Quyosh energiya berayotgan bog‘lar: Sahobatning hayoti va umidlari

Muallif: Ikhtiyor Abdurakhmanov

8-November, 2024
a person standing in front of a forest

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Sakkiz sotihlarcha keladigan tomorqasining bir chekkasida ekilgan yam-yashil mosh poyasining ichida yetilib yotgan mosh boshog‘ini terarkan, Sahobat kechki ovqatga moshxo‘rda (milliy taom) tayyorlashni boshlab yuborgan edi. Taomni iyun oyida tomorqasiga o‘zi ekkan moshdan tayyorlashning ayniqsa gashti boshqacha. Bolalarining qo‘liga esa savatcha tutqazib, moshning tepasidagi anjir mevasidan terishni tayinladi. Avvallari oilaning tomorqasida deyarli ekin unmasdi, mosh tugul, yovvoyi o‘t ham o‘smaydigan yerda bu yil hosil mo‘l bo‘ldi.

Oqqo‘rg‘on tumani Tibbiyot birlashmasida hamshira bo‘lib ishlaydigan Sahobat Ahmedovaning kunlari asosan bemorlariga g‘amxo‘rlik qilish bilan o‘tadi. Ammo uning mas’uliyatlari o‘z navbatchiligini topshirib kasalxona eshiklaridan chiqqanda ham tugamaydi. U hamshiralik faoliyatiga qo‘shimcha ravishda oilasini kichik tomorqasidagi dehqonchilik va tadbirkorlik orqali ham qo‘llab-quvvatlaydi. So‘nggi yetti yil davomida Sahobat o‘z faoliyatini kengaytirib, bozor uchun yupqa (milliy non) pishirish va gilamchalar to‘qish bilan shug‘ullanib, qo‘shimcha daromad topdi. Bu kichik tadbirkorlik faoliyati farzandlarining maktab xarajatlari va boshqa qo‘shimcha xarajatlarni qoplashda katta yordam beradi.

Sahobat kasalxonadagi ishlarini odatda tushdan so‘ng yakunlaydi. Asosiy ishidan so‘ng, hovlisidagi tomorqada sabzavot yetishtirishga va tadbirkorlik qilishga ham vaqti yetadi. Ayniqsa bu yil kichik maydonda bo‘lsa-da tomorqada ish ko‘p bo‘ldi. Negaki, oilaning yillar davomida suvsiz yotgan  tomorqasiga nihoyat suv keldi. Bu yil Sahobat suv muammosidan butunlay qutuldi.

Sahobat turmush o‘rtog‘i va to‘rt farzandi bilan yashaydigan Oqqo‘rg‘onning Beg‘ubor nomli mahalladagi hovlisida yillar davomida suvdan qiynalib kelgan. Mahalla ariqlariga suv faqatgina fermer xo‘jaliklaridan ortgandan so‘nggina yetib keladi. Bu esa mahalla aholisining o‘z tomorqasiga ekin eka olmasligiga, ekkan taqdirda ham ekinlarning suvsiz qurib qolishiga olib kelgan. Bu yildan boshlab, mahalladagi 10 ta xonadonga fermerdan ortgan suvni kutish zarurati qolmadi.  

a statue of a man in a garden

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Ahmedovlar oilasiga har doim har qancha urinishlariga qaramasdan, hovlidagi tomorqani sug‘orish muammo bo‘lib kelgan.

“Avval ekinlarimizni vaqtida sug‘orolmasdik,” deydi Sahobat. “Turmush o‘rto‘gim asosan ishda bo‘ladi, men esa tomorqamizni sug‘ora olmasdim. Ekkan pomidor, bodringlarimiz suv kelmasidan qurib qolardi, ba’zan suv kelib turgan vaqtlarda vaqtida sug‘orilmagani sabab ekinlar rivojlanmay qolardi. Shundan ham tomorqa maydonimizdan samarali foydalanolmasdik.”

