Mualliflar: Rimma Muxtarova, Moxidil Ravshanova
Aygul hikoyasi: sut sotuvchidan fikr yetakchisigacha bo'lgan yo'l
1-April, 2024
Aygulning hayoti oson kechmadi. Maktabdan so'ng, oilada to’ng’ich farzand bo’lgan Aygul ota-onasiga yordam berish uchun o'qishni davom ettira olmadi va ishlashga majbur bo'ldi. U sut sotar va mavsumiy ishlarda ishlardi, ammo bu barqarorlik va yorqin kelajakka umid uyg’otmas edi.
Aygulning turmush o'rtog'i ham oliy ma'lumotga ega emas edi, bu uning doimiy ish topishiga to'sqinlik qilardi. Moliyaviy muammolar turmush osoyishtaligiga soya solardi.
Taqdirni o'zgartirgan uchrashuv
Bir kuni Aygul odatdagidek sut sotish bahonasida, Nukus tumani Davlat xizmatlari markaziga keldi. Bu yerda uni “Xotin qizlar maslahat guruhi” eksperti Zulfiya payqab qoldi.
2021-yil oktabr oyida O‘zbekistonning yettita tumanida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi tomonidan qishloq joylarida ayollar, yoshlar, bolalar, qariyalar va nogironligi bo’lgan shaxslar kabi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Xotin qizlar maslahat guruhlari (WAG) tashkil etildi.
Qo'rquvni yengish
Dastlab, mutaxassis Aygulga doimiy mijozlarni topishga yordam berib, uning kundalik ishini qisman osonlashtirdi (u sotish uchun 30 litr sut olib kelardi). Keyinchalik esa, Aygulga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasidagi malakasini oshirishni taklif qildi.
Aygul avvaliga bu taklifdan cho’chib ketdi, chunki kompyuterda ishlash tajribasi yo‘q edi. Ammo uning bilimga chanqoqligi va hayotini yaxshi tomonga o'zgartirish istagi qo'rquvidan kuchliroq bo'lib chiqdi.
Shundan keyin Aygulning hayoti o‘zgara boshladi. U har kuni DXMga kela boshladi. Doimiy mijozlarga sut sotishdan tashqari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali - my.gov.uz orqali xizmat ko'rsatishni astoydil o'rgana boshladi. Aygul bosqichma-bosqich yangi ko‘nikmalarni egallab, bir necha oylarda Xotin qizlar maslahat guruhining tajribali volontyoriga aylandi.
Bu Aygulning yangi hayot yo‘lining boshlanishi edi. Biroq u allaqachon o'zi bilan faxrlanishi mumkin: chunki u o'zining yorqin kelajagi sari birinchi qadamni qo'ygan edi.
Xotin qizlar maslahat guruhida (WAG)da volontyorlik
Xotin qizlar maslahat guruhining volontyori bo‘lish orqali Aygul taqdirini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U katta ishtiyoq bilan yangi ish bilan shug‘ullanib, keksalarga my.gov.uz portalida ro‘yxatdan o‘tish va onlayn xizmatlarni o‘zlashtirishda yordam berdi.
Volontyorlarni o’qitish
Erishgan natijalari bilan cheklanib qolmay, Aygulning o‘zi boshqa volontyorlarga davlat xizmatlarini onlayn tarzda foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatishni boshladi. Boshqalarga raqamli kelajak sari qadam tashlashga yordam berish maqsadida o‘z tajribasi va bilimi bilan o‘rtoqlashdi.
Shaxs rivojlanishi
Yangi bilim va ko'nikmalar Aygulning imkoniyatlarini kengaytiribgina qolmay, balki uning shaxsiyatini ham o'zgartirdi. O'ziga bo’lgan ichonchi oshdi, oilada uning fikri ahamiyatga ega bo'ldi. Turmush o’rtog’i bilan munosabatlar yaxshilandi, ko'zlarida kelajakka bo’lgan umid chaqnadi.
Yangi imkoniyatlar
Aygul shu bilan to‘xtab qolmadi. Qandolatchilik sexiga ishga joylashdi va hozirda o‘qishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Taslim bo'lmasa va harakat qilsa, barcha narsaning imkoni borligini u endi aniq biladi.
Aygulning hikoyasi bu o‘zining mehnatsevarligi va qat’iyati tufayli hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira olgan bir sodda ayolning o‘zgarishi haqidagi hikoyadir. U bilim olish va maqsadlarga erishish uchun harakat qilish uchun hech qachon kech emasligini ko'rsatib, boshqalarga o'rnak bo'la oldidi.
Aygulning hikoyasidan ilhomlaning va o'zingiz imkoniyatlaringizga ishoning!