BMTTD iqlimni hisobga olgan holda agrotexnik ishlarni rejalashtirishni joriy qilish sohasida meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari ko‘nikmalarini oshirmoqda

30-November, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

BMTTD tomonidan O‘zgidromet bilan hamkorlikda Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida sabzavotchilik va bog‘dorchilik mahsulotlarini himoya qilish va oziqlantirish dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Seminar meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari hamda Farg‘ona vodiysida fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi O‘zgidromet, O‘simliklar karantini va himoyasi agentiligi vakillarini bir joyda jamladi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Seminar davomida ishtirokchilar bog‘dorchilik va sabzavotchilik mahsulotlari bilan ishlashning zamonaviy usullari, zarur agrotexnik tadbirlar ob-havo sharoitlaridan kelib chiqqan holda ularni o‘tkazish jadvali, o‘simliklarni oziqlantirishni ta’minlash va zararkunandalardan himoya qilish usullari haqida bilib oldilar. Seminarning amaliy qismi doirasida ishtirokchilar meva-sabzavot mahsulotlarini oziqlantirish va ularni zararkunandalardan himoya qilish dasturlarini tuzish ko‘nikmalarini ishlab chiqdilar.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

“Bu seminarda biz zararkunandalarga qarshi kurashishning eng samarali usullari, ekinlarning xavfli kasalliklari va ularni profilaktika qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot olib, zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni har oyda o‘tkazish bo‘yicha bir yillik jadval tuzishni o‘rgandik. Biz – meva-sabzavot ishlab chiqaruvchilari uchun bu juda muhim maktabdir, chunki hozirda bozor talablari o‘ta yuqori. Fikrimcha, bugungi seminarga o‘xshash tadbirlar yanada sifatli mahsulotni ishlab chiqara olishimiz uchun katta ahamiyat kasb etadi”, - deya qayd etdi seminar ishtirokchilaridan biri, fermer xo‘jaligi rahbari Karimberdi G‘iyosov.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

“Ekspertlar bizga ko‘p foydali ma’lumotni berdilar. Endilikdagi vazifamiz – ushbu axborotni aholi, fermerlarga yetkazishdan iborat. Buning uchun bizda barcha savollarga javob olish mumkin bo‘lgan Telegram kanalimiz mavjud”, - deya o‘rtoqlashdi seminar ishtirokchisi, Namangan viloyatidagi Milliy agroxizmatlar markazi mutaxassisi Rasuljon Xolmirzayev.

Mazkur seminar BMTTD tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va fermerlarni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish yuzasidan o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli ishlarning bir qismi hisoblanadi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

*** 

“O'zbekistonning Farg'ona vodiysida meva-sabzavot yetishtiruvchilarning iqlim o'zgarishiga moslashuvini oshirish” loyihasi BMTTD va O‘zgidrometning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha agrometeorologik kuzatuvchilar va prognozlashtirish tizimlarini yaxshilash, iqlim o‘zgarishiga chidamli meva-sabzavot xo‘jaliklari uchun xizmatlarni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda rejalashtirish tizimini joriy etish orqali Farg‘ona vodiysidagi qishloq xo‘jaligi jamiyatlarinining ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan.