BMTTD pandemiya sharoitida uy-joylarning energiya samaradorligini ta’minlaydi

14-May, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

Koronavirus pandemiyasi, ko‘plab sanoat korxonalari faoliyatining majburiy to‘xtatilishi va buning natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy pasayish O‘zbekistonda, jumladan, energiyadan oqilona foydalanmaslik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni yuzaga chiqardi. Energiya sarfini optimallashtirish borasida shoshilinch chora-tadbirlarni qabul qilish, ko‘p qavatli binolarni loyihalashtirish va qurishda energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini oshirish zarurati haqida 4 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ham gapirgandi.  

Bugungi kunda respublikada ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 40% isitish va yoritish uchun foydalaniladi. O‘zbekistonda 1 m kv maydonni isitish uchun o‘rtacha 400 kVt.soat elektr energiyasi ishlatiladi, rivojlangan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 170 kVt.soatni tashkil qiladi. 

2005-yildan 2015-yilgacha uy-joy va ijtimoiy binolar sektoriga energiya resurslari birlamchi iste’molining 34% to‘g‘ri kelardi. Bu qariyb 16,4 mln. tonna neft ekvivalentini (t.n.e.) tashkil qiladi. Uy-joy sektorida energiyani tejash salohiyati esa 9-10 mln. t.n.e.ni tashkil etadi, boshqacha qilib aytganda, iste’molni taxminan 20% ga kamaytirish mumkin.

Bu borada bizning Global ekologiya fondi va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamkorligida 2017-yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan «O‘zbekistonda energiya samaradorr qishloq uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihamiz e’tiborga loyiqdir. Loyihani amalga oshirish natijasida uy xo‘jaliklarida energiya sarfi va issiqxona gazlari chiqindilarining kamayishi kutilmoqda.

«O‘zbekistonda energiya samaradorr qishloq uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasi doirasida Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Buxoro viloyatlarida past uglerodli bo‘lgan 800 ta uch xonali energiya samarador uy barpo etildi. Bu uylarning har birida yoritish ehtiyojlari uchun quvvati 300 Vatt bo‘lgan foto-elektr stansiyalari (FES) o‘rnatilgan va ishlamoqda. Shunday uylarning o‘ntasida esa quvvati 200 litr suvni isitishga yetadigan quyoshda ishlaydigan suv isitgichlari o‘rnatilgan.  

Shuningdek bu uylarda energiya iste’molini kamaytirishga sifatli maxsus qurilish materiallaridan foydalanish, to‘suvchi konstruksiyalarni issiq qilish, derazalar tirqishlarini zichlashtirish, xonalar haroratini avtomat to‘g‘irlab turish va hokazolar hisobidan erishilmoqda.

Biroq, binoda energiya iste’molining bunday darajasi 3 yildan 5 yilgacha saqlanib turadi, keyin esa yana osha boshlaydi. Energiya samaradorligi bu tarzda pasayishining sabablarini aniqlash uchun energetik ko‘rikni o‘tkazish zarur. Shu bois energetik auditni o‘rtacha to‘rt yilda bir marta o‘tkazish tavsiya etiladi.  

«O‘zbekistonda energiya samaradorr qishloq uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasida 2020-2021 yillarda qurilgan namunaviy uylarning energetik auditini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Energetik audit paytida mutaxassislar maxsus texnika yordamida energiya ta’minoti, uni taqsimlash hamda binolar va inshootlar tomonidan iste’mol qilish tizimlari ko‘rikdan o‘tkaziladi. Olingan ma’lumotlar asosida mutaxassislar energiya iste’moli va samaradorligining joriy darajasini baholaydi, iste’mol qilinadigan yonilg‘i-energetika resurslariga sarflanadigan xarajatlarni tejash imkoniyatini aniqlaydi, energiya resurslari va boshqa vositalarga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish uchun texnik, tashkiliy-iqtisodiy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Energetik audit issiqlik va elektr energiyasining haqiqiy yillik iste’molini aniqlaydi. Shuningdek bu issiqxona gazlari chiqindilari darajasini va aholining energiya iste’molini to‘lashga ketadigan xarajatlarini aniqlashga yordam beradi. Olingan ma’lumotlar ushbu binolarni 2018-yilda o‘xshash iqlim sharoitlarida davlat dasturi doirasida qurilgan namunaviy qishloq uylari bilan taqqoslashga yordam beradi.

Energetik audit kompaniyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, joylarda o‘tkaziladigan ko‘chma tadbirlar tadqiq qilinadigan har bir uyda 8-10 soat vaqtni oladi va uy egalarining bevosita ishtirokida o‘tkaziladi. 

Asboblar yordamida ko‘riklar binolarning haqiqiy energiya iste’moli ko‘rsatkichlari, issiqlik-texnika ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun mo‘ljallangan zamonaviy o‘lchov uskunalaridan foydalangan holda o‘tkaziladi. Shuningdek joylardagi mavjud hisoblash asboblaridan ham foydalaniladi. Uylarning to‘sib turuvchi konstruksiyalari, asosiy elektr uzellari va isitish tizimining asosiy uskunalari teplovizion uskunalar yordamida tasvirga olinadi.

Aytish joizki, bizning Global ekologiya fondi va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamkorligidagi « O‘zbekistonda energiya samaradorr qishloq uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihamiz doirasida 2019 yil qurilgan 800 ta energiya samarador uyda quvvati 300 Vatt bo‘lgan foto-elektr stansiyalari (FES) o‘rnatilgan. Ulardan 176 tasi Samarqand viloyatida, 185 tasi Surxondaryo viloyatida, 206 tasi Farg‘ona viloyatida, 112 tasi Xorazm viloyatida va 121 tasi Buxoro viloyatida qurildi. Beshta viloyatdagi hamda 2018- yili Davlat dasturi doirasida qurilgan oddiy namunaviy uylar orasida tanlab olingan 60 ta uyda energetik audit o‘tkaziladi. Ushbu yondashuv energiya tejamkor uylarni oddiy uylar bilan taqqoslash hamda qishloq uylarida issiqlik va elektr energiyasi iste’molini qisqartirishda energiya tejamkor va past uglerodli texnologiyalardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish imkonini beradi.

COVID-19 pandemiyasi va taxmin qilinayotgan jahon iqtisodiyotining pasayishi sharoitida O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotni jadal rivojlantirishni ko‘zlamoqda, bu esa yangi energetik quvvatlarni ishga tushirishni, mavjud resurslardan sanoat obyektlarida ham, uy-joy sektorida ham samarali foydalanishni talab qiladi. 

Energetik auditning keng joriy etilishi, tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish ahamiyatli va hali to‘liq jalb etilmagan zaxiralardan biri hisoblanadi. U kelajakda tabiiy gaz va neft yetishmovchiligi muammosini hal etishga ko‘maklashadi va mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, iste’molchilarning energiyaga sarflanadigan xarajatlarini ikki baravar tejashi mumkin.