O‘zbekistonda yetakchi ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish
2-August, 2024
2024-yil 31-iyuldan 2-avgustgacha BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikda Jizzax, Samarqand va Buxoro shaharlarida viloyatlardagi ayol rahbarlar, zaxiradagi rahbar ayollar, siyosiy partiyalarning "ayollar qanoti" vakillari, mahalliy kengashlar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari uchun davra suhbatlari va notiqlik sana’ti bo‘yicha master-klasslar o‘tkazdi.
Hududiy davra suhbatlarining ochilishida so‘zga chiqqan mahalliy senatorlar joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘ladigan saylovlar haqida batafsil gapirdilar. Ishtirokchilar saylov tizimida qabul qilingan ayol nomzodlar uchun 30 foiz kvotani 40 foizga oshirish muhimligini hamda bunga erishish uchun amalga oshiriladigan qadamlar, to‘siqlar va imkoniyatlarni muhokama qildilar. Ishtirokchilar mamlakatimizda gender tengligi siyosatini amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi gender tenglik strategiyasida 2030-yilgacha belgilangan “Saylov huquqlarini amalga oshirishda erkaklar va ayollar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash” va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida fikr almashdilar.
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi samarali boshqaruv klasteri rahbari Kamila Muxamedxanova O‘zbekistonda ayollarning siyosiy hayotda ishtirok etishi va yetakchilik qilishidagi to‘siqlar haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ushbu to‘siqlar orasida u jamiyatdagi stereotiplar, moliyaviy to‘siqlar va ayollar siyosiy rollarda duch keladigan bosimlarni alohida ta'kidladi hamda bu muammolarni yengib o‘tish uchun tavsiyalar berdi.
Loyiha menejeri Nigora Madazimova O‘zbekistonda gender tengligini targ‘ib qilishga qaratilgan asosiy huquqiy va normativ hujjatlar bilan tanishtirdi. U mamlakatning gender tengligi siyosati ayollar uchun yaratgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi jamoatchilik va axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Anvarjon Meliboyev ishtirokchilarga notiqlik san’atidan master-klass o‘tkazdi. U samarali muloqot ko‘nikmalari jamoatchilik ishonchini shakllantirish, demokratik jarayonlarda ishonchlilikni ta'minlash va bilimdon hamda ishonchli yetakchining obro‘sini yaratishda muhimligini ta'kidladi.
“Adolat” SDP Samarqand viloyat Kengashi xotin-qizlar qanoti faol a’zosi Ibragimova Musavvar shunday dedi: “Seminarda dolzarb mavzular ko‘tarildi, xususan,meni qiziqtirganlari bu muammoli vaziyatlarga yechim topish, shuningdek, ayollar duch keladigan muammolar ko’pincha faqat ayolning muammosi emasligi, balki butun boshli jamiyat muammosi ekanligini anglab yetganimiz. O'ylaymanki, har bir ishtirokchi o'zining kelajakdagi ishlari uchun foydali ma’lumot oldi”.
Ishtirokchilar muhokamalardan keyin olgan ko‘nikma va bilimlari ularga bo‘lajak saylovlarda va O‘zbekistonda gender tengligini rivojlantirish yo‘lida yanada faolroq rol o‘ynashda yordam berishiga ishonch hosil qilishdi.
Ushbu seminar va davra suhbatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (UNDP) "O‘zbekiston Respublikasida gender tengligiga erishish strategiyasini amalga oshirish va gender tenglikka erishish" loyihasi doirasida tashkil etildi.