Farg‘ona vodiysi aholisi tabiiy resurslar yetishmasligidan kelib chiqadigan nizolarni mediatsiya orqali hal qilish yo‘llarini o‘rgandi
5-October, 2023
Iqlim o'zgarishi tufayli tabiat resurslarning yetishmasligi tobora sezilarli bo'lib bormoqda. Natijada, ulardan foydalanish bo'yicha iste’molchilar o'rtasida nizolar kelib chiqadi. Ushbu kelishmovchiliklar hududlardagi mahalliy hokimliklar va tegishli soha mutaxassislari yordamida hal qilinadi.
Ushbu turdagi nizolarni hal qilishning yana bir samarali vositasi — mediatsiyadir. Bunda har ikki tomon uchinchi neytral tomon (mediator) ishtirokida o'zaro manfaatli qaror qabul qilganda nizoni hal qilishning muqobil usulidir. Biroq, mediator qaror qabul qilishga majburlamaydi, faqatgina tomonlarning o‘zaro manfaatli kelishuvga kelishlari uchun sharoit yaratadi.
Ushbu usul tabiat resurslardan foydalanish bilan bog'liq nizolarni hal qilishda ham faol qo'llaniladi. Bunday hollarda vositachilik nizolashayotgan barcha tomonlarning manfaatlarini himoya qilishga va o‘zaro birgalikda yashash yo‘lini topishga yordam beradi.
Mediatsiya O‘zbekiston uchun yangi usul esmas, ushbu hududda mahallalar vakillari uzoq vaqtdan beri tomonlarga nizoni hal qilishda yordam berib, buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib kelishgan. Zamonaviy O‘zbekiston Respublikasida mediatsiya instituti faoliyati 2018-yil 3-iyuldagi “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.
Mediatsiya va tegishli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj darajasini o‘rganish natijasida joriy yilning 27-28 sentabr kunlari Farg‘ona shahrida BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqarorlik” loyihasi doirasida mediatsiya asoslari bo‘yicha amaliy trening tashkil etildi.
Treningda loyiha doirasida tadqiqot olib borilayotgan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi mahallalari faollari – jami 49 nafar, ularning 50 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etdi.
Ushbu tadbirning maqsadi ishtirokchilarni mediatsiya instituti, tabiat resurslar yetishmasligidan kelib chiqadigan nizolarni hal qilishning ushbu usulining tamoyillari va imkoniyatlari bilan tanishtirish, shuningdek, keyinchalik professional mediator bo'lish imkoniyatiga ega bo'lgan mutaxassislarni aniqlashdan iborat. Ular keyinchalik Farg‘ona vodiysi hududlaridagi nizolarni hal etishga o'z hissasini qo’sha oladilar.
‘Mediatsiya nizolashayotgan tomonlarga o‘zaro manfaatli yechim topish imkonini beruvchi universal vositadir. Tabiat resurslar yetishmasligi tobora sezilib borayotgan bugungi kunda aholining nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi juda muhim. Mediatsiya esa bu maqsadga erishish uchun ideal sharoitlarni yaratadi’,
– dedi Ra'no Ismailova, professional mediator.
Trening interfaol formatda, o‘quv multimedia materiallari va o‘yinlardan foydalangan holda, ishtirokchilar bilan muloqotda o‘tkazildi. Xususan, ishtirokchilar hissiyotlari va ularga sabab bo’lgan haqiqiy ehtiyojlarni aniqlashning yangi texnikasi bilan tanishish imkoniga ega bo'ldilar. Tomonlarga ularning haqiqiy ehtiyojlarini aniqlashda yordam berish nizoni hal qilishning omillaridan biri bo'lishi mumkin.
‘Iqlim o‘zgarishi, tabiat resurslarning yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar birinchi o‘ringa chiqmoqda, ayniqsa, Farg‘ona vodiysida. Shu munosabat bilan ko'pincha odamlar o'rtasida nizolar paydo bo'ladi. Xalqimiz bunga tayyor bo'lishi kerak. Nizolar kelib chiqishining oldini olish va ularning maqbul yechimlarini topish maqsadida Farg‘ona shahrida mediatsiya bo‘yicha trening o‘tkazdik. Unda ishtirokchilar tabiat resurslar yetishmasligi bilan bog‘liq nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro tajriba, mediatsiyaning asosiy tamoyillari va shartlari, mediatsiya jarayonini tartibga soluvchi talab va hujjatlar bilan tanishdilar’,
– dedi Yuristlar malakasini oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i, professional mediator Sevara Maripova.
‘Olgan bilimlarimizni amaliy mashg‘ulotlar bilan joyida mustahkamlay olganimizni alohida ta’kidlamoqchiman. Shubhasiz, har birimiz olgan bilimlarimizni jamiyatimizda, xususan, nizolarni hal qilishda amalda qo‘llashimiz mumkin bo’ladi’,
– dedi trening ishtirokchisi Gavxar Mirzahamdamova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi.
Trening natijalariga ko‘ra, 30 nafar eng faol ishtirokchilar tanlab olindi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida malaka oshirish kursidan o‘tib, professional mediator bo‘ladilar.
Tadbir nafaqat bilim olish manbasiga, balki Farg‘ona vodiysining uchta viloyati mutaxassislari o‘rtasida faol ‘networking’, ya’ni oʻzaro foydali axborot almashuv, vositasiga aylandi.