BMTTD tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam bermoqda
5-April, 2023
BMTTD Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda YuNKTAD/JST Xalqaro savdo markazi bilan hamkorlikda joriy yilning 27-31 mart kunlari savdoni tahlil qilish vositalaridan foydalanish va tashqi bozorlarni baholash boʼyicha besh kunlik trening tashkil etdi. Tadbirda eksportni ragʼbatlantirish masalalari bilan shugʼullanadigan vazirlik va idoralarning 25 nafardan ziyod xodimi, shuningdek, xususiy sektor va nodavlat birlashmalari ishtirok etdi.
Trening davlat organlari, xususiy kompaniyalar hamda nodavlat uyushmalari vakillarining eksport bilan bogʼliq salohiyati va malakasini oshirishga qaratilib, ularda muayyan mahsulot eksporti toʼgʼrisida miqdoriy maʼlumotlarni tayyorlash uchun onlayn maʼlumot bazalari va bozor tahlili vositalaridan foydalanish hamda mahsulotning eksport salohiyatini baholash koʼnikmalarini takomillashtirishni maqsad qildi.
Trening dasturiga YuNKTAD/JST Xalqaro savdo markazining (XSM) “Markaziy Osiyo savdo axborot portali”, “Trade Map” va “Market Access Map” zamonaviy vositalaridan foydalanish boʼyicha mashgʼulotlar kiritilib, ular savdo sohasidagi dolzarb maʼlumotlarni olish, eksport mahsulotlarining maqsadli bozori, raqobat darajasi, bozorga kirish shartlarini aniqlash, savdo shartnomalari va kelib chiqish qoidalari, shuningdek mahsulot sifati va uni qadoqlashga nisbatan qoʼyiladigan talablarni oʼrganish imkoniyatini beradi.