BMT Taraqqiyot Dasturi Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi ostida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida innovatsion tizimni rivojlantirishga qaratilgan ish-rejasini taqdim etdi
19-July, 2022
Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” loyihasining bir yillik ish rejasining muhokamasiga qaratilgan boshlang‘ich amaliy seminarini o‘tkazildi.
Tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillari, vazirliklar, qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi agroxizmatlar markazlari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning viloyatlardagi ilmiy-tajriba stansiyalari, mahalliy qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan oliy va professional ta'lim muassasalari hamda fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur loyihaning asosiy maqsadi, O‘zbekiston hukumatiga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi sohalarga yashil investisiyalarni jalb qilishga qaratilgan siyosatni hamda me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish va uni bosqichma-bosqich amalga oshirishda ko‘maklash bilan bir qatorda, qishloq xo‘jaligining iqlimga chidamli tirikchilik manbalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorida innovatsiyalar va vositachilik (UAKISga integratsiyalashgan) xizmatlari”ni tashkil etishdan iboratdir.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida 4 yil davomida, namunaviy hududlar etib belgilangan Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida qishloq xo‘jaligi sektorini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
O‘tkazilgan tadbirda, loyihaning xalqaro eksperti Devid Koxanning, O‘zbekistonga tashrifi davomida milliy va xorijiy hamkor tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, qishloq xo‘jaligiga ihtisoslashgan o‘quv muassasalari hamda Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi AKIS agroxizmatlar markazlarida uyushtirilgan uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar, qishloq xo‘jaligidagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlari aks etgan loyihaning 1 yillik ish rejasi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari loyihaning 1 yillik ish rejasini ijobiy baholab, chora-tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirish istagini bildirishdi.
Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida, BMTTDning Qishloq xo‘jaligi bilan hamkorlikdagi loyihasi qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi va barqarorligi bo‘yicha Yevropa innovatsion hamkorligi (EIP) tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish va iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Yevropa amaliyoti, bilim va texnologiyalarini amalda joriy etishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning asosiy chora-tadbirlari, O‘zbekistonda raqobatbardosh, mahalliy bozor va eksportga yo‘naltirilgan oziq-ovqat sektorini rivojlantirish, fermer xo‘jaliklari daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlashga qaratiladi.