Muallif: Bimali Amerisekere, Genderga yo‘naltirilgan huquqiy yordam bo‘yicha xorijiy amaliyot eksperti
O‘zbekiston misolida yuridik yordam ko‘rsatishda gender jihatlarni hisobga olish nima uchun muhim
3-December, 2024
To‘rtta xorijiy mamlakat: Finlyandiya, Shvetsiya, Turkiya va Sharqiy Timor tajribalari hamda eng yaxshi amaliyotlari
Ayollar va qizlarga nisbatan gender asosidagi zo‘ravonlik (GAZ) hamda oilaviy zo‘ravonlik (OZ) butun dunyoda keng tarqalgan muammo bo‘lib qolmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayol (35%) hayoti davomida asosan yaqin sherigidan jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Bundan tashqari, ayollar o‘limining 38% dan 40% gacha bo‘lgan qismi yaqin sheriklar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik oqibatida yuz beradi.
BMTTDning "O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish" loyihasi doirasida to‘rtta xorijiy mamlakatda: Shvetsiya, Finlyandiya, Sharqiy Timor va Turkiyada gender asosidagi zo‘ravonlik, jumladan oilaviy zo‘ravonlik hamda odil sudlovdan va huquqiy yordamdan foydalanishning gender jihatlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda gender asosidagi zo‘ravonlik va oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslar uchun odil sudlov va huquqiy yordamdan genderga sezgir tarzda foydalanishni ta’minlashning ahamiyatini anglashdan iborat bo‘lgan.
O‘zbekistonda Gender asosidagi zo‘ravonlik Oilaviy Zo‘ravonlik
O‘zbekistonda har yili 40 000 ga yaqin GAZ hodisasi qayd etiladi, bunda GAZdan jabrlanganlarning deyarli barchasi ayollardir. GAZ jabrdiydalarini "odam" sifatida emas, balki "xotin" yoki "ona" sifatida qabul qilish ayollarning jamiyatdagi stereotip roli tufayli GAZ bilan bog‘liq muammo yanada chuqurlashdi. O‘zbekistonda GAZning eng keng tarqalgan turi oilaviy zo‘ravonlik hisoblanadi: 2023-yilning dastlabki yetti oyi davomida 21 871 nafar ayol himoya orderiga murojaat qilgan bo‘lib, ularning 84,7 foizi er va qaynona kabi oila a’zolaridan himoyaga muhtoj bo‘lgan.
Yetar
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolangan yangi tarixiy qonun tufayli GAZga qarshi qonunchilik kuchaytirildi. Ushbu qonunga ko‘ra, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qat’iyan taqiqlanadi va qonun doirasida jazolanadi. Yangi qonun oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni joriy etdi, shuningdek, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlikni ham qamrab oldi va himoya orderlarining amal qilish muddatini bir yilgacha uzaytirdi.
O‘zbekiston uchun xorijiy mamlakatlardan olingan ayrim eng yaxshi tajribalar va saboqlar
BMTning Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CEDAW, 1979), Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi (1995), Istanbul konvensiyasi (2014) va boshqalar kabi xalqaro me’yoriy hujjatlar va shartnomalar gender va oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishda gender jihatlarni hisobga olish zarurligini ta’kidlaydigan asosiy kelishuvlardir.
BMTning jinoiy odil sudlov tizimlarida yuridik yordam olish imkoniyatlariga oid tamoyillari va yo‘riqnomalari (2013-yil) hamda Ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha konvensiyaning ayollarning odil sudlovdan foydalanishi to‘g‘risidagi 33-sonli umumiy tavsiyasi (2015-yil) ishtirokchi davlatlarning ayollarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini alohida belgilab beradi.
O‘rganilgan mamlakatlarda yuridik yordam va u bilan bog‘liq islohotlar to‘g‘risidagi hujjatlar, qonunlar va qarorlar birlamchi va ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini yaxshi ta’minlaydi. Biroq O‘zbekiston bundan mustasno bo‘lib, bu yerda ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatilsa-da, birlamchi yuridik yordam hali boshlang‘ich rivojlanish bosqichida qolmoqda
Finlyandiyada huquqiy yordamni davlat tomonidan moliyalashtirish tizimi va tegishli qonun amal qiladi. Bu qonunga ko‘ra, GAZ va oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga birlamchi va ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatiladi. "Finlyandiya jabrdiydalarini qo‘llab-quvvatlash" tashkiloti xodimlari GAZ holatlariga munosabat bildirish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va jabrlanganlarga hech qanday kamsitishlarsiz yordam ko‘rsatmoqda. Shvetsiyada Huquqiy yordam to‘g‘risidagi qonunga (1996:1619) muvofiq, yuridik yordam bu xizmatlar uchun to‘lov qila olmaydigan shaxslarga, jumladan GAZ jabrdiydalariga ham ko‘rsatiladi. Ushbu qonun "jabrlanuvchi advokati" tushunchasini joriy etib, jabrlanganlarga butun jinoyat ishi yuritish jarayoni davomida huquqiy vakillik bilan ta’minlanish imkoniyatini yaratdi. Ushbu kontekstda huquqiy yordam barcha jihatlarni: jabrlanuvchining moliyaviy ahvoliga bog‘liq bo‘lmagan holda, sudda vakillik qilishdan tortib to kompensatsiya yoki boshqa fuqarolik da’volari bo‘yicha maslahat berishgacha bo’gan jihatlarni qamrab oladi. Bu yordam jabrlanuvchilarning moddiy ahvolidan qat’i nazar ko‘rsatiladi. Sharqiy Timorda ham yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha davlat muassasalari tashkil etilgan bo‘lib, Jamoat himoyachisi boshqarmasi GAZdan jabrlanganlarning manfaatlarini himoya qilish va birlamchi va ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatish vakolatiga ega. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari ham zarurat tug‘ilganda davlat faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
NNT va xotin-qizlar tashkilotlarini jalb qilish orqali yuridik yordam ko‘rsatish samaraliroq bo‘ladi
Ta’kidlanishicha, Finlyandiya va Sharqiy Timorda davlat fuqarolik jamiyati tashkilotlari va ayollar guruhlari bilan qo‘llab-quvvatlash darajasida samarali hamkorlik olib bormoqda. Huquqiy jihatdan ham fuqarolik jamiyati tashkilotlari/nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat tomonidan birlamchi va ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatishda hech qanday to‘siqlar mavjud emas. Ayollar boshpanalarini boshqarish, ular davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanganda va ayollar boshchiligidagi nodavlat tashkilotlar rahbarligida bo‘lganda ham samarali hisoblanadi. Shvetsiyada jabrlanuvchilarga ko‘rsatiladigan yordamga yaxlit yondashuv ta’minlash maqsadida huquqiy yordamni boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Jabrlanuvchilar nafaqat huquqiy maslahat, balki psixologik yordam, xavfsiz turar joy va bolalarni himoya qilish masalalarida ham ko‘mak olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ayollar va qizlarni qamrab olish maqsadida jamoatchilikni xabardor qilishga qaratilgan faol dastur va kampaniyalarni boshlash va qo‘llab-quvvatlash
Ko‘pgina jabrlanuvchilar o‘z tajribasi haqida "yaqin"lardan biriga xabar berishadi, shuning uchun odil sudlovga erishish va yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha axborot dasturlari keng jamoatchilikka, jamoat guruhlariga, ayollar va qizlarga qaratilgan bo‘lishi kerak. Finlyandiyada o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, jinsiy sherik va boshqa shaxslar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlikni baholashda, ko‘pincha GAZ holatlari haqida jabrlanuvchiga "yaqin" bo‘lgan odamga xabar beriladi. Bu keng jamoatchilikni, ayniqsa ayollar va qizlarni qamrab olishning muhimligini ko‘rsatadi. Shvetsiyada maktab dasturi doirasida GAZning oldini olish va jinsiy tazyiqni normallashtirishni to‘xtatish bo‘yicha harakatlar faollashtirildi.
Sud tizimi, jumladan jinoyat-ijro zanjirining barcha ishtirokchilari uchun gender sezgirligi muhim ahamiyat kasb etadi
Turkiya oilaviy zo‘ravonlikka qarshi choralarni kuchaytirish maqsadida bir qator tadbirlarni amalga oshirdi. Bular qatoriga himoya orderi bo‘yicha sud sudyalari (oilaviy sudlar) va oilaviy zo‘ravonlikni tergov qilish bo‘limlarida faoliyat yurituvchi prokurorlar uchun seminarlar o‘tkazish kiradi. Bundan tashqari, sudyalar va prokurorlar uchun 6284-sonli qonunni qo‘llash bo‘yicha batafsil qo‘llanma, shuningdek, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sohasidagi qonunchilik haqida risola ishlab chiqildi.
Xorijiy mamlakatlarning ushbu tajribalaridan kelib chiqib, O‘zbekiston uchun quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi:
Gender jihatlarini hisobga olgan holda, ham birlamchi, ham ikkilamchi yuridik yordamni ta’minlaydigan milliy yuridik yordam qonuni va siyosatini ishlab chiqish.
Ayollarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini gender nuqtai nazaridan tahlil qilish/baholash hamda ayollar va boshqa zaif guruhlar uchun yuridik yordam ko‘rsatishni o‘rganish.
Odil sudlov tizimi xodimlari uchun odil sudlovdan foydalanish/yuridik yordam olish masalalari bo‘yicha jabrlanuvchilarga yo‘naltirilgan va sud tizimidagi noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etishga qaratilgan gender jihatlarini hisobga olgan o‘quv dasturlarini joriy etish va institutsionallashtirish.
Xotin-qizlarning odil sudlov va yuridik yordamdan foydalanish "huquqlari" to‘g‘risida salohiyatini va xabardorligini oshirish.
NNT kabi boshqa yuridik xizmat ko‘rsatuvchilar bilan hamkorlik qilish orqali GAZ/OZdan jabrlanganlarga bepul yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatini tez va samarali tarzda ta’minlash hamda markazlar/boshpanalarning davlat tomonidan moliyalashtirilishini oshirish.