BMT Taraqqiyot Dasturining Markaziy Osiyoda shaharlarning barqarorligini oshirish bo‘yicha mintaqaviy tashabbusining ishga tushirilishi
12-December, 2024
Toshkent, 12-dekabr - Markaziy Osiyo zilzilalar, suv toshqinlari, qurg‘oqchiliklar, qor ko‘chkilari va yer ko‘chishlari kabi tabiiy ofatlar hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar oldida eng zaif hududlardan biri hisoblanadi. O‘tgan o‘n yil mobaynida bu ofatlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi va millionlab odamlarga zarar yetkazdi. Iqlim o‘zgarishi ekotizimlar, suv resurslari va ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazayotgan bir paytda, tabiiy ofatlar xavfini faol kamaytirish va iqlimga chidamlilik strategiyalariga bo‘lgan ehtiyoj hech qachon bu qadar dolzarb bo‘lmagan.
Bunga javoban, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi Yaponiya hukumati ko‘magida "Markaziy Osiyoda shaharlarning tabiiy ofatlar xavfi va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish" nomli muhim mintaqaviy loyihani yo‘lga qo‘ydi. O’zbekistonda ushbu loyiha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ushbu tashabbus, ayniqsa shahar hududlarida, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va innovatsion shahar rejalashtirish yondashuvlaridan foydalanish orqali iqlim o‘zgarishlariga bardoshlilikni oshirishga qaratilgan. Loyihaning 2024-2027-yillar uchun umumiy byudjeti 5 million dollardan ortiq.
Loyiha mintaqaviy hamkorlik va milliy harakatlar rejalaridan foydalangan holda Markaziy Osiyoda shaharlarning barqarorligini oshirish uchun mustahkam asos yaratishga qaratilgan. Ushbu maqsadli yondashuv shahar muhitini iqlim ta’sirida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga moslashtirish zaruriyatini hal qilish bilan bir vaqtda, barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan. Maqsadlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda shaharlarni rejalashtirish va tashqi ta’sirlarga bardoshlilikni oshirish strategiyalarida kompleks o‘zgarishlarga erishishga qaratilgan.
Loyihaning dastlabki yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri janob Aziz Abduhakimov ta’kidlaganidek:
“Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, asr oxiriga borib Markaziy Osiyoda o‘rtacha harorat 3–5°C darajaga oshishi mumkin. Bu qor qoplamini kamaytiradi, gidrologik jarayonlarni o‘zgartiradi va suv toshqinlari, chang bo‘ronlari va qurg‘oqchilik kabi ekstremal ob-havo hodisalari xavfini oshiradi, bu esa mintaqa ekotizimlari va iqtisodiyotiga yukni oshiradi. Yuqorida tilga olingan muammolarni yengish uchun oldimizda uzoq yo‘l bor. Ammo shuni ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyoda mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash va sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan bunday loyihalar tabiat bilan uyg‘unlikda barqaror rivojlanishga erishish imkonini beradi”.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Hatori Takashi taraflarni hamkorlikka chaqirdi:
Yaponiya tabiiy ofatlar (zilzilalar, to‘fonlar va suv toshqinlari) bilan kurashish bo‘yicha boy tarixga ega bo‘lgan mamlakat bo‘lib, loyihaga ofat xavfini kamaytirish bo‘yicha ilg‘or bilim va texnologiyalarni olib keladi. Ushbu uchrashuv tegishli hamkorlarni tajriba almashish, muammolarni muhokama qilish, hamkorlikni mustahkamlash va yangi potentsial sohalarni aniqlash imkonini beradi.
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash choralarining dolzarbligini alohida ta’kidlab o‘tdi:
"Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyodagi atrof-muhit, ekologik muvozanat va ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarga jiddiy tahdid solmoqda. Mintaqada kuzatilayotgan jadal urbanizatsiya iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun shahar infratuzilmasi va rejalashtirish iqlim o‘zgarishiga bardoshlilik strategiyalarini o‘z ichiga olishini taqozo etadi. Ushbu loyiha yordamida biz bachamizning muammolarimizni hal qilish uchun yagona mintaqaviy yondashuvni ishlab chiqishga intilamiz."
Kontekst:
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning eng yirik shaharlarida shahar aholisi soni so‘nggi yigirma yil ichida o‘rtacha 48 foizga o‘sib, 538 kvadrat kilometr maydonni egallagan. Shaharlarning jadal kengayishi elektr energiyasi, suv, transport, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat ta’minoti kabi muhim infratuzilmalarga bosimni oshirdi va ularning iqlim ta’sirida yuzaga keladigan hodisalarga zaifligini kuchaytirdi.
Mintaqaviy hamkorlik:
Markaziy Osiyoning umumiy tarixi va o‘zaro bog‘liq ekotizimlari mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatiga urg‘u beradi. Ushbu tashabbus doirasida shaharlarni rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish, transport va energetika muammolarini hal qilish uchun mavjud muvofiqlashtirish platformalari ishga tushiriladi.
Yaponiya hukumatining ko‘magi va shaharlarni barqaror rivojlantirish yagona konsepsiyasi asosida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha Markaziy Osiyoning iqlim muammolariga qarshi kurashda muhim qadamni anglatadi.