O‘zbekistonda deyarli nolga teng energiya sarflaydigan birinchi uy qurildi

23-November, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Toshkent viloyatidagi Nurafshon shahrining «Yoshlik» mahallasida O‘zbekistonda deyarli nolga teng energiya sarflaydigan birinchi ko‘rgazmali uy qurib bitkazildi. Ushbu uy BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi bilan birgalikda Global ekologik jamg‘arma (GEF)ning moliyaviy ko'magi bilan amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda energiya samarador qishloq uy-joy qurilishini rivojlantirish» qo‘shma loyihasi doirasida qurilgan.

Energiya sarfi deyarli nol bo‘lgan uy tashqi devorlar, pollar va tomlarning maksimal issiqlik izolatsiyasiga hissa qo'shadigan mavjud zamonaviy texnologiyalar va qurilish materiallaridan foydalangan holda qurilgan. Bu an'anaviy uylarga nisbatan energiya sarfini sezilarli darajada kamaytiradigan  issiqlikni yuqori himoyasini ta'minlaydi. Uyning joylashuvi qishda quyosh nuridan issiqlikni maksimal darajada olish va yozda issiqlikni minimallashtirish nuqtai nazaridan kelib chiqib loyihalashtirilgan.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Uyning tom qismida quyosh panellar mavjud bo'lib, ular uyning barcha ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli energiya ishlab chiqaradi. Quyosh panellari orqali olinib, sarflanmay turgan ortiqcha energiya manbaasi mahalliy elektr tarmog'iga sotiladi. Nolga yaqin energiya sarflaydigan uyda yil davomida ishlatiladigan energiyaning umumiy miqdori qayta tiklanadigan energiya tizimlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasi miqdoriga teng bo‘ladi. Bunday natijaga arxitektura, rejalashtirish va qurilishning ilg‘or yechimlari tufayli erishiladi:

  • binoning asosiy nuqtalarga nisbatan to‘g‘ri yo‘nalishi
  • bino qobig‘ining issiqlik himoyasini oshirish
  • deraza va eshiklarning mustahkamligini yaxshilash
  • soyali me’moriy elementlardan foydalanish

Bundan tashqari, tarmoqdan energiya sarfini minimallashtirish uchun quyidagi texnologiyalar qo‘llaniladi:

  • issiqlik nasoslari
  • elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun quyosh panellari
  • issiq suv uchun quyosh kollektorlari
  • yuqori samarali derazalar, shuningdek,
  • bino tuzilmalarining gidro va issiqlik izolatsiyasi

So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi standart energiya tejamaydigan uy yiliga o‘rtacha 320-390 kVt/m2 iste’mol qiladi. Deyarli nol energiya sarfi bo'lgan uyning taxminiy energiya sarfi esa yiliga 60 kVt/m2 ni tashkil etadi, chunki binoning yuqori energiya samaradorligi oddiy energiya tejamaydigan uydan 6 baravar kam.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

4 gektar maydonda qurilgan ikki qavatli uyning umumiy foydalanish maydoni 164,2 m2 bo'lib, 6 ta xona, oshxona, garaj va texnologik xonaga ega. Obyektning umumiy qiymati 150 ming AQSh dollarini tashkil etadi, shu jumladan «yashil» qurilmalarning narxi 36 ming dollarni tashkil qilgan.  Deyarli nolga teng energiya sarflaydigan birinchi uyni foydalanishga topshirish marosimida O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMT bosh kotibining yordamchisi Xaolian Shu, qurilish vazirining o‘rinbosari Shukurullo Jahongirov va O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi, energiya samaradorligi departamenti direktori Muzaffar Hakimov ishtirok etdi. 

«Ushbu loyiha O‘zbekistonning issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qo‘shgan hissasi nuqtai nazaridan energiya tejash bo‘yicha yuqori salohiyatga ega. Bu tajribaning keng qo‘llanilishi energiya sarfini oshirish sharoitida energiya tejashga yordam beradi, shuning uchun loyiha amalga oshirilganidan xursandma»", - deydi Xaolian Shu.

 

«O‘zbekiston iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslarni oqilona iste'mol qilishga o‘tish yo‘lida, 2019-2030 yillarda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi to‘g‘risida tegishli Qonunchilik bazasi tayyorlandi. Xususan, 2030 -yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushini faqat quyosh energiyasi hisobiga 8,8 foizga oshirishni maqsad qilganmiz», - dedi Muzaffar Hakimov.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

«Uyning barqarorligi, o‘ziga xosligi shundaki, u qishloq joylarida munosib va qulay yashash sharoitida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish orqali uglerod izini kamaytirishga yordam beradi. Hukumat bizga aynan shunday vazifalarni qo'ygandi. Shuning uchun O‘zbekiston qurilish vazirligi, BMTTD loyihasi bilan birgalikda qishloq joylarda uy - joylar qurishda energiya tejaydigan texnologiyalarni yanada joriy etish uchun mana shu na’muna bo’ladigan uyning energiya samaradorligini doimiy monitoring qilib bormoqdamiz», - dedi Shukurullo Jahongirov.

BMTTD/GEF va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligining «O‘zbekistonda energiya samarador qishloq uy-joy qurilishini rivojlantirish» qo‘shma loyihasi mamlakat aholisini atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan, yaxshilangan va qulay yashash sharoitlari bilan ta'minlash edi. Loyihaning muhim yutug‘i 24 turdagi energiya tejaydigan uylarning loyihalarini ishlab chiqish bo'lib, bu butun Respublika bo‘ylab energiya tejaydigan va kam uglerodli uy-joylarni ommaviy qurilishiga turtki bo'ldi. Bundan tashqari, loyiha ilgari 1358 ta energiya tejaydigan va kam uglerodli uylar va kvartiralarni qurishda moliyaviy va texnik yordam ko'rsatgan.