O‘zbekiston sug‘urta sohasini rivojlantirish bo‘yicha BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) ko‘magida xalqaro tajribaga ega bo‘ldi
5-August, 2024
O‘zbekiston sug‘urta va risklarni moliyalashtirishni rivojlantirish orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlash borasida tajriba almashish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining ko‘magi bilan mintaqaviy seminarda ishtirok etdi. Ushbu seminarda milliy sug‘urta bozorining regulyatori, O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) O‘zbekiston vakillari sifatida ishtirok etishdi.
Inqirozlar, xavf-xatar va favqulodda hodisalar yuz bergan paytda jamiyat va mamlakatlarning ularga bo‘lgan bardoshligi hali ham zaif bo‘lib qolmoqda. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflar dunyo bo‘ylab mamlakatlarning, ayniqsa, uning salbiy ta’sirlariga moslashishi qiyin bo‘lgan hududlarning rivojlanishi uchun katta ta’sir ko‘rsatadi. Sug‘urta va risklarni moliyalashtirish moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va ijtimoiy-iqtisodiy, sog‘liqni saqlash va tabiiy ofatlar xavflariga nisbatan zaiflikni kamaytiribgina qolmay, millionlab insonlarning hayoti, aktivlari, turmushlari uchun xavfsizlik qalqoni rolini ham bajaradi.
Tajriba almashuv seminari joriy yilning 18–19-iyul kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida O‘zbekiston, Indoneziya, Misr, Pokiston, Vyetnam, Hindiston, Iordaniya, Nepal, Bangladesh, Jazoir kabi turli mamlakatlarning hukumat va sug‘urta bozorini regulyatorlari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
“Seminar davomida biz turli mamlakatlarning sug‘urta bozorini rivojlantirish tajribasini o‘rganish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldik. Ta’kidlash joizki, ko‘plab mamlakatlar sug‘urta bozorini rivojlantirishda bir xil qiyinchiliklarga duch kelmoqda va bu muammolarni hal qilishda hamkorlik qilish bu borasida katta natija beradi, albatta”,- deydi seminarda ishtirok etgan Bobur Halmirzayev, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.
Seminarning asosiy maqsadi ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida sug‘urta bozorini rivojlantirish va risklarni moliyalashtirish jarayonlarini joriy etish bo‘yicha eng yaxshi tajribalar va yondashuvlar bilan tanishish imkoniyatini yaratish, turli mamlakatlarning bu borasidagi umumiy to‘siqlar va imkoniyatlarini aniqlash, qo‘shma tashabbuslar va hamkorlikni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi. Xususan, ishtirokchilar quyidagi sohalarda tajriba, bilim va fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar:
- Moliyaviy barqarorlikning barqaror rivojlanish dasturlarini mustahkamlash va ilgari surishga bo‘lgan ta’sirini o‘rganish;
- Sug‘urta va risklarni moliyalashtirish sohasida huquqiy bazadan foydalanish, shuningdek, risklarni monitoring qilish bo‘yicha tajriba almashish;
- Ishtirokchi mamlakatlarning asosiy tajribasi bilan keyingi rivojlanish rejalarini mintaqaviy va global miqyosda rag‘batlantirish;
- Turli mamlakatlarda moliyaviy barqarorlik g’oyasini ilgari surish uchun mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni oshirish.
“Seminarda ishtirok etish biz uchun sug‘urta bozorini rivojlantirish bo‘yicha tajribamizni ishtirokchi mamlakatlar bilan o‘rtoqlashish, shuningdek, boshqa mamlakatlarning tajribasini o‘rganish imkonini berdi. Har bir mamlakat ma’lum sohalarda yutuqlarga erishganini va o‘z tajribasini o‘rtoqlashishga tayyor ekanligini qo‘shimcha qilish muhimdir. Seminarda ishtirok etish tufayli biz ko‘p foydali bilimlarga ega bo‘ldik va milliy sug‘urta bozorini yanada rivojlantirishda samarali hamkorlik qilishni rejalashtirayotgan yangi hamkorlarni ham topdik”,deb ta’kidladi Umid Nurmatov, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Sug‘urta bozori tartibga solish bo‘limi boshlig‘i.
Seminarda ishtirok etish bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyaning Favqulodda vaziyatlar bo’yicha Milliy agentligi ofisiga tashrif buyurib, Indoneziyaning favqulodda vaziyatlar xavfini aniqlash, monitoring qilish va prognozlash bo‘yicha tajribasini o‘rgandi. Bu tajriba keyinchalik O‘zbekistonda ham qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, Indoneziyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) va BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) vakillari Indoneziya moliyaviy xizmatlar bozori regulyatori bilan uchrashib, kapital bozori va moliyaviy xizmatlarni tartibga solish jarayonida Indoneziya tajribasini o‘rganish imkoniga ega bo‘ldilar.
Jakartada bo‘lib o‘tgan tajriba almashish bo‘yicha mintaqaviy seminarda ishtirok etish Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan BMT Taraqqiyot Dasturining global loyihasi “Sug‘urta va risklarni moliyalashtirish mexanizmi” doirasida qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston sug‘urta bozorini rivojlantirishda, jumladan, sug‘urta siyosatini mamlakatning iqtisodiy rivojlanish dasturiga integratsiya qilish, inklyuziv sug‘urtani rivojlantirish, suveren xavflarni moliyalashtirish, tabiiy ofatlardan kelib chiqadigan xavflarni moliyalashtirish, sug‘urta sanoatiga qo‘shimcha sarmoyalar jalb qilish va boshqa sohalarda ishtirok etuvchi mamlakatlarga yordam ko‘rsatishdan iboratdir.