Muallif: Shaxnoza Zafari
Chorshanbe - orzular o‘ngidan keladigan maskan: Orzularni axborot texnologiyalari orqali ro‘yobga chiqarish
9-February, 2024
Yaqinda O‘zbekistonning janubida, Shahrisabz yaqinida joylashgan Chorshanbe shaharchasida Saidmahmud va Jahongir ismli ikki zukko yigit texnologik taraqqiyotni boshlab yuborish ilinjida o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishdi. IT sohasidagi bilimlari va raqamli ko‘nikmalarni tarqatishga bo‘lgan umumiy ishtiyoq atrofida birlashgan yigitlar, o‘z jamoalarida yosh onglarning hayotini o‘zgartirish sari safarga otlanishdi.
O‘zbekistonning texnologik taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shish orzusida bo‘lgan Saidmahmud va Jahongir BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan IT-markazini boshqarish uchun tanlandilar. Bu tuzilma o‘qitish, innovatsiyalar va imkoniyatlarni kengaytirish uchun markaz o‘laroq xizmat qilishi kutilmoqda. Yigitlar boshlab yuborishgan tashabbuslari nafaqat o‘zlarining hayotlarini o‘zgartirib yuborishini, balki butun Chorshanbe yoshlari uchun umid chirog‘iga aylanishini hayollariga ham keltirishmagan.
IT-markazi o‘ziga jalb etgan yorqin, qobiliyatli talabalar orasida kompyuter injiniringi va sun’iy intellekt sohalariga ishtiyoqi baland, 18 yoshli Marjona ham bor edi. O‘z orzusini ro‘yobga chiqarish, hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish ilinjida Marjona markazga kirib, yutuqlar sari intilayotgan hamfikrlar jamoasini topdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) IT-markazning ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish salohiyatini e’tirof etib, Saidmahmud va Jahongirning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatladi. BMTTD ko‘magida markaz rivojlanib, o‘z kelajaklarini shakllantiradigan raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lishga intilayotgan 120 dan ortiq talabani o‘z kurslariga qabul qildi.
Talabalarning dastlabki guruhi dasturlash, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va grafik dizayn olamiga kirib borishi bilan sinf xonalari ko‘tarinkilik va hayajon ufuri bilan to‘ldi. Saidmahmud va Jahongir Chorshanbelik yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga intilishlari bilan talabalarning eng so‘nggi texnologiyalar, malakali ustozlar va qulay o‘quv muhitidan foydalanishlari uchun tinimsiz mehnat qilishdi. Muvaffaqiyatli IT mutaxassisi uchun zarur bo‘lgan bilimlarining aksariyati ingliz tilida chop etilishini bilgan tashabbuskor yigitlar, talabalar orasida katta obro‘ qozongan “IT uchun ingliz tili” kursini ishlab chiqdilar.
IT-markazda olgan bilim va yo‘l-yo‘riqlardan ilhomlangan Marjona, O‘zbekistonni jahon miqyosida texnologik jihatdan eng ilg‘or davlatlar qatoridan o‘rin olishiga hissa qo‘shishini tasavvur qiladi. Marjonaning orzulari Chorshanbening yangilik va taraqqiyot makoniga aylanishi imkoniyatlarini his etayotgan ustozlari - Saidmahmud va Jahongirning orzu-umidlariga hamohangdir.
Markazning rasmiy ochilish marosimi yangi yil arafasida bo‘lib o‘tdi. Marjona kabi talabalarning orzulari birgina Chorshanbe hududlari bilan cheklanmagan, balki undan ancha nariga tarqaladi. BMTTD tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbus nafaqat bilim olish uchun maydon yaratdi, balki bu yosh onglar qalbiga intilish ishtiyoqi, umid va taraqqiyot urug‘ini sepdi.
Chorshanbe shaharchasini yuksaltirishga va O‘zbekistonning texnologik landshaftiga hissa qo‘shishga yordam beradigan safarlarini boshlab yuborgan Saidmahmud, Jahongir, Marjona va boshqa barcha IT-markazi talabalariga omad tilab qolamiz. Umid qilamizki, yangi yilda ushbu markazda olingan raqamli ko‘nikmalar ularni muvaffaqiyatga, o‘zlarini o‘zi ro‘yobga chiqarishlariga va orzulari ushalishiga olib keladi.
***
Ushbu tadbir BMTTD va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligining yoshlar o‘rtasida raqamli iqtisodiyot va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.