Ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yuridik xizmatlar ko‘rsatishda Jamoat tashkilotlari duch keladigan muammolar

Muallif: Gulnoza Axmedova, Gender va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo'yicha mutaxassis

7-December, 2024
logo

Butun dunyoda iqtisodiy rivojlanishning neoliberal usuliga o‘tish natijasida, fuqarolik jamiyati tashkilotlari aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishdagi bo‘shliqlarni doimiy ravishda to‘ldirib bormoqda. Fuqarolik jamiyati dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilish vositasi va umumiy farovonlik davlati hamda bozor mexanizmlariga nisbatan samaraliroq muqobil hisoblanadi.

Ijtimoiy masalalar, jumladan, inson huquqlari, huquqiy savodxonlik, sog‘liqni saqlash va kasbiy tayyorgarlik dasturlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga yordam berish bilan shug‘ullanadigan fuqarolik jamiyati tashkilotlarining jamiyatdagi ta’siri va ishtirokini oshirishda ayollar asosiy rol o‘ynadi. Misol uchun, 2002-yildagi Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha O‘zbekistonning mamlakat hisobotida keltirilishicha, 2000 dan ortiq milliy va mahalliy nodavlat tashkilotlarning taxminan 70 foizi ayollar rahbarligida bo‘lib, ularning faoliyati ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy rivojlanishning turli masalalarini hal etishga qaratilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan va Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMT Taraqqiyot dasturining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish" loyihasi fuqarolik jamiyati tashkilotlari rahbarlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnomaning maqsadi nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekistonda xotin-qizlar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar kabi aholining zaif guruhlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatishda duch keladigan umumiy muammolarni aniqlashdan iborat.

Tashkilotlarning aksariyati (so‘rovda qatnashganlarning 50 foizi) aholining zaif qatlamlariga yuridik yordam ko‘rsatishda moliyaviy cheklovlar hamon eng jiddiy muammo bo‘lib qolayotganini ma’lum qildilar. Bundan tashqari, huquqiy cheklovlar va kadrlar yetishmasligi ularning yanada samaraliroq faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilishni davom ettirmoqda.

chart, bar chart

Bundan tashqari, benefitsiarlarning huquqiy xabardorligining yetarli emasligi, huquqiy yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar to‘g‘risidagi yuridik ma’lumotlar va axborotlar bilan cheklanganligi xotin-qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan huquqiy yordam olishiga to‘sqinlik qilmoqda.

chart, bar chart

Xotin-qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida xabardorlikning yo‘qligi xizmatlar ko‘rsatishda asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. "Sharoit Plus" NNT rahbari Muhabbat Rahimovaning so‘zlariga ko‘ra:

Nogironligi bo‘lgan ko‘plab shaxslar huquqiy savodxonlik yetishmasligini his qiladi va qonun bilan kafolatlangan huquqlarini bilmaydi. Bu umumiy va yuridik ta’lim olishdagi to‘siqlar, shuningdek, ko‘pchilik uchun mavjud qonunchilikni tushunishi qiyinligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar yuridik yordam va maslahat olishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Oqibatda, ularning huquqlari ko‘pincha amalga oshirilmayapti."

Respondentlardan birining ta’kidlashicha:

"Qishloq aholisi urf-odat va dinga asoslangan norasmiy amaliyotlarga tayanadi va ko‘pincha ularga yordam berishi mumkin bo‘lgan rasmiy qonunlar va me’yoriy hujjatlardan xabardor emas.  Bunday hollarda ularning huquqiy savodxonligi va huquqiy ma’rifatini oshirish ustida ishlash zarur."

Bundan tashqari, respondentlarning 75 foizi raqamli ko‘nikmalarning yo‘qligi, Internetga bilan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi va IKT-texnologiyalarga oid bilimlarning yo‘qligi aksariyat ayollarning onlayn maslahat olishlariga xalaqit berishini ta’kidladi.

chart, bar chart

"Sharq ayoli" NNT rahbarining so‘zlariga ko‘ra:

"Birinchidan, hududlarda kam ta’minlangan fuqarolar Internet tarmog‘iga ulanishi va uning imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin bo‘lgan bepul Wi-Fi zonalarining keskin yetishmasligi sababli. hamda ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslar bilim va IKT ko‘nikmalari, shuningdek, kompyuter yoki telefon kabi asboblar yo‘qligi sababli o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmaydilar."

