Qoraqalpog‘istonning chekka hududlarida BMTTD hukumat bilan hamkorlikda ichimlik suvi ishlab chiqarish bo‘yicha yangi obyektni ishga tushirdi
30-October, 2024
29-30 Oktyabr, 2024: BMTTDning O‘zbekiston delegatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov va boshqa mahalliy hamkorlar bilan BMTTDning asosiy loyihalari va kelgusidagi tashabbuslarini muhokama qilish uchun Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi. BMTTDning Qoraqalpog‘istondagi vakolatxonasi 1998-yilda tashkil etilganidan buyon 25 yildan ortiq vaqt davomida aholi hayotini yaxshilashda o‘zining noyob va insonparvar yondashuvini qo‘llagan holda, suvdan tortib, yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishgacha bo‘lgan 30 dan ortiq loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. BMTTD hozirda Qoraqalpog‘istonda qiymati 15 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan beshta loyihani qo‘llab-quvvatlamoqda.
Delegatsiya BMTTD doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim va doimiy vakila o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman janoblaridan tashkil topgan bo‘lib, ular mahalliy hamjamiyat a’zolari, fuqarolik jamiyati vakillari, shu jumladan jamoat ko‘ngillilari, ayollarning maslahat guruhlari, ilmiy tadqiqotchilar va tuman hokimiyati vakillari bilan loyihaning mahalliy aholi hayotiga ta’siri haqida suhbat olib bordilar.
Toza suv Pashenttau mahallasiga yangi nafas olib keldi
Uzoq Pashenttau mahallasida BMTTD, hukumat va jamoatchilik vakillari BMTTD loyihasi ko‘magida qurilgan yangi modernizatsiya qilingan suv tozalash inshootining ochilish marosimiga yig‘ilishdi. Ilgari toza ichimlik suvi yetishmovchiligidan aziyat chekgan 2,000 ga yaqin aholi endi uy xo‘jaliklaridagi quvurlar orqali ichimlik suvini olishmoqda. Ushbu zavodning ochilishi odamlarning hayotiga, shu jumladan sog‘lig‘iga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. 1985 yildan beri jamiyat ehtiyojlarini qondira olmaydigan eski tuzsizlantirish stansiyasi bilan bog‘liq muammo loyiha tufayli o‘z yechimini topdi. Mahalla aholisi hozirda 300 ta xonadonga ko‘paygan, eski stansiya esa faqatgina 100 ta xonadonga xizmat ko‘rsatishga qodir edi.
Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida BMTTD muhim yangilanishlarni, jumladan, tuzsizlantirish stansiyasini to‘liq qayta qurish, yangi uskunalar o‘rnatish va kilometr uzunlikdagi suv quvurini qurish kabi ishlarni amalga oshirdi. Endi stansiyaning quvvati soatiga 8 dan 20 kubometrgacha oshdi va barcha uy xo‘jaliklari toza va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu o‘zgarish, ayniqsa, Fujii xonim ochilish marosimida ta’kidlaganidek, odatda uy ishlariga mas’ul bo‘lgan jamoaning 1,104 nafar ayollari uchun juda muhimdir.
Yangi laboratoriya ikki million kishi uchun oziq-ovqat xavfsizligi garovidir
Delegatsiya endilikda zamonaviy laboratoriya jihozlariga ega Qoraqalpog‘istonning Sanitariya-epidemiologik farovonlik va Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tashrif buyurdi. Bu laboratoriya mahalliy fermerlarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun muhim qadamdir. Laboratoriya xalqaro standartlarga javob beradigan 10 ta yuqori texnologiyali mashinalar bilan jihozlangan va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun muhim bo‘lgan testlarni o‘tkazadi.
Dastlabki natijalar quvontirmoqda: laboratoriya 100 ta sinov hisoboti va 32 ta sanitariya sertifikatlarni taqdim etdi, bu 18 ta mahalliy ishlab chiqaruvchiga xalqaro bozorlarga chiqish imkonini berdi. "Fkh Biogumus" kompaniyasi Italiya, Fransiya va Germaniyaga quritilgan pomidor eksporti bilan, 13 ta fermer xo‘jaligi esa xorijga sovitilgan mahsulotlar yetkazib berishi bilan sezilarli darajada muvaffaqiyatlarga erishmoqda.
Ushbu loyiha oziq-ovqat xavfsizligini oshirish va mahalliy iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash orqali Qoraqalpog‘istonning ikki milliondan ortiq aholisiga foyda keltirmoqda.
"Noyob rivojlanish muammolarga duch kelayotgan aholisi sabab Qoraqalpog‘iston asosiy ustuvor mintaqalarimizdan biri bo‘lib kelmoqda. Orolbo‘yi mintaqasining geografik joylashuvi sabab suv tanqisligi uni ekologik va iqlim muammolarga ko‘proq duch kelishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun biz mahalliy jamoalarning ehtiyojlarini aniqlash, hayot sifatini oshirish va mintaqadagi umumiy sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan yechimlarini topish uchun faol shug‘ullanmoqdamiz",– dedi Akiko Fujii.
Ikki kunlik tashrif davomida delegatsiya Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tomonidan moliyalashtirilgan, Nukus tumanidagi suvni yaxshiroq boshqarish uchun ilg‘or akvaponik tizimlarni namoyon etuvchi BMTTDning "Aqlli qishloq xo‘jaligi" loyiha obyektiga; xizmatlardan foydalanishni yanada qulaylashtirishga qaratilgan Davlat xizmatlari markaziga; Islom taraqqiyot banki (IsDB) tomonidan moliyalashtirilgan, jamiyatni rivojlantirish rejasi asosida qurilayotgan bolalar bog‘chasi qurilish maydoniga; Qanliko‘l tumanidagi 541 gektar maydonda iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligiga qaratilgan "Beskopir Jaylov" kooperativiga; Mo‘ynoq tumanidagi 247 nafar yoshlar va ayollarni pazandachilik, santexnika, go‘zallik saloni, tikuvchilik va IT sohalarida muhim ko‘nikmalarga ega bo‘lgan o‘quv markazlariga tashrif buyurdi.
BMTTD Qoraqalpog‘iston aholisi hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun innovatsiyalar, ilm-fan va infratuzilmani rivojlantirishga sodiq qoladi.
Shuni takidlash joizki, BMTTD 2024-yil 1-noyabrgacha davom etadigan, BMTning Kolumbiyadagi COP16 konferensiyasida biologik xilma-xillik bo‘yicha muammolarni hal qilishda faol ishtirok etib, ularni hukumat bilan muhokama qilmoqda.