Iqlim o‘zgarishiga moslashib, chorvachilikni rivojlantirish va uy sharoitida sut mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan innovatsion guruh tashkil etildi
14-September, 2023
Bugun Ohangaron shahrida chorvachilik sohasini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni maqsad qilgan Innovatsion guruhning ochilish marosimi o’tkazildi. Ushbu yangi tashabbus, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida moliyalashtirilib, amalga oshiriladi.
Tadbirda bir qator nufuzli mehmonlar, jumladan, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasining Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Vim Riepma, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi Anas Fayyad Qarman bilan birga, O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi va bir guruh mahalliy hamjamiyat vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida nutq so‘zlaganlar chorvachilik tarmog‘ining jahon oziq-ovqat tizimidagi muhim o‘rni, sut mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali, tomorqa xo’jaliklarida qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratilishi kambag‘allikni qisqartirish yo‘lidagi muhim manbai ekanini qayd etishdi. Shuningdek, so‘zga chiqqanlar chorvachilik sohasi oldida turgan muammolar, xususan, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga ham alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasining Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Vim Riepma innovatsion guruhlarga ehtiyoj borligini taʼkidlab, “Iqlim oʻzgarishining hozirgi chorvachilik sohasiga taʼsiri va global isishga chorvachilik sektorining qoʻshayotgan hissasi katta tashvish uygʻotadi. Bizga issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, tanqis suv resurslarini boshqarish, atrof-muhit va yer degradatsiyasini oldini olish va qaytarish, hayvonlar kasalliklarini nazorat qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va o’sib borayotgan mikroblarga qarshi qarshilik muammosini hal qilish uchun innovatsion yechimlar kerak. Bu chorva mollarini saqlashdan tortib chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, tashish va chakana sotishgacha bo‘lgan qiymat zanjiri bo‘ylab tijorat imkoniyatlarini keltirib chiqaradi va bugungi kunda guvohi bo‘layotganimizdek, ayollar innovatsion yechimlarni topish va amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun biz O‘zbekiston xalqiga aniq foyda keltiradigan EU-AGRIN loyihasini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanamiz”.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi Anas Qarman o’z nutqida shunday dedi - “BMT maʼlumotlariga koʻra, chorvachilik global oziq-ovqat tizimlarida va kambag‘allikka qarshi kurashda muhim rol o‘ynab, ayniqsa urbanizatsiya va daromadlarning oshish jarayonlari shiddatli tus olib, rivojlanayotgan mamlakatlardagi qariyb 1,3 milliard odamning tirikchilik manbaiga aylanmoqda. Chorvachilik global qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 40 foizini tashkil etadi, sut ishlab chiqarish esa qishloq aholisi uchun bandlik va daromadning muhim manbai hisoblanadi. Ammo shuni tan olish kerakki, chorvachilik sanoati atmosferaga chiqadigan issiqxona gazlari chiqindilariga o’z hissa qo‘shib kelmoqda, bu global antropogen chiqindilarning taxminan 14,5 foizini tashkil qiladi. Shunday qilib, chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish va iqlim o‘zgarishini yumshatish o‘rtasidagi muvozanatga erishish juda qiyin. Bu iqlim o‘zgarishining chorvachilikka ta’sirini yumshatish va moslatish bo‘yicha strategik chora-tadbirlarni olib borishni talab etadi. Shuni inobatga olib, innovatsion guruhlar iqlim o‘zgarishini yumshatish va yashil iqtisodiyotga o‘tishni rag‘batlantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni amalga oshirish uchun fermerlar va tomorqa xo‘jaliklari egalari bilan yaqindan hamkorlik qiladilar”.
Asosiy faoliyati chorvachilikni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan innovatsion guruhni O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi boshqaradi. Guruh tarkibi chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Zangiota agrotexnologiyalar texnikumi, Toshkent viloyat Agroxizmatlar markazi (AKIS)ning yetuk mutaxassislari hamda Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi mahalliy fermer va shaxsiy tomorqa xo’jaliklari rahbarlaridan tashkil topgan.
Ushbu innovatsion guruh fermer va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida zamonaviy va innovatsion sut qoramolchiligini tashkil etishda ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash, ilmiy asosda kompleks yondashuv orqali samaradorlikni oshirish, sohani iqlim o‘zgarishiga bo‘lgan salbiy ta’sirini kamaytirish va iqlim o‘zgarishini chorva mollariga bo‘lgan salbiy ta’sirini yumshatish, qishloq joylarida sanoat usulida sutni qayta ishlashda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. O‘z faoliyati davomida quyidagi innovatsiyalar joriy etiladi: “mini-mikser”ni ishlatish orqali mavjud ozuqalardan samarali foydalaniladi, yangi ozuqa navi sinaladi, qoramollarga iqlim o‘zgarishi ta‘sirini yumshatish uchun zamonaviy “sovutgichli-naves”lar o‘rnatiladi, kasallikni erta aniqlashda maxsus usul qo‘llaniladi, qoramol chiqindilaridan samarali foydalanilib, ekologiyaga salbiy ta’sirinikamaytirishga yo‘naltirilgan innovatsion kompostlar tayyorlanadi, shuningdek uy sharoitida zamonaviy uskuna va jihozlar yordamida sutni qayta ishlash tashkil etiladi.
EU-AGRIN loyihasi tomonidan taqdim etilgan laboratoriya va qishloq xo‘jaligi uskunalari, masalan, vertikal sutni sovutish tanklari, ultratovushli sut analizatorlari, moyjuvozlar, sut separatorlari, alyuminiy sut idishlari, pishloq qoliplari, vakumli qadoqlash mashinalari, sog‘ish mashinalaridan oldin va keyin yelin so‘rg‘ichlarini dezinfektsiyalash uchun mo‘ljallangan vannalar, ko‘chma sog‘ish apparatlari, sut chorvachiligi uchun mo‘ljallangan rezina matraslar, tokchali ishlab chiqarish stollari, sigirlarda mastitni aniqlash detektorlari, sanoat muzlatgichlari va boshqa zarur laboratoriya jihozlari Oxangaron tumanidagi Innovatsion guruh tomonidan sinchkovlik bilan tanlab olingan 5 ta shaxsiy tomorqa xo‘jaligiga muvaffaqiyatli o‘rnatildi.