Orolbo'yi suvli-botqoqli hududlarini saqlashga keng jamoachilikni jalb qilish
13-October, 2023
Suv-botqoq hududlari jahondagi biologik xilma-xillik va eng qimmatli ekotizimlardan biridir. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Amudaryoning quyi oqimi hamda Orol dengizi havzasida ham koʻllar, suv-botqoq hududlar va qirgʻoqboʻyi ekotizimlari saqlanib kelmoqda. Ushbu ekotizimlar koʻchmanchi qushlar uchun juda muhim ornitologik uchib oʻtish yoʻlida joylashganligi bilan alohida ahamiyatga ega boʻlib, bu yoʻnalishda istiqbolli loyihalarning amalga oshirilayotgani quvonarli hol.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamgʻarmasining “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni taʼminlashni qoʻllab-quvvatlaydigan asos sifatida koʻllar, suv-botqoq yerlar va qirgʻoqboʻyi hududlarni saqlash hamda boshqarish” qoʻshma loyihasi tabiatni asrashga qaratilgan mana shunday keng qamrovli loyiha hisoblanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni (METH), asosiy biologik xilma-xillik hududlari va asosiy ornitologik hududlar (AOH) atrofidagi mahsuldor landshaftlarni yer va suv resurslarini kompleks boshqarish bilan birgalikda tuproq degradatsiyasining oldini olish orqali Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasi hududida ekotizimlar barqarorligini va hayot faoliyatini oshirish loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Loyihaning maqsadli(pilot) hududlari Oʻzbekistonning janubiy va janubi-gʻarbida joylashgan Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasi hisoblanadigan Buxoro viloyatining Olot, Qorakoʻl tumanlarini ichiga oladi. Ushbu hududlarda tabiiy ekotizimlar - yaʼni suvli-botqoq hududlar, koʻllar Amudaryo havzasining qirgʻoqboʻyi maydonlari joylashgan hamda bu hududlarda degradatsiyaga eng koʻp uchragan yaylovlar va sugʻoriladigan maydonlar mavjud.
Loyiha faoliyati ushbu qurgʻoqchil landshaftdagi koʻllar, suvli-botqoq yerlar va qirgʻoq bioxilma-xilligining qisqarishi va yoʻqolishi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan yerlarning degradatsiyasi, suv tanqisligi va biologik xilma-xillikning yoʻqolishiga olib keluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan.
2023-2026-yillar davomida loyiha doirasida umumiy maydoni 3 million gektardan ortiq boʻlgan Janubiy Ustyurt, Orolboʻyi, Markaziy Qizilqum milliy tabiat bogʻlari, Sudoche-Akpetki, Borsakelmas buyurtmaxonalari singari beshta yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish kutilmoqda.
Loyiha maqsadlariga erishish uchun toʻrtta asosiy faoliyat yoʻnalishlari belgilandi:
- Tuproq degradatsiyasining oldini olish uchun suv resurslarini muvofiqlashtirilgan tarzda boshqarish;
- Maqsadli landshaftda yer resurslarini barqaror boshqarish;
- Orol dengizi havzasining global ahamiyatga ega bioxilma-xilligini saqlab qolish;
- Xalqaro hamkorlik va bilimlarni boshqarish.
Bu kabi maʼlumotlar joriy yilning 10-oktyabr kuni Buxoro viloyatining Olot, 11-oktyabr kuni Qorakoʻl tumanida davlat va nodavlat tashkilotlar, mahalliy hokimiyat hamda OAV vakillari ishtirokida oʻtkazilgan seminarda ishtirokchilarga taqdim etildi.
Seminarda loyihani amalga oshirish guruhi tomonidan loyihaning maqsadi va vazifalari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Orolboʻyi hududlarida tuproq tanazzulining oldini olish va tiklash, tabiiy landshaftlarni saqlab qolish, yer hamda suv resurslaridan samarali foydalanish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish asosida ekotizim barqarorligiga erishishda ushbu loyihaning tutgan oʻrni aniq misollar yodamida koʻrsatib berildi va galdagi vazifalar belgilab olindi.