WorldSkills standartlari bo’yicha treninglar

5-February, 2021

Shu kunlarda WorldSkills standartlari bo'yicha yoshlarni o'qitish va ularning kasbiy mahoratini baholash uchun milliy ekspertlarni tayorlash dasturi onlayn tarzda ishga tushirildi. O’zbekistonda “WorldSkills Expert Community” ekspertlar hamjamiyatini tashkil qilishdan tashqari, bu tashabbus kasb-hunar ta'limi dasturlarning ishlab chiqilishi va yangilanishini ta'minlashda hamda “Ishga Marhamat” Monotsentri negizida WorldSkills standartlariga asoslangan Malakalarni Baholash Markazi (MBM) va Kasb-hunarga O'qitish Markazini (KO’M) yaratish orqali mahoratni mustaqil baholash tizimi yaratilishi nazarda tutilgan.

Trening mashg’ulotlar 14ta eng dolzarb yo’nalish bo’yicha joriy yilning 8 yanvar oyidan 15 fevraligacha Rossiya Federatsiyasi tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTD va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” qoʼshma loyihasi doirasida o’tkazilmoqda.

“Vazirlik 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti berilishini yo‘lga qo‘ysin va kasbiy malakasi tasdiqlangan bitiruvchilarning Yagona reyestrini shakllantirsin.

“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan bitiruvchilarga berilgan o‘qishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilib, egallagan bilimlarni mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini berishi belgilansin”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.08.2020 yildagi PQ-4804-sonli qaroridan

Bandlik sohasidagi vazifalarni hal qilish mehnat bozori, jumladan joylarda yaratilayotgan yirik korxonalar va klasterlar ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali ishchi kasblar mutaxassislarini tayorlashning samarali tizimini yaratish zaruratini taqozo qiladi.

Mehnat bozorining malakali kadrlarga boʼlgan ehtiyojini qondirish, kasbiy taʼlimni ishlab chiqarish amaliyoti bilan integratsiyalash, kasbiy bilim va koʼnikmalarni baholashning xalqaro tizimini joriy etish maqsadlarida, 2019 yilning may oyida Vazirlar Mahkamasining “Mehnat bozorida talab yuqori boʼlgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 394- sonli qarori qabul qilindi.

Ushu qarorda kasbiy malakalar, bilim hamda koʼnikmalarni rivojlantirish milliy tizimini joriy etishdan tashqari Oʼzbekistonda kasbiy bilim va malakalarni baholash tizimiga WorldSkills halqaro standartlarini joriy etish hamda WorldSkills standartlari boʼyicha ishchi kasblar milliy va mintaqaviy chempionatlarini oʼtkazish belgilangan.

Rossiyaning Yosh Mutaxassislari Ittifoqi (“WorldSkills Rossiya”)ning xalqaro hamkorlik ishlari bo’yicha Direktor o’rinbosari Aleksey Skornyakov ta'kidlaganidek: "O’zbekistonda WorldSkills harakatini shakllantirishda eng qiyin vazifalardan biri bu Mutaxassislar hamjamiyatini yaratish uchun zarur resurslarni jalb qilish, har bir mutaxassislik bo’yicha “motorni yig’ish va ishga tushirish”, yangi odamlarni jalb qilish, o’qitish va sertifikatlarni berishdir. Mutaxassislar hamjamiyati o'z kuchi bilan uyg’un ravishda rivojlanishi lozim. Umid qilamanki, O'zbekistonda ushbu maqsadga tez orada erishamiz”.


WorldSkills – bu xalqaro ijtimoiy harakatdir. Uning asosiy vazifasi butun dunyo bo’ylab odamlarning o'z-o’zini kasbiy anglashi uchun sharoit yaratishdir.

WorldSkills International - bu xalqaro notijorat Assotsiatsiya bo'lib, uning maqsadi butun dunyo bo'ylab kasb-hunar ta'limi maqomi va standartlarini oshirish, butun dunyo bo'ylab xalqaro musobaqalar orqali ishchi kasblarni ommalashtirishdir. Assotsiatsiya 1946 yilda tashkil etilgan bo'lib, unga 85 ta a'zo davlat kiradi. O'zbekiston Assotsiatsiyaga 2019 yilda qo'shilgan.

“WorldSkills Uzbekistan” ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish Assotsiatsiyasi O'zbekistondagi WorldSkills milliy operatoridir.

OAV vakillari uchun:

71 202 15 05 (206), Malika Kurbanova, O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Matbuot Xizmati vakili

93 397 75 99, Bexzod Umarov, “Oʼzbekistonda yoshlar bandligiga koʼmaklashish” loyihasining jamoatchilik bilan ishlash boʼyicha assistenti