O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda jurnalistlar, davlat sektori va NNT mutaxassislari malakasini oshirish va hamkorligini mustahkamlash
26-July, 2024
2024-yilning 23–25-iyul kunlari Oʻzbekistonning Toshkent viloyatida 40 dan ziyod ommaviy axborot vositalari mutaxassislari, jamoatchilik kengashi a’zolari hamda nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlaridan foydalanishda malaka oshirish maqsadida uch kunlik seminar-trening oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan, hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu trening ishtirokchilarga ochiq manbalar bilan ishlash, korrupsiya risklarini tahlil qilish, axloqiy me’yorlarga rioya qilish va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha koʻnikmalarini oshirish imkonini berdi. Amaliy seminarda davlat xaridlari boʻyicha hujjatlardagi korrupsiya holatlarini aniqlash, ma’lumotlarni tekshirish va faktcheking, hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish boʻyicha mashg‘ulotlar oʻtkazildi.
Uch kunlik treningning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati toʻg‘risida jamoatchilikni xabardor qilish boʻyicha tashqi aloqalar strategiyasi uchun samarali amaliyotlarni muhokama qilish va shakllantirishdan iborat boʻlib, bu halollik va shaffoflik madaniyatini shakllantirish, jamoatchilikni jalb qilish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni targ‘ib qilishda muhim rol oʻynaydi. Suhbatlar natijasida jamoatchilik muhokamasi uchun onlayn interaktiv forum yaratish, jurnalistlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish vositalari qoʻlanmasini tayyorlash, yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatiga jalb qilish va manbalar ochiqligini oshirish kabi bir qator tavsiyalar ilgari surildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari Umida Tuxtasheva birgalikda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash hamda fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashda faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.
“Oʻta yopiq ma’lumotlarni ochiqlanishi asosida kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish orqali nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari asosiy planga chiqadi. Oʻziga berilgan imkoniyatlardan foydalanib, ular xalq, jamiyat uchun foydali kontent yaratadi”,- dedi Umida Tuxtasheva.
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi Hamkorlik boʻlimi rahbari Vim Riepma zarur chora-tadbirlar koʻrilishini va qonunlarning barchaga birdek tatbiq etilishini ta’minlash uchun davlat xizmatchilarining xarid hujjatlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni ochiq oshkor etish muhimligini ta’kidladi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish - bu insonlar uchun kurashish, ya’ni, bu orqali Oʻzbekiston xalqi uchun adolatli jamiyat tomon kurashishdir”,dedi janob Riepma va Agentlik hamda BMT Taraqqiyot Dasturining barcha sohalarda korrupsiyaning oldini olish va fuqarolarga kundalik hayotida korrupsiyani rad etish huquqini berish boʻyicha sa’y-harakatlarini Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilganligini e’tirof etdi.
“Bu kabi treninglar korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusini yoritadigan jurnalistlar uchun zarur boʻlgan bir qator savollarga javob topishga yordam beradi: qaysi saytga kirib, u yerdagi ma’lumotni qaysi boʻlimdan olishimiz kerak? Biriktirilgan ma’lumotlarni qanday qoʻlga kiritishimiz va qay tartibda oshkor qilishimiz lozim?” - deydi Yulduzxon Olimova, “Mening Yurtim 5” telekanali jurnalisti. Shuningdek, u davlat idoralarining saytlarida joylashtiriladigan ochiq ma’lumotlarni monitoring qilishni oʻrganish uchun jurnalist, bloger va jamoatchilikda ma’lum bir koʻnikmalarni shakllantirish kerakligini ta’kidlab oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Shaxnoza Joldasovaning fikricha, birinchi marta turli soha vakillari korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida noformal shaklda bir davraga yigʻildi. “Haqiqiy doʻstona muhit yaratildi” deb, boshqa seminar-treninglarda uchratmagan interaktiv oʻyin va kuizlar ham boʻlib oʻtganini uqtirib oʻtdi.
Mazkur tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish va u haqda xabar berishda faol ish olib borayotgan barcha befarq boʻlmagan shaxslarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha birgalikdagi sa’y-harakatlarning muhim qadamidir. Ushbu treningda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha samarali surishtiruv vositalarini kuchaytirish va rivojlantirish uchun qimmatli gʻoyalar belgilandi. Ochiq ma’lumotlardan foydalanish, jamoatchilik nazorati va oshkoralikka alohida e’tibor qaratilgan ushbu tashabbus Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish boʻyicha tashqi aloqalar strategiyasini takomillashtirishga yо'naltirilgan.
Seminar-trening Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil qilindi. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan bu loyihaning asosiy yoʻnalishlari huquqiy va institutsional islohotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish va bu jarayonga fuqarolik jamiyatini jalb qilish orqali ijtimoiy mas’uliyatni oshirishdan iborat. Bu sa’y-harakatlar sezilarli natijalarga olib kelishi, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy mexanizmlarini mustahkamlashi, halollik va vijdonlilikni mintaqaviy va mahalliy darajada oshirishi, bu jarayonlarda fuqarolarning faol ishtiroki va xabardorligini oshirishi kutilmoqda.
Loyiha haqida batafsil ma’lumot olish uchun biz bilan bogʻlanishingiz mumkin:
Dilfuza Abulhasan, BMTTD loyiha rahbari, dilfuza.abulkhasan@undp.org
Fotima Turgʻunboeva, Jamoatchilik bilan aloqalar mutaxassisi, fotima.turgunboeva@undp.org