Joriy haftada Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekistonning yuqori darajali delegatsiyasi Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Jenevaga (Shveysariya) tashrif buyurdi. BMTTD O‘zbekiston hukumatining JST ga qo‘shilishini jadallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
BMTTD ko‘magida O‘zbekistonning JST ga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
15-March, 2023
14-15 mart kunlari O‘zbekistonning JST ga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhi so‘nggi yig‘ilishidan to‘qqiz oy o‘tib 6-yig‘ilishini o‘tkazdi. Koreya Respublikasining yaqinda tayinlangan elchisi janob Yun Son Dok raisligida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonning tashqi savdo rejimini o‘rganish uchun 25 ta JST ga a’zo davlat vakillari yig‘ildi. Ko‘p tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi bilan bir qatorda, yig‘ilish tovarlar va xizmatlar bozoriga kirib borishdan manfaatdor bo‘lgan JST ga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar uchun platforma bo‘lib xizmat qildi.
Yig‘ilish oldidan janob Xo‘jayev O‘zbekistonning ko‘p tomonlama savdo tizimiga qo‘shilish qarorini tasdiqlash maqsadida JST ning Bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi. Bosh direktor, o‘z navbatida, O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini olqishladi va JST Kotibiyati mamlakatning a’zo bo‘lish jarayoniga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini ta’kidladi.
Ishchi guruh raisi bu O‘zbekiston uchun, qo‘shilish jarayoni qaytadan boshlanganidan so‘ng Ishchi guruh yig‘ilishi doirasida tovar va xizmatlar bozoriga kirib borish bo‘yicha yuzma-yuz ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish uchun birinchi imkoniyat ekanligini ta’kidladi.
JST Bosh direktori o‘rinbosari Syanchjen Chjan ishtirokchilarga JST Bosh direktori O‘zbekistonning a’zo bo‘lish jarayonini diqqat bilan kuzatib borayotgani va JST kotibiyati ham uni bu yo‘lda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi. «Bosh direktor ayniqsa Prezidentning yaqinda parlamentga JST ga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirish zarurligi to‘g‘risidagi murojaatidan so‘ng O‘zbekistonning JST ga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishga optimistik nuqtai-nazar bilan qaray boshladi», - deya ta’kidladi u. Eslatib o‘tamiz, Prezident Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabr kuni parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida JST ga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni tezroq yakunlash va qonunchilikni ushbu tashkilot qoidalariga moslashtirish zarurligi haqida aytib o‘tgan edi.
Bosh vazir o‘rinbosari o‘zining kirish nutqida O‘zbekistonning 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida erishgan asosiy yutuqlariga to‘xtalib, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar «2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» asosida izchil davom etayotganini ta’kidladi. JST ga a’zo bo‘lish borasida qat’iy qarorga muvofiq, janob Xo‘jayev tovarlar va xizmatlar bozoriga kirib borish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni tezlashtirishga, shuningdek, milliy qonunchilikni JST qoidalariga muvofiqlashtirishga tayyorligini tasdiqladi.
«Biz JST ga a’zo har bir manfaatdor davlat bilan muloqot va shaxsiy yondashuv uchun ochiqmiz, ammo bozorni erkinlashtirish iqtisodiyotning sezgir va rivojlanayotgan tarmoqlariga zarar yetkazmasligi kerak» - dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
25 ta JST ga a’zo davlatlar va 1 nafar kuzatuvchi davlat O‘zbekistonning ko‘p tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuv bo‘yicha harakatlarini olqishladi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston O‘zbekistonning sa’y-harakatlari va fidoyiligini yuqori baholab, mamlakatning JST ga a’zo bo‘lishi mintaqaviy darajada ijobiy rol o‘ynashini qo‘shimcha qildi. JST ga yaqinda a’zo bo‘lgan Qozog‘iston mamlakati vakili rivojlanayotgan va o‘tish davri iqtisodiyotiga ega mamlakatlar uchun a’zolikka alohida yondashuv zarurligini ta’kidladi.
Ishchi guruh tabrik nutqlaridan so‘ng yangilangan Faktologik xulosa (rezyume) asosida O‘zbekistonning tashqi savdo rejimini ko‘rib chiqdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Ishchi guruhga ikki tomonlama muzokaralar olib borish bo‘yicha olg‘a siljishlar haqida ma’lum qildi. Masalan, bugungi kunga qadar 31 nafar JST ga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borilgan va 3 nafari yakuniga yetgan. Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston JST qoidalariga rioya qilish maqsadida rejalashtirilayotgan milliy qonunchilikdagi o‘zgartirishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ishchi guruh faoliyatidagi keyingi qadamlarni ko‘rib chiqib, janob Yun Son Dok O‘zbekistonni joriy yil oxirigacha navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazish uchun muzokaralarni tezlashtirishga chaqirdi. Shuningdek, u JST ga a’zo manfaatdor davlatlarni O‘zbekiston bilan tovarlar va xizmatlar bozoriga kirib borish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar olib borishga da’vat qildi.
O‘zbekiston JST ga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun Ishchi guruh hisobotini tayyorlashni yakunlashi, JST ga a’zo barcha manfaatdor davlatlar bilan tovar va xizmatlar bozoriga kirib borish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar tuzishi va milliy qonunchilikni, iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha bir qator islohotlar nazarda tutiladigan JST qoidalariga muvofiqlashtirishi lozim.
Ishchi guruhning 6-yig‘ilishi natijalariga ko‘ra, BMTTD «Markaziy Osiyoda savdo rivojlanishiga ko‘maklashish» loyihasi doirasida me’yoriy-huquqiy hujjatlarning JST bitimlariga muvofiqligini tahlil qilish va tahliliy tadqiqotlar, zarur hujjatlarni, jumladan, JST a’zolarining savollariga javoblar tayyorlash uchun O‘zbekiston hukumatiga yordam berishda davom etadi.
«Markaziy Osiyoda savdo rivojlanishiga ko‘maklashish» loyihasi Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyihaning maqsadi «yashil» iqtisodiyot bo‘yicha qiymat zanjirlari yaratