BMTTD hamkorlar bilan o‘quvchilarning tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish yuzasidan xabardorligini oshirishmoqda

9-November, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

O'zbekistondagi uran merosi mavjud hududlarida yashovchi maktab o'quvchilari orasida o'tkazilgan tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish mavzusidagi suratlar tanlovining 24 nafar g'olibini mukofotlash marosimi bo'lib o'tdi. Tanlov BMTTD, FVV va YEXHTning Markaziy Osiyodagi uran merosi bilan bog'liq muammolarni hal qilishga doir loyihasi va «Ekomaktab» NNT tomonidan tashkil etildi.

Tanlov uran chiqindilarining aholiga ta'siri yuzasidan odamlarning xabardorligini oshirishga qaratilgan ulkan faoliyatning bir qismi bo'lib, unda Chorkesar va Yangiabaddagi ikki maktabdan surat soli shva tabiiy ofatlarning oldini olish mavzusiga qiziqish bildirgan 190 nafar o'quvchi ishtirok etdi. Tanlov ishlari o'quvchilarning radiofaol nurlanish, sellar va suv toshqinlari, havoning sanoat chiqindilari bilan ifloslanishi, global isitish kabi dolzarb muammolarga oid qarashlarini aks ettirib, ushbu jarayonlarda insonning o'rnini namoyon etib berdi.

- Maktabda bizlarga uncha uzoq bo'lmagan masofada uran qazib olingan kon borligini aytib berishgan va darslar o'tishgan. Bizga radiatsiyaning odam salomatligi va tabiat uchun zarari haqida so'zlab berishgan. Boshqa darslardan esa zavodlar chiqayotgan chiqindilar atrof-muhitni ifloslantirishi haqida bilib oldim. Men o'z ishlarimda shularni ko'rsatishni istadim, - deya fikr bildirdi Malika Tagayeva, to'qqizinchi sinf o'quvchisi va tanlov g'olibi.

- Suratim g'oyasini topishda oyim yordam berdilar. Bu yerda men sayoramiz sanoat chiqindilari, iqlim o'zgarishi tufayli xavf ostida qolganini ko'rsatganman. Biroq, quyosh va shamol energiyasidan foydalana boshlasak, suvni tejasak, velosipedlarda yursak va chiqindilarni qayta ishlasak sayyoramizga yordam berishimiz mumkin deb o'ylayman, - deydi Sarvinoz Akramova, sakkizinchi sinf o'quvchisi va tanlov g'olibi.

Bolalar va yoshlar – favqulodda vaziyatlarda eng zaif guruhlardan biridir. Shu kabi tanlovlar bolalarni jalb qilish orqali ularning tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish yuzasidan xabardorligini oshirishga yordam berib, ularni atrof-muhitni yaxshilash uchun qanday chora ko'rish mumkinligi haqida o'ylashga ilhomlantiradi.

***

«Markaziy Osiyodagi uran yakuniy omborlari bilan bog'liq muammolarni hal qilishga manfaatdor tomonlarni jalb qilish. II faza» loyihasi BMTTD, FVV va YEXHT qo'shma tashabbusi bo'lib, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning faoliyati aholining xabardorligini oshirish hamda Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekistondagi ijtimoiy yo'nalishga ega loyihalarni qo'llab-quvvatlash orqali uran chiqindilarining odamlar va atrof-muhitga salbiy ta'siri xavfini kamaytirishga qaratilgan.