II Iqtisodiy forum: iqlim o'zgarishlari va "yashil" iqtisodiyotga o'tish zarurligi to'g'risida munozara bo'lib o'tdi

4-November, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

O'zbekiston iqlim o'zgarishlari, biologik xilma-xillikning yo'qolishi va yer degradatsiyasidan katta zarar ko'rgan mamlakat hisoblanadi. Hukumat so'nggi rivojlanish rejasining asosiy elementi bo'lgan yanada yashil, ijtimoiy integratsiyalashgan va iqlimga mos iqtisodiyotga tezda o'tish uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqda. Hukumat tomonidan yangi qabul qilingan ekologik siyosat 2030 yilgacha atrof–muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini va 2019-2030 yillarda "yashil" iqtisodiyotga o'tish Strategiyasini o'z ichiga oladi.

Energetika sektori mamlakatdagi issiqxona gazlari (IG) inventarizatsiyasining dominant sektori bo'lib, umumiy IG chiqindilarining 76,3 foizi uning ulushiga to'g'ri keladi. O'zbekiston 2030-yilgacha YaIMga nisbatan issiqxona gazlari ulushini 35 foizga kamaytirishga doir Parij kelishuvi (MMBH) bo'yicha miqdoriy majburiyatlarni o'z zimmasiga oldi.

"Iqlim o'zgarishi va "yashil" iqtisodiyotga o'tish zarurati" sessiyasi doirasida BMTTDning tabiat, iqlim va energetika bo'yicha dastur guruhi rahbari Laura Altinger moderatorlik qildi; ishtirokchilar O'zbekistondagi iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish uchun "yashil" iqtisodiyotga o'tish muhimligini; yashil o'sish bo'yicha mustahkam Strategik doiralar va harakatlar rejasini, shuningdek, energetika, suv va qishloq xo'jaligi sohasidagi iqlim o'zgarishi bilan bog'liq muammolarni hal qilishda barqaror yondashuvlarni amalga oshirish va tabiiy ofatlarga chidamliligini oshirish zaruratini muhokama qildilar. Sessiyada, shuningdek, O'zbekiston uchun iqlim o'zgarishini institutsional baholash natijalari ham ko'rib chiqildi, jumladan davlat dasturlari va yirik infratuzilma loyihalarining sanoat ekologik bahosini (SEB) qanday joriy etish; uglerod-neytral iqtisodiyotga o'tishni qo'llab-quvvatlash uchun qanday islohotlar ishlab chiqilganligi tahlil qilindi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Janob Ilhom Norqulov o'z bayonotida shunday dedi: "Ishonchim komilki, biz ogohlantirish xabarini qanchalik tez olsak va "yashil iqtisodiyot" yondashuvlarini joriy etishga qanchalik tez tayyorgarlik ko'rishni boshlasak, iqtisodiyot shunchalik raqobatbardosh bo'ladi". Uning qo'shimcha qilishicha, mamlakat allaqachon ilg'or jahon tajribasini o'rganmoqda va qurilishning energiya samaradorligini ikki baravar oshirish yo'llarini izlamoqda, bu esa yaxshilash uchun yana bir muhim soha hisoblanadi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Ishtirokchilar, shuningdek, qo'shimcha investitsiyalar, xususiy sektor kompaniyalarini "yashil" iqtisodiyot sohasida qo'llab-quvvatlash va ishchi kuchini  "yashil" iqtisodiyotga o'tish ehtiyojlariga muvofiq o'qitish "yashil" ish o'rinlarini yaratishga qanday yordam berishini muhokama qilishdi.