FTA, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi Oʻzbekistonda yashil moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash uchun saʼy-harakatlarini birlashtirmoqda
8-May, 2024
Yevropa Ittifoqi, Fransiya taraqqiyot agentligini (FTA) va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekistonda yashil taraqqiyotni moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbus rejalashtirilmoqda. Ushbu koʻzda tutilgan loyiha hukumatga mamlakatning yashil ustuvor yoʻnalishlari va maqsadlariga erishish uchun potentsial moliyalashtirish manbalarini aniqlash, baholash va integratsiyalash boʻyicha kompleks yondashuvni ishlab chiqishga, yashil budjetlashtirish metodologiyasini toʻliq tatbiq etish orqali budjet jarayoniga yashil yondashuvlarni yanada integratsiyalashga, davlat moliyasini ratsionallashtirish va undan samaraliroq foydalanish, shuningdek, yangi innovatsion moliyaviy vositalarni sinovdan o‘tkazish va joriy etishga yordam berish maqsadida ishlab chiqilgan. Mazkur loyihani amalga oshirishda milliy hamkor sifatida O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirok etadi.
2024 yil 6 may kuni Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) Markaziy Osiyo bo’yicha vakolatxonasi rahbari janob Vinsent Kopin, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim va BMTTD-ning O'zbekistondagi doimiy vakili v.b. janob Anas Fayyad Qarman O'zbekiston hukumatini yashil ustuvorliklari va maqsadlariga erishishda qo'llab-quvvatlash uchun uch taraf o'rtasida hamkorlik qilish borasida yangi imkoniyatlarni ochib beradigan moliyalashtirish to'g'risidagi bitimni imzoladilar.
Ushbu bitim doirasida Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etilgan 600 000 yevro miqdoridagi grant FTA va BMTTD hamkorlikdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekistonda yashil rivojlanishni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma loyihasi doirasida O‘zbekiston hukumatiga texnik yordam ko’rsatish uchun ishlatiladi.
"Yashil ustuvorliklarni moliyalashtirishga integratsiya qilish va innovatsion vositalardan foydalanish orqali biz barqaror rivojlanishga yordam beradigan budjet jarayonini shakllantirishga yo'l ochmoqdamiz. Davlat mablag'larini innovatsion ravishda foydalanish haqiqiy ijobiy o'zgarishlarga olib kelishi va O'zbekistonning shijoatli yashil kun tartibini qo'llab-quvvatlashi mumkin",- deydi janob Anas Fayyad Qarman.
“Yashil iqtisodiyot siyosati ko'plab mamlakatlarda va O'zbekistonda ham ustuvor yo'nalishga aylanmoqda. Milliy budjet esa bu siyosatni amalga oshirishning asosiy vositasidir. Yevropa Ittifoqi, BMTTD va FTA Iqtisodiyot va Moliya vazirligiga yashil iqtisodiyot uchun budjetdan samarali foydalanish uchun hamrohlik qilish uchun kuchlarni birlashtiradi”,deb ta'kidladi janob Vinsent Kopin.
Yangi loyiha 2022-2023-yillarda FTA va BMTTD tomonidan muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirilgan “O‘zbekistonda BRM-ga asoslangan budjetlashtirish metodologiyasi va amaliyotini hamda yashil budjetlashtirishni amalga oshirish uchun milliy salohiyatni kuchaytirish” qo‘shma tashabbusi natijalari va yutuqlariga tayanadi. FTA va BMTTD oʻrtasidagi samarali hamkorlik doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ilgʻor xalqaro tajribalar asosida tegishli metodologiyalarni ishlab chiqish va rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, BRM va yashil budjetlashtirish sohasidagi milliy hamkorlarning institutsional va individual salohiyatni mustahkamlashda muhim yordam koʻrsatildi.
Hozirgi kunga qadar erishilgan asosiy natijalarni, jumladan, O'zbekistonda birinchi marta iqlim budjetini tuzish bo'yicha o'tkazilgan tadbirni va ushbu tadbir natijalarini "Fuqarolar uchun budjet"ning tegishli nashrlarida taqdim etilishini eslatib o’tish joiz. Bundan tashqari, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash masalalari mamlakatning siyosiy kun tartibiga qay darajada integratsiyalashgani, kuchli institutsional tuzilma bilan qoʻllab-quvvatlangani va davlat budjetida aks ettirilganligini tahlil qilish va aniqlash maqsadida Oʻzbekistonning iqlim boʻyicha davlat xarajatlari va institutsional tuzilmasining birinchi sharhi tayyorlandi. Bu natijalar O‘zbekiston uchun iqlim o‘zgarishi va yashil rivojlanish masalalari bo‘yicha hukumatning parlament va fuqarolik jamiyati bilan muloqoti va o’zaro aloqasini kuchaytirish uchun mustahkam asos bo‘ldi.
Yangi qo'shma tashabbus O'zbekistonning yashil kun tartibini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlash maqsadida Yevropa Ittifoqi, FTA va BMTTD o'rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga yordam berishi kutilmoqda.