Suv tanqisligi nafaqat oilaning o‘zlari yetishtirgan mahsulotlaridan hosil ololmasligiga sabab bo‘lgan, balki uzoqdan hatto ro‘zg‘or uchun ham suvni tashish zaruratini tug‘dirgan. Bu yumushlarga Sahobatning ham boshqa qo‘shnilarning ham farzandlari jalb qilingan.

O‘tgan yilning yoz oyida Sahobatning hovlisiga kirib kelgan ustalar oilaning hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi. Ular yil davomida Beg‘ubor mahallasi markaziga 180 metr chuqurlikdan suv chiqaradigan vertikal sug‘orish qudug‘ining suv nasoslarini va qurilma quvvat olishi uchun quyosh panellarini o‘rnatdilar. Nasosdan chiqqan suvni esa Beg‘ubor mahallasidagi 10 ta xonadonning 0,8 gektar tomorqasiga yo‘naltirdilar. Har bir xonadonning tomorqasiga esa tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilindi.

Sahobat va mahalladagi yana to‘qqizta xonadon uchun loyiha o‘zgarishlarning kaliti bo‘ldi.

“Dastlab haqiqatdan uyimizgacha suv olib kirib berishlariga shubhalandik. Lekin bu sug‘orish tizimi bizning barcha umidlarimizni ortig‘i bilan oqladi,” deydi u.

Tomchilatib sug‘orish shlanglari bilan jihozlangan sug‘orish tizimi Sahobatning oilasiga dehqonchilikni samarali sug‘orishga imkon berdi, endi buning uchun oldingi kabi ko‘p vaqt va mehnat sarflashlari shart emas. Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan joriy etilgan quyosh energiyasiga asoslangan tomchilab sug‘orish tizimi ushbu xonadonlarning dehqonchiligiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ilgari Sahobat suv yetishmasligi sababli yiliga bir marta arang hosil olgan bo‘lsa, hozir ikki yoki uch marta hosil olishga erishmoqda.

a young boy wearing a hat

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

“Ilgari suv fermerlardan ortgan taqdirda ham mahallamizning o‘zida talash bo‘lardi. Suvni kim birinchi bo‘lib olishi hattoki bahsga aylanib ketardi. Hozir men va qo‘shnilarimda bunday muammo yo‘q. Ekinlarim bu yil boshqacha hosil berdi. Hozir tomorqamizni uchinchisiga – sarimsoq ekishga tayyorlab qo‘yganmiz. Banka yopish uchun bozordan pomidor, bodring sotib olmadik, hammasi o‘zimizdan chiqdi. Ro‘zg‘orga ancha yordam bo‘ldi. Shundan tejaganlarimizni farzandlarimizning ta’lim olishi uchun sarflayapmiz,”
deydi ayol, sug‘orish tizimining mahalladagi va oilasidagi sharoitni qanday yaxshi tomonga o‘zgartirganini ta’kidlab. 

Iqtisodiy manfaatlardan tashqari, Sahobat uchun bu o‘zgarish unga bolalari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish va tadbirkorligini kengaytirishga imkon berdi. “Bu tizim faqat suv olib kelmadi, u umid ham olib keldi. Endi hayotimiz osonlashdi va vaqtimizdan samarali foydalanishimiz mumkin. Farzandlarim qachondir men uchun mavjud bo‘lmagan imkoniyatlardan foydalana oladi,” deydi u.

Sahobatning hikoyasida so‘z borgan quyosh energiyasiga asoslangan tomchilab sug‘orish tizimi kabi barqaror qishloq xo‘jaligi yechimlari – butun jamiyatni qanday yaxshi tomonga o‘zgartirish kerakligini ko‘rsatadi. Suvdan samarali foydalanish tufayli, Sahobat kabi insonlar o‘z oilalari va kelajak avlodlari uchun orzularni amalga oshirishga imkon topishmoqda.

a person sitting in a room

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Quyosh energiyasiga asoslangan tomchilatib sug‘orish tizimi loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan «Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish. (EU-AGRIN)» loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida xalqaro strategik ishlanmalar markazi, Sug‘orish va suv masalalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Sabzavot, poliz va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi mutaxassislari ishtirok etishmoqda.