O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar guruhi xorijiy tajriba bilan tanishdi
9-June, 2022
2022-yil 21-22-iyun kunlari O’zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo’lishi bo’yicha Muzokaralar guruhining beshinchi majlisi arafasida BMTTD Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda O’zbekistonning JSTga aʼzo bo’lish jarayonida ishtirok etayotgan asosiy davlat organlari bilan Belarus tajribasini o’rganish bo’yicha besh kunlik tadbir tashkil etildi.
2022-yilning 31-mayidan 4-iyuniga qadar Toshkent shahrida xalqaro ekspert, Belarusning JSTga aʼzo bo’lish bo’yicha muzokaralar guruhining sobiq aʼzosi Olga Kazakevich xonim ishtirokida bir qator maslahat uchrashuvlari tashkil etildi. Besh qizg’in kun davomida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi, Davlat bojxona qo’mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo’mitasi, O’simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan tajriba almashish maqsadida o‘nta uchrashuv o‘tkazildi. Maslahat uchrashuvlarda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga jalb qilingan 100 dan ortiq davlat xizmatchilari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir doirasida Kazakevich xonim Muzokaralar guruhi faoliyatidagi vazirlik va idoralarning o’rni va vazifalari, davlat organlari o’rtasidagi muvofiqlashtirish ishlari, JST Kotibiyatida samarali muzokaralar olib borish yondashuvlari, shuningdek, JSTga a’zo bo’lish jarayoni doirasida JSTga a’zo mamlakatlar bilan ko’p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar, shu jumladan qishloq xo’jaligi mahsulotlariga tarif imtiyozlari va xizmatlar bo’yicha majburiyatlar bo’yicha muzokaralarga oid bir qancha savollarga javob berdi.
Savdo muzokaralaridagi tajribangizga asoslanib, mamlakatning JSTga a’zo bo’lishida idoralararo muvofiqlashtirish muhimligini qanday baholaysiz?
– JSTga a’zo bo’lish jarayoni iqtisodiyotning ko’plab asosiy tarmoqlariga va savdoni tartibga solishga ta’sir ko’rsatadigan keng ko’lamli masalalarni o’z ichiga oladi. Shunday qilib, muzokaralar jarayonida, eng muhimi, qonunchilikni JST qoidalariga muvofiqlashtirish bo’yicha islohotlarni amalga oshirishda aksariyat davlat organlari va nazorat qiluvchi organlarning ishtirokini ta’minlash nihoyatda muhim. Idoralararo samarali muvofiqlashtirish orqali o’zaro milliy manfaatlarni ilgari surish va qo’shilish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni hal etishda yanada yaxshi natijalarga erishish mumkin. Bundan tashqari, JSTga a’zo bo’lish doirasidagi ko’plab masalalar bo’yicha mas’uliyatning taqsimlanishi JSTga a’zo bo’lgandan keyin majburiyatlarni amalga oshirish bosqichida idoralararo hamkorlikni osonlashtiradi.
Maslahatlashuv uchrashuvlarida nimalarga e’tibor qaratdingiz?
– Biz har bir vazirlik va idoraga individual yondashuvdan foydalanishga harakat qildik, har bir davlat organi faoliyatining JST qoidalariga bo‘ysunadigan asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildik, bu esa JSTga to‘g‘ri kelmaydigan amaliyotlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berdi. Har bir bo'limda biz JSTning asosiy uchta tamoyili: eng qulay davlat rejimi, milliy rejim va shaffoflik mohiyatini ham oydinlashtirishga harakat qildik. Mazkur tamoyillarni qo‘llash JSTga a’zo har bir davlatning so‘zsiz majburiyati bo‘lganligi sababli, O‘zbekistonda savdoni tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarda ham bunday tamoyillar o‘z aksini topishi tavsiya etildi.
Siz JSTning shaffoflik tamoyilini aytib o’tdingiz. Ayting-chi, JSTning ushbu talabini bajarish uchun qanday harakatlar kerak?
- Qo’shilayotgan davlat uchun, birinchi navbatda, JST a’zolaridan so’ralgan ma’lumotlar, masalan, ingliz tiliga tarjima qilingan huquqiy hujjatlar, iqtisodiy faoliyat yuritish bilan bog’liq sud jarayonlari va hokazolarni taqdim etish nuqtai nazaridan shaffof bo’lishi kerak. Taqdim etilgan ma’lumotlar o’z navbatida JST a’zolari tomonidan ko’rib chiqiladi. Savdo qoidalari va amaliyoti JST tamoyillariga mos kelmasa, qo’shilayotgan mamlakatlar ularni bartaraf etish uchun tegishli choralar ko’rishga da’vat etiladi.