Buni BMT Taraqqiyot dasturining "Gender raqamli tafovut" tadqiqoti natijalari ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, aholining aksariyati uchun hali ham Internet bilan foydalanish imkoniyati mavjud emas: 51% respondent ayollar moliyaviy to‘siqlarni Internetni ishlatishda eng katta muammo sifatida ko‘rsatib o‘tishgan.

Bundan tashqari, respondentlarning 37 foizi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va nogironligi bor shaxslarga nisbatan ijtimoiy tamg‘a va salbiy munosabat ularga xizmat ko‘rsatishda muammolar tug‘diradi, degan fikrga qo‘shiladi. Nogironligi bor insonlarni  jamiyatni rivojiga qimmatli hissa qo‘shishga qodir shaxslar sifatida tan olish o‘rniga, ularni oilada ham, jamiyatda ham og‘ir yuk deb hisoblashadi. Masalan, nogironligi bor farzandni tarbiyalayotgan ayol ish topishda qiynaladi. "Sharoit Plus" NNT asoschilaridan biri Dilmurod Yusupovning aytishicha:

Biz Telegram’dagi bepul huquqiy maslahatlar beruvchi botimiz orqali imkoniyati cheklangan ayollar va qizlardan ko‘plab murojaatlar qabul qilmoqdamiz. Yaqinda nogironligi bor bir ayol yordam so‘rab murojaat qildi, chunki onasining vafotidan so‘ng otasi unga uydan chiqishga ruxsat bermayotgan ekan. Ota-onalar va boshqa vasiylar imkoniyati cheklangan farzandlariga, ular voyaga yetganidan keyin ham, haddan tashqari g‘amxo‘rlik qila boshlaydilar. Ular o‘z farzandlarini erkin harakatlanish huquqidan mahrum qilish orqali aslida maishiy zo‘ravonlik qilayotganliklarini anglamaydilar. Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari haqidagi xabardorlik hatto ular yashaydigan jamoalarda ham juda past darajada. Shu sababli, biz bu mavzu haqida gapirishimiz va jabrlanganlarga huquqiy, ijtimoiy va ruhiy yordam xizmatlarini taqdim etishimiz lozim.

Nodavlat notijorat tashkilotlari zaif guruhlarning ehtiyojlarini aniqlashga imkoniyat ko‘proq, chunki ular bevosita jamoalar yashaydigan hududlarda faoliyat yuritadi va ularning salohiyatidan davlat siyosatini ishlab chiqishda foydalanish mumkin. Shu sababli, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati salohiyatini oshirish va umuman fuqarolik jamiyati faoliyati uchun imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida quyidagi qadamlarni tavsiya etish o‘rinli:

  • O‘zbekistonda ayollar, yoshlar, keksa fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini aniqlashda hamda kelajakdagi yuridik xizmatlarni rejalashtirish jarayonida NNTlar bilan maslahatlashish zarur.

  • Bundan tashqari, ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslanib, ayollar, yoshlar, keksa fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga maslahat berish vazifalarini NNTlarga topshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

  • Xulosa qilib aytganda, faoliyat doirasini kengaytirish maqsadida mavjud NNTlarning huquqni himoya qilish salohiyatini oshirishga e’tibor qaratish kerak.

Xulosa qilib aytganda, fuqarolik jamiyatini iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekologik adolatni ta’minlash, gender zo‘ravonligini yo‘q qilish, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va huquqiy qo‘llab-quvvatlash kabi ijtimoiy muammolarni hal etishda potensial hamkor sifatida ko‘rish lozim.  Bundan tashqari, erkin matbuot va rivojlangan fuqarolik jamiyati korrupsiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy inklyuzivlikni rag‘batlantirish va hukumatdagi joriy demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qodir.

BMTTD o‘z hamkorlari bilan birgalikda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va barcha fuqarolar, ayniqsa, eng zaif guruhlarning huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydigan yanada mustahkam va inklyuziv huquqiy tizimni shakllantirishda fuqarolik jamiyatining salohiyatini yanada oshiradi. BMTTD, shuningdek, aholiga samarali yuridik xizmatlar ko‘rsatish uchun davlat va xususiy sektor bilan hamkorlikni mustahkamlashda FJTlarni qo‘llab-quvvatlaydi.