BMTTD sug‘urta bozori ishtirokchilari mutaxassislarining malakasini oshirish o‘quv markazi ochilishini qo‘llab-quvvatladi
16-November, 2023
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Toshkent moliya instituti va O‘zbekiston sug‘urta bozori ishtirokchilari uyushmasi bilan hamkorlikda sug‘urta sohasida mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan o‘quv markazini ochish tashabbusi bilan chiqdi.
O‘quv markazining asosiy maqsadi sug‘urta bozori ishtirokchilarining malakasini oshirish, shuningdek, inson salohiyatini yanada yuksaltirish va O‘zbekiston sug‘urta bozorini har tomonlama rivojlantirish imkonini beruvchi “Trenerlar uchun trener” tamoyili bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. O‘quv markazi Toshkent moliya instituti binosida faoliyat yuritadi.
O‘quv markazining rasmiy ochilish marosimi 2023-yil 14-noyabr kuni BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari janob Anas Fayyad Karman, Toshkent moliya instituti rektori janob Teshabayev To‘lqin Zakirovich va O’zbekiston sug’urta bozori professional ishtirokchilari uyushmasi Kengashi raisi janob Xalilov Oybek Nasirovich ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, marosimda O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta kompaniyalari, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari vakillariishtirok etdi.
Bundan tashqari, ochilish marosimi doirasida BMTTD, Toshkent moliya instituti va O‘zbekiston sug‘urta bozori ishtirokchilari assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘quv markazi faoliyatini yanada rivojlantirish va sug‘urta bozori ishtirokchilarining bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Sug'urta kompaniyalari vakillari uchun dastlabki mashg‘ulotlar joriy yilning 17 va 18 noyabr kunlariga belgilangan.
Tadbir yakunida o‘quv markazi faoliyati, asosiy maqsad va vazifalari, kelgusida rivojlanish strategiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, tadbir ishtirokchilari malakali kadrlar yetishmasligi soha rivojidagi asosiy qiyinchiliklardan biri ekani va mazkur tashabbusning dolzarbligi haqida ta’kidlab, o‘quv markazi faoliyatini yanada rivojlantirishning ahamiyati va istiqbollari haqida so’z yuritdilar.
Oʻquv markazining ochilishi Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTDning “Oʻzbekistonda sugʻurta va risklarni moliyalashtirishni takomillashtirish” global loyihasi doirasida qoʻllab-quvvatlandi, uning asosiy maqsadi loyihada ishtirok etuvchi mamlakatlarda sug‘urta bozorini rivojlantirish, shu jumladan: sug‘urta siyosatini mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish dasturiga integratsiyalash, inklyuziv sug‘urtani rivojlantirish, suveren risklarni, tabiiy ofatlardan kelib chiqadigan xavflarni moliyalashtirish, sug‘urta sohasiga qo‘shimcha investitsiyalar kiritish va boshqalar.