Ayollarning siyosatda imkoniyatlarini kengaytirish: O‘zbekistonda gender tengligi uchun yetakchilikni shakllantirish
17-April, 2024
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi va BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasining moliyaviy ko‘magida joriy yilning 15 aprel' kuni siyosiy partiyalarning ayol vakillari uchun yetakchilik salohiyatini oshirish bo‘yicha 5 kunlik o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarga start berildi.
Tadbirning asosiy maqsadi - gender tamoyillarini siyosiy hayotda targ‘ib qiluvchilar bo‘lmish milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, siyosiy-partiyalarning xotin-qizlar qanotlari va mahalliy kengashlar a'zolarining salohiyatini oshirish, imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berish uchun kerakli ko‘nikmalar bilan qurollantirishdir.
Shuningdek, tadbir doirasida joriy yilning mart oyida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan “Siyosat sohasidagi yetakchi ayol: o‘rnak bo‘ladigan inson” mavzusidagi eng yaxshi senariylar tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlovning asosiy maqsadi xotin-qizlarning faol siyosiy hayotga qiziqishini oshirish, zamonaviy yetakchi ayol obrazini yaratish hamda ijtimoiy faol, yetakchi, siyosatchi ayollar haqida jamoatchilikda ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan.
Zamonaviy jamiyatni demokratlashtirish ayollarning mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etishini taqozo etmoqda. Shiddatli va murakkab globallashuv jarayonlari davom etayotgan bir sharoitda inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash masalasi dolzarb ahamiyatga ega.
Tobora oshib borayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik o‘zgarishlar bo‘layotgan bugungi kunda gender sezuvchan parlamentlarga ehtiyoj har qachongidan ham ko‘proqdir. Gender sezuvchan parlamentga nisbatan transformasion institusional o‘zgarish shunchaki sodir bo‘lmayapti. Buning uchun siyosiy iroda, yetakchilik, introspeksiya, strategik rejalashtirish, islohot, resurslar va javobgarlik talab etiladi.
Siyosatdagi gender tenglik barchaning xilma-xil va bir-biriga mos keladigan ehtiyojlarini hisobga olgan holda inqirozlarga yaxshiroq javob berishga imkon beradi va shu bilan yanada samarali natijalarga erishadi. Tinchlik o‘rnatish va diplomatiya nuqtai nazaridan ayollar yetakchiligi harakatlantiruvchi kuchdir, chunki ayol delegatlar tomonidan imzolangan tinchlik shartnomalari yanada mustahkam tinchlikka olib keladi. Siyosiy qarorlar qabul qilish nuqtai nazaridan ayol rahbarlar kamsitishlarga qarshi kurashish uchun qattiqroq choralar ko‘rishlari isbotlangan. Bu borada ularning imkoniyatlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoit yaratilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan 50 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingan. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlashi belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 18 dekabr' kuni imzolagan Qonunda (O‘RQ-883-son) saylovlarda ayollarning ishtiroki siyosiy partiyadan ko‘rsatiladigan deputatlikka nomzodlar sonidan kamida 40 foizni tashkil etishi belgilandi.
O‘zbekiston BMT Nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umume'tirof etilgan normalariga sodiq ekanligini doimo ko‘rsatib kelgan. 2023 yil 1 yanvarda e'lon qilingan “Ayollar siyosatda” Parlamentlararo ittifoqning jahon reytingida dunyoning 190 milliy parlamenti orasida mamlakatimiz 45-o‘rinni egalladi, sentyabr oyida e'lon qilingan ochiq gender ma'lumotlari indeksida O‘zbekiston 69,7 ball bilan dunyoning eng yaxshi 20 ta mamlakatiga kirdi, BMTning barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i hisobotiga ko‘ra O‘zbekiston 8 pog‘onaga ko‘tarildi, 166 mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi (2022 yilda 77-o‘rinda edi).