JST a’zolari ham tashkilot oldida shaffof bo’lishi kerak. Masalan, vaqti-vaqti bilan JSTning barcha a’zolari JSTning Savdo siyosatini ko’rib chiqish mexanizmiga muvofiq o’zlarining savdo siyosatlarini qayta ko’rib chiqishlari kerak. Ushbu talab aniq, barqaror va bashorat qilinadigan savdo maydonini yaratishni ta’minlaydi.
JSTga a’zo mamlakatlar bilan tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish bo’yicha ikki tomonlama muzokaralar JSTga a’zolikning ajralmas qismi hisoblanadi. Sizningcha, xizmat ko’rsatish bo’yicha muzokaralar qanday olib borilishi kerak?
– Darhaqiqat, xizmatlar savdosi JSTga kirish jarayonining ikki tomonlama yo’nalishlaridan biridir. Xizmat ko’rsatish sohasidagi majburiyatlar va ularni liberallashtirish iqtisodiy rivojlanish va to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqimining omili sifatida qaralmoqda. Mahsulotning yakuniy qiymatining 70% gacha bo’lgan qismini tarqatish, transport, moliya, ijara, xavfsizlik, professional/biznes va boshqalar kabi xizmatlar tashkil qiladi. Shunday qilib, ma’lum sharoitlarda ham ichki xizmatlar savdosi, ham mahsulot ishlab chiqarish rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan xorijiy tadbirkorlik sub’ektlarining xizmatlar bozoriga kirishini osonlashtirish imkoniyatlarini baholash muhimdir.
Qishloq xo’jaligining mamlakatimiz uchun muhimligini hisobga olsak, O’zbekiston JSTga a’zo bo’lganidan keyin qanday qo’llab-quvvatlash choralarini ko’rishi mumkin?
– Oziq-ovqat xavfsizligi, ushbu sohada band bo’lgan aholining ko’pligi va boshqa masalalarni hisobga olsak, qishloq xo’jaligini qo’llab-quvvatlash masalasi JST uchun juda dolzarb. Sakkiz yildan ortiq davom etgan Urugvay raund muzokaralarning davomida JST tashkil etilishidan oldingi asosiy masalalardan biri Qishloq xo’jaligi bo’yicha bitim tuzish edi. Ushbu shartnomaning o’ziga xos xususiyati qishloq xo’jaligini tashkilot a’zolari bilan kelishilgan shartlarda davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash imkoniyatidir.
Masalan, Toshkentga parvozim chog’ida Orol dengizi va O’zbekiston hududining katta qismini egallagan cho’l hududi manzarasi menda katta taassurot qoldirdi. Orol fojiasi, shubhasiz, iflos havo, qishloq xo’jaligi ekinlari yetishtirishdagi qiyinchiliklar tufayli o’sha hududda qishloq hayoti uchun noqulay sharoit yaratdi. Qayd etishni istardimki, JSTning Qishloq xo’jaligi bo’yicha kelishuvining “yashil” blokiga muvofiq ishlab chiqilgan atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy rivojlanish dasturlari Orol dengizining zarar ko’rgan mintaqasidagi qishloq hududlarini qo’llab-quvvatlashda keng qo’llanilishi mumkin.
Shuningdek, xalqaro ekspert tomonidan O’zbekiston JST Kotibiyatiga yuborgan hujjatlar bo’yicha (i) ko’tarilgan masalalarning faktik xulosasi, (ii) JSTga a’zo mamlakatlarning savol-javoblari, (iii) ichki qo’llab-quvvatlash va qishloq xo'jaligi sohasida eksport subsidiyalar, (iv) davlat savdosi bo'yicha so'rovnoma, (v) qonunchilik chora-tadbirlar rejasi, (vi) O’zbekistonda xizmatlar bozoriga kirish bo'yicha taklif kabi tavsiyalar berildi.
Belarusning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida erishgan sezilarli muvaffaqiyati va iqtisodiy siyosatining O‘zbekiston bilan o‘xshashligini inobatga olgan holda, ularning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha tajribasi, ayniqsa, O’zbekistonning JSTga a’zo bo’lishi bo’yicha Ishchi guruhning beshinchi yig’ilishi doirasida JSTga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama va ko’p tomonlama muzokaralar jarayonida foydali bo’lishi kutilmoqda.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha Ishchi guruhning soʻnggi yigʻilishini 2020-yil iyul oyida oʻtkazgan va soʻnggi ikki yil davomida mamlakatda bu jarayonni jadallashtirish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTTD ko‘magida zarur asosiy hujjatlarni tayyorlash va mamlakat qonunchiligini JST qoidalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
“O’zbekistonda savdoni rivojlantirishga ko’maklashish” loyihasi loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va O’zbekistonning JSTga a’zo bo’lish jarayonini qo’llab-quvvatlash, savdoni rivojlantirish, hamda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqaror oʻsish modellarini ragʻbatlantirish uchun bandlik yaratuvchi va “yashil” sektorlarda mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.