdi: “Ayol boʻla turib erkaklar bilan ishlashga toʻgʻri kelsa, bu texnik sohadagi ishni nima qilasiz. Axir oʻqituvchi, professor, tadqiqotchi boʻlsangiz”.
Shunga qaramay Zarifaxon tinmay mehnat qilishdan toʻxtamadi. U Fargʻonadagi muzlatgich va havoni konditsionerlash sohasida faoliyat yuritadigan kompaniyalar bilan hamkorlik oʻrnatgach, yangi texnik xodimlarni ishga yolladi, Toshkentdagi master-klass mashgʻulotlarida ishtirok etdi. “Bir erkak qilgan ishni boshqa erkak ham qila olsa, demak bu ishni ayol ham qila oladi”, - derdi u. Taʼmirlash ustaxonasi uchun yaxshi joy topgach, hamkasblari bilan uchrashuvlar paytida ularga muzlatgich va havoni konditsionerlash kompaniyasini ochgani va nosoz muzlatgich hamda konditsionerlarini taʼmirlab berishi mumkinligini ayta boshladi.
U oʻz muvaffaqiyati tomon sekin, ammo sobitqadamlik bilan harakat qila boshladi. Hozirgi kunda mahallada uning ustalari faqat maqtov eshitmoqda. “Odamlardan rahmat eshitish mamnuniyat bagʻishlasa, ustaxona orqali besh nafar xodim roʻzgʻor tebratayotganini koʻrish esa baxtning oʻzginasi, - deydi Zarifaxon. – Men sanogʻini yuritmayman, ammo bir kunda oʻrtacha besh-olti nafar mijozim boʻlsa, bir oyda yigirma ish kuni borligini inobatga olsak, aholiga yuzdan ziyod marta xizmat koʻrsatgan boʻlamiz”.
Zarifaxonning qizi – Shahzodaxon Mamatqulova ham treninglardan keyin onasining yoniga kirgan. Zarifaxonning barcha saʼy-harakatlari va qarorlari qizida biznes sohasiga boʻlgan qiziqishni kuchaytirdi. Shu bois u onasiga ustaxonani boshqarishda yordam beradi. Bu orqali bir paytlar erkaklar ustun boʻlgan soha ayol tadbirkorlar tomonidan egallanib, gender tengligini oshirish imkonini bermoqda.
Ha, aytgancha, Zarifaxon turmush oʻrtogʻining savoliga bunday deb javob bergandi: “Dadasi, agar omadimiz chopsa, yaqinda ishdan boʻshaymiz va qarilikda pensiya toʻgʻrisida qaygʻurmasak ham boʻladi. Biz bu ustaxonani birgalikda boshqaramiz va shu biznesdan kun koʻramiz, shu bilan band boʻlamiz”. Zarifaxonning turmush oʻrtogʻi javobdan koʻngli toʻlib, hozirgi kunda bu “yashil” oilaviy biznesga aylandi.