2021 yil 6 may. BMTTD va Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligining “Markaziy Osiyoda iqlim xavfsizligi bo‘yicha siyosat choralari” mintaqaviy loyihasi doirasida vazirliklar va davlat tashkilotlari vakillari, fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek iqlim o‘zgarishi sohasidagi mutaxassislar ishtirokida “Gender jihatlarni hisobga olgan holda iqlim siyosati: O‘zbekistondagi holat va istiqbollar” mavzusida veb-seminar o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari gender va iqlim jihatidan maqbullashtirilgan qishloq xo‘jaligi, iqlim o‘zgarishining O‘zbekiston Respublikasining suv xo‘jaligida gender holatiga ta’siri, tadbirkorlikning gender xususiyatlari va qishloqlarda mehnat munosabatlarini takomillashtirishda gender tenglikning zamonaviy jihatlari, shuningdek, ob-havoning o‘zgarishi sharoitida suv iste’moli va meteorologik ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi bog‘liqlik kabi mavzularni muhokama qildilar.
“Toza ichimlik suvi, munosib uy-joy va atrof-muhit barqarorligi huquqisiz umuminsoniy huquqlarni ta’minlash mumkin emas. Xuddi shunday, bugungi kunda barcha muammolarni, masalan, iqlim o‘zgarishini hisobga olmasdan turib gender tengligiga erishib bo‘lmaydi. Ayollarning zaif pozitsiyasi hamda huquq va erkinliklarni ta’minlashdagi hal qilinmagan muammolar iqlim o‘zgarishining ayollarga ta’sirini yanada kuchaytirmoqda. Shuning uchun bugungi munozara iqlim o‘zgarishi nuqtai nazaridan ham, inson huquqlarini hurmat qilish va ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega”, - dedi BMT Taraqqiyot dasturining gender bo‘yicha mutaxassisi Muhabbat Turkmanova o‘zining kirish so‘zida.
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari bilan yanada kuchayayotgan qishloq joylardagi qashshoqlik, to‘yib ovqatlanmaslik, aholining tez o‘sishi va tabiiy resurslarga bosim kabi rivojlanish muammolarini yengishga intilayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlarini qishloq joylardagi gender tengsizligi alohida tashvishga solmoqda.
Natalya Agaltseva, O‘zgidrometning Loyihalarni tayyorlash va monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i -“Aslida, iqlim o‘zgarishi rivojlanayotgan mamlakatlardagi ayollarga ko‘proq ta’sir qiladi. Qarorlarni qabul qilishda ayollarning to‘liq hissasini ta’minlamasdan turib, iqlim o‘zgarishiga moslashish va jni yumshatishda haqiqiy barqarorlikni ta’minlashning imkoni yo‘q», - deya ta’kidladi.
Qishloq ayollari iqlim o‘zgarishi ta’siriga eng zaif ijtimoiy guruh bo‘lsa-da, ular iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mahalliy siyosatni amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydilar. Biroq ular ta’lim olish, munosib kasb egallash, moliyaviy va boshqa manbalardan foydalanish imtiyozlarining taqsimlanishida erkaklar va shahar ayollariga nisbatan tengsizlik oqibatlarini boshlaridan kechirmoqdalar.
Dilfuza Egamberdiyeva, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Leybnits qishloq xo‘jaligi landshaftini tadqiq qilish markazi (ZALF) mutaxassisi o‘zining taqdimotida ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligida va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha qarorlarni qabul qilishda ayollarning ishtiroki va yetakchiligini oshirish masalalarini ko‘rib chiqish zarur.
Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Doiraviy Konvensiyasi qarorlarida belgilangan gender jihatlarini joriy etish qoidalari va talablarini muhokama qilish, shuningdek iqlim o‘zgarishiga moslashishga yondashuvlarda gender jihatlarni kiritish vositalarini ko‘rib chiqish uchun o‘ziga xos maydon bo‘ldi.
Iqlim o‘zgarishi sohasidagi dolzarb siyosat masalalari va ularning O‘zbekistondagi gender jihatlari bilan aloqalari hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va gender tengligini oshirishga yordam beradigan istiqbolli amaliyotlar eng qizg‘in munozaralarni keltirib chiqargan mavzular bo‘ldi.