Qoraqalpog’istonlik Gulnara Joldasbayeva chet tili va dasturlashdan dars bermoqda

Qoraqalpog'istondagi yoshlar BMT qo'shma dasturi tomonidan tashkil etilgan yosh tadbirkorlar uchun raqamlashtirish loyihalarida ishtirok etib, o'z iste'dodlarini qanday namoyon etmoqda

14-March, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Gulnara Joldasbayeva, Ajiniyoz nomidagi Nukus Davlat Pedagogika instituti, Chet tillar fakulteti talabasi. Shuningdek, u "Jurttin qizi" jamoasi va "Qiriq qizi"qizlar jamoasining mentori hisoblanadi.

Barchamizga ma'lumki, COVID-19 pandemiyasi turli platformalardan kengroq foydalanishda katta rol o'ynadi va bu bizga o'qish va masofaviy ishlash uchun turli funksiyalarni bajarishga imkon berdi. "Mamlakatimiz aholisi uchun yagona ta'lim platformasini yaratish g'oyasi karantin davrida paydo bo'lgan. Aholimizning aksariyati chet tillarini bilmaydi: ingliz va rus tillarini. Nima uchun mintaqamiz ehtiyojlariga moslashtirilgan yagona ta'lim platformasi yo'qligi haqida o’ylar edim" deydi Gulnara.  

Gulnara foydali ko'nikmalarni aholiga o'rgatish uchun qoraqalpoq va o'zbek tillarida ta'limga oid ma'lumotlar taqdim etiladigan platforma kerakligini tushundi va "O'qituvchilar, shifokorlar va tadbirkorlar kabi turli kasb egalari uchun o'z ona tillarida intensiv til va dasturlash kurslarini taqdim etuvchi  “Bilim” loyihasini yaratish g'oyasi shunday paydo bo'ldi", deydi Gulnara.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Gulnara “Ideathon”, “Hackathon” va “Inkubatsiya” kabi bir nechta tanlovlarda qatnashdi. Biroq, ularning hech birida u muvaffaqiyatga erisha olmadi. "Ha, men ko’p yutqazdim, lekin taslim bo'lmaslikka qaror qildim va loyihamni takomillashtirish ustida ishlash uchun qiziqishlarim va motivatsiyam faqat va faqat o'sdi. Inkubatsiya tanlovining so'nggi bosqichi men uchun yaxshi esda qolarli bo’ldi, chunki u yerda men BMTTDning startap tashabbusi haqida bilib oldim va loyiha doirasidagi mashg’ulotlarga qatnashishni boshladim. Uch oylik mashg'ulot davomida men o'zimning startap loyihamni boshlash uchun zarur bo'lgan asosiy ko'nikmalarni o'zlashtirdim", dedi u. Ushbu tashabbus BMTTD, UNFPA va FAOning "Orolboʻyi hududining yaxshi himoyalanmagan hamjamiyatlaridagi iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarni hal qilish uchun yoshlar va zaif aholining moslashuv salohiyatini mustahkamlash orqali ijodiy va innovatsion imkoniyatlarini rivojlantirish" qo'shma dasturi doirasida amalga oshirilgan. O'quv mashg’ulotlaridan so'ng u "Bilim" startap platformasini yaratish uchun tadbirkorlikka oid kerakli ko'nikmalarga ega bo'ldi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Tanlovda jami 16 ta jamoa ishtirok etgan bo’lib, 4 kishidan iborat Gulnaraning jamoasi "Bilim" ta'lim platformasi g’oyasi bilan tanlovida g'olib bo’ldi. Uning jamoasi quyidagi mutaxassislardan iborat: loyiha rahbari Gulnara Joldasbayeva, dasturchi Islombek Dauletyarov, rus tili o'qituvchisi Amir Abdirov va ingliz tili o'qituvchisi Vaisi Abdul – Aziz. "Bizning jamoamizda o'qitish va dasturlash bilan shug'ullanadigan mutaxassislar bor va shuni ta'kidlashim kerakki, hattoki bir mutaxassisimiz Islombek Dauletyarov o'zining boshqa amaliy loyihasi - "Qasimda" - yagona ko'p funktsiyali axborot platformasini ham muvaffaqiyatli ishga tushirdi", dedi u.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Loyihadagi hamkasblari bilan birgalikda ular turli kasblar uchun mahalliy aholiga moslashtirilgan o'quv dasturini ishlab chiqishni boshladilar. Ish jarayonida Gulnara chet tillarini o'qitish usullarini yanada chuqurroq o'rganganini, rus tili va adabiyoti kafedrasi talabasi sifatida o'qitish metodikasi bilan bog'liq muammolarni, aniqrog'i, hozirgi kundagi chet tillarini o’qitish metodikasi qanchalik zamon talablariga javob bermasligini aniqladi. Uning jamoasi tomonidan o'tkazilgan tahlil va maqsadli auditoriya o'rtasida o'tkazilgan so'rovnoma ham bu muammoni tasdiqladi va aynan ular yaratgan platforma ushbu muammoning yechimlaridan biri deb hisoblaydi Gulnara.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda
"Shubhasiz, startap loyihasidagi g'alaba mening rivojlanishimda muhim rol o'ynadi, bu kabi loyihalar mamlakat rivojiga o’z hissasini qo’shishga tayyor bo'lgan men kabi yoshlarga ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Loyihada g'alaba qozonganimdan so'ng, men mentor sifatida ko’pgina takliflarni qabul qila boshladim, bu takliflardan biri UpShift UNICEF va Technovation Girlsdan edi, u yerda men "Qırıq qız" qizlar jamoasini tuzdim. Bu men uchun mentor sifatida shakllanishimning ilk bosqichi bo’ldi", dedi u.

Hozirda Gulnara va uning jamoasi platforma ustida ishlashmoqda va turli kasblar uchun o'quv dasturlarini ishlab chiqishmoqda. Ilova hozir tasdiqlanish jarayonida va tez orada eng mashhur mobil ilovalari orqali yuklab olish imkoniyati mavjud bo’ladi.

 

Eslatma:

2022-yilning Yanvar-Mart oylarida O'zbekistondagi Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha ko'p sherikli trast fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTD, UNFPA va FAO qo’shma dasturi ko'magida Qoraqalpog'istondagi Yoshlar ishlari Agentligi bilan hamkorlikda hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Innovatsion rivojlanish Vazirligi hududiy boshqarmasi bilan yaqin hamkorlikda 18-30 yoshdagi yoshlar uchun tadbirkorlik asoslari va startap tashabbuslarini ishga tushirish bosqichlari bo'yicha o'quv kursi tashkil etilgan edi. Kursning 72 ishtirokchisi axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, ijtimoiy tashabbuslar, turizm, mintaqaviy iqlim o'zgarishlari kabi sohalarda innovatsion g'oyalar va startap-loyihalarni amalga oshirish asoslarini o'rganib chiqishgan.

Mualliflar: Gulnur Kaypnazarova va Iroda Muminova

O'zingizni sinab ko'ring – bu sizning potentsialingizni to'liq ro'yobga chiqarishga yordam beradi
Gulnara Joldasbayeva