Talaba qizlar Yevropa Ittifoqi va BMTTD ko‘magida qishloq xo‘jaligida innovatsiyalar va yashil o‘tishni targ‘ib qilmoqda
3-March, 2023
Bugun Toshkent Davlat agrar universitetining bakalavr bosqichida tahsil olayotgan talaba qizlar oʻrtasidagi “Zamin yulduzlari” koʻrik tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi. Tanlov Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi tashabbusi bilan, Toshkent Davlat agrar universiteti hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi va Qishloq xoʻjaligi vaziriligining “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv oʻtishini qoʻllab quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov, Toshkent davlat agrar universiteti rahbariyati, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, “Oʻzbekiston agrar soha ayollari” uyushmasi rahbari Adiba Ahmadjonovalar talaba qizlarga bayramga bagʻishlangan samimiy tilaklarini izhor etishdi.
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda ayollarning oʻrni beqiyosligini taʼkidlab
“Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish va ekologik barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, eng zaif qatlamlar, jumladan, qishloq ayollari va yoshlari uchun ko‘proq iqtisodiy imkoniyatlar yaratadigan qishloq taraqqiyoti uchun qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovatsion g‘oyalar bilan tanlovda ishtirok etayotgan iqtidorli talaba qizlarni ko‘rish juda quvonchli. Iqlim o‘zgarishi global siyosat kun tartibimizda birinchi o‘rinda turadi. Iqlimga chidamlilik va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish innovatsion raqamli echimlar orqali ham qo'llab-quvvatlanishi mumkin. Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston bilan raqamli hamkorlikka sodiqdir va oʻzining raqamli strategiyasi orqali ayollarning qishloq va chekka hududlarga yetib boruvchi raqamli texnologiyalarning foydalanilmagan salohiyatidan teng foydalanishini taʼminlashga intiladi” - dedi u.
“Qishloq xoʻjaligi iqlim oʻzgarishiga eng taʼsirchan sektor boʻlib, suv, tuproq xususiyatlari, ob-havo va bioxilmallikka uzviy bogʻliqdir. Shu sabab, mazkur global muammoni hal etish uchun qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, zamonaviy bilim va koʻnikmalarini oshirish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgatish alohida ahamiyat kasb etadi. Biz Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihamiz doirasida fermer va kichik dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirishga, ayniqsa ayollarni qishlok xoʻjaligidagi rolini oshirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq vaziyatda fermer ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bugun har qachongidan ham muhimroq. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligida gender tenglikni taʼminlabgina qolmay, oziq-ovqat xavsizligini taʼminlashga xizmat qiladi”
- dedi, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.
Tanlovning saralash bosqichlariga 7 ta fakultetdan jaʼmi 2703 nafar talaba qizlar jalb qilindi, ulardan 49 nafari fakultetlararo saralash bosqichida ishtirok etdi. Har bir koʻrik-tanlov 4 shartdan iborat boʻlib, unda talaba qizlar “Tanishtiruv” va “Erkin mavzu”da oʻz mahoratlari, ijodiy ishlari, noyob isteʼdodlari va qoʻl mehnati namunalarini namoyish etdilar. Tezkor savollarga tezkor javob berish sharti orqali egallayotgan mutaxassisliklari boʻyicha bilimlari va zukkoliklarini koʻrsatdilar. “Istiqbol rejalari” shartida esa qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda iqlim oʻzgarishiga moslashish, “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish va innovatsion yondashuvlar boʻyicha gʻoyalari taqdimoti namoyish etildi.
Koʻrik tanlovning final bosqichida “Qishloq-xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash” fakultetidan Madina Saʼdullayeva, “Oʻsimliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik” fakultetidan Shoxsanam Mirzahamdamova, “Agrologistika va biznes” fakultetidan Sarvinoz Anvarova, “Zooinjeneriya” fakultetidan Mumtozbegim Ochilova, “Agrobiologiya” fakultetidan Muazzam Siddiqjonova, “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik” fakultetidan Lobar Otaxonova, “Oʻrmon xoʻjaligi va landshaft dizayn” fakultetidan Shaxzoda Toʻxtayevalar oʻzaro bellashdilar.
“Bizning uyushma Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan BMT Taraqqiyot dasturining “EU-AGRIN” loyihasi bilan mustahkam hamkorlik olib boradi. Tez orada ushbu loyiha doirasida Toshkent viloyati Ohangaron va Zangiota tumanlarida fermer va dehqon xoʻjaliklarida zamonaviy va innovatsion sut qoramolchiligini tashkil etishda ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash, sohani iqlim oʻzgarishiga boʻlgan salbiy taʼsirini kamaytirish va iqlim oʻzgarishini chorva mollariga boʻlgan salbiy taʼsirini yumshatish, qishloq joylarida sanoat usulida sutni qayta ishlashda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan innovatsion guruh faoliyatini yoʻlga qoʻyamiz. Umid qilamanki, shu kabi boshqa yoʻnalishlarda tashkil etiladigan innovatsion guruhlarda bugungi qizlarning innovatsion gʻoyalarini amalga oshiramiz”
– dedi, “Oʻzbekiston agrar soha ayollari” uyushmasi rahbari Adiba Ahmadjonova
Tanlovning yakuniy bosqichida gʻoliblariga Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi hamda Qishloq xoʻjaligi vaziriligining “EU-AGRIN” loyihasi hamda tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari taqdim etildi.