Latviyalik mutaxassilar o‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko’rsatish sifatini baholashmoqda
28-September, 2023
Joriy yilning 25-29 sentyabr kunlari Latviya Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy rivojlanish vazirligining Davlat boshqaruvi xizmatlarini rivojlantirish va “Yagona darcha” departamentining bir guruh ekspertlari tomonidan davlat xizmatlari sifatini baholash va taqdim etishni takomillashtirish sohasida tajriba almashishga bag‘ishlangan tashrifi Adliya vazirligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonning qishloq joylarida davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Ekspert guruhi aʼzolari Oʻzbekistonning shahar va tumanlaridagi Davlat xizmatlari markazlari va davlat xizmatlari koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning bek ofislarida boʻlib, ularda davlat xizmatlari koʻrsatish boʻyicha xodimlar va davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar bilan suhbatlar oʻtkazdi. Shu bilan bir qatorda xizmat ko’rsatish sifatini baholash uchun o’rganishlar ham o’tkazishdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Adliya vazirligi va davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar xodimlari uchun davlat xizmatlari sifatini baholash metodikasi bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi. Seminar davomida davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Latviyaning ilg‘or tajribasi va amaliyoti, Latviyada davlat xizmatlari sifatini tahlil qilish metodologiyasi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni ommalashtirish, Call-markaz faoliyati, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va boshqa mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi.
“Latviya misolida davlat boshqaruvida raqamli koʻnikmalarni rivojlantirish” mavzusidagi taqdimotida Mayya Anspokka xonim raqamli koʻnikmalar hozir nafas olish kabi deyarli muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi – ular aloqalarni oʻrnatish, ish topish, kasbiy va shaxsiy maqsadlarga erishishda yordam beradi. Raqamli ko'nikmalar nafaqat biznes muhitida, balki hukumat ishida ham afzalliklarni beradi va raqobatbardoshlikka hissa qo'shadi.
Taqdimotda, shuningdek, Latviya davlat boshqaruvi tashabbusi taqdim etilgan bo‘lib, ushbu amaliyot davlat xizmatchilarining raqamli ko’nikmalari va imkoniyatlarini, jumladan, xizmat ko‘rsatishni boshqarish, ma’lumotlarni tahlil qilish, operatsion va tizimli modernizatsiya qilishda sun’iy intellekt va boshqa zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, moslashuvchan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarishni nazarda tutadi.
Guruh muhokamalarida ishtirokchilar Latviya tajribasidan kelib chiqqan holda, zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanishni targ‘ib qilish, jamiyat va davlat boshqaruvining raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish qobiliyatini rivojlantirish, davlat va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Latviyalik trenerlar o‘z taqdimotlarida Latviyadagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati, mijozlarga xizmat ko‘rsatish standartlari, xodimlarini o‘qitishning yagona yondashuvlari va konsepsiyalari, shuningdek, mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash uchun foydalaniladigan vositalar haqida ma’lumot berdilar.
Tashrif yakunlari bo‘yicha davlat xizmatlari sifatini baholash bo‘yicha, kelgusida amalga oshirish va joriy etish bo‘yicha tegishli tavsiyalarni o‘z ichiga olgan uslubiy qo‘llanma tayyorlanadi.