BMTTD O‘zbekistonda oilaviy va gender zo‘ravonligi jabrlanuvchilari bo‘lgan ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirish maqsadida bir qator treninglarni o‘tkazmoqda

22-October, 2024
a group of people in a room
Foto: Regina Azizova, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

TOSHKENT, O‘zbekiston – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekistonda oilaviy va gender zo‘ravonlik bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator trening seminarlarni o‘tkazmoqda. Oilaviy va gender zo‘ravonligi jabrlanuvchilari bo‘lgan ayollar va bolalar bilan samarali hamkorlik  va muloqot qilishga qaratilgan treninglar 2024-yilning 21-26-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu tashabbus Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan BMTTDning “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda gender zo‘ravonligining keng tarqalganligi tezkor chora tadbirlar ko‘rishni taqozo etadi. Birgina 2023 yilda ayollarga 21 871 ta himoya orderi berilgan bo‘lib, jinoyatchilarning 85 foizi oila a’zolari bo‘lgan. Zararli me’yorlar va stereotiplar, ayniqsa, qishloq joylarida zo‘ravonlikning davom etishiga sezilarli hissa qo‘shadi. Ushbu muammolarni hal qilish ayollar va bolalar uchun xavfsiz muhitni yaratishda muhim ahamiyatga ega.  

O‘zbekiston hukumati tomonidan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga yaqinda kiritilgan o‘zgartishlar hamda 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ning qabul qilinishi zo‘ravonlik qurbonlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga bo‘lgan e’tibordan dalolat beradi. Ushbu tashabbuslarga muvofiq BMTTD Ombudsman idorasi, fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari va Sudyalar oliy maktabi tinglovchilari uchun uch kunlik seminarlarni tashkil etmoqda. Xususan, birinchi seminar 21-23 oktyabr kunlari Ombudsman idorasi va nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida, ikkinchi seminar esa 24-26 oktyabr kunlari Sudyalar oliy maktabi ishtirokida bo‘lib o‘tadi. O‘quv dasturi quyidagi mavzularni o‘z ichiga oladi:

  • Jabrlanuvchilarni himoya qilish

  • Ayollar va bolalarga nisbatan bo‘lgan jinoyatlarni tasniflash

  • Jabrlanuvchilarga keys-menejment usuli yordamida xizmat ko‘rsatish

  • Jabrlanuvchilar bilan samarali muloqot qilish ko‘nikmalari

  • Jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatishda o‘lim xavfini aniqlash.

a group of people sitting at a desk in front of a store
Foto: Regina Azizova, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

O‘quv modullari gender zo‘ravonligidan jabrlangan shaxslarga har tomonlama yordam ko‘rsatishda katta tajribaga ega bo‘lgan Marta markazining latviyalik mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu treninglar quyidagi maqsadlarni erishishga qaratilgan:

  • Ombudsman institutining jamiyat manfaatlarini ifodalash va inson huquqlari buzilishlarini bartaraf etishdagi salohiyatini oshirish. Xususan, xotin-qizlarga nisbatan bo‘lgan jinoyatlarni aniqlash va bunday shikoyatlar bilan samarali ishlash.

  • Sudyalarning gender zo‘ravonligi masalalariga nisbatan sezgirligini oshirish, ular jabrlanuvchilarning ehtiyojlarini qondirish va huquqbuzarlarni samarali javobgarlikka tortish uchun zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishini ta’minlash. Sudyalar qonunlar ijrosini ta’minlashda, himoya orderlarini berish, aliment undirish va sudgacha qamoqqa olish bo‘yicha qaror qabul qilishda asosiy rolni o‘ynaydi.

  • Nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning advokatlarining ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikdan omon qolganlarga birinchi darajali xizmatlar ko‘rsatishda samaradorligini oshirish (VAWG).

Ushbu treninglar Ombudsman idorasi va sudyalarni zarur ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish orqali GBV ishlari bo‘yicha sudning yanada sezgir va samarali javob berishiga yordam beradi. Ular, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlariga omon qolganlarga sezgir xizmatlar ko‘rsatishda va javobgarlikni ta’minlash uchun sud jarayonlarini kuzatishda yordam beradi.

BMTTD ayollar va bolalar huquqlari himoya qilinadigan va qo‘llab-quvvatlanadigan jamiyatni yaratishga sodiq qoladi. Biz birgalikda oilaviy va gender zo‘ravonlikdan xoli kelajak sari harakat qilamiz.

a group of people sitting at a table
Foto: Regina Azizova, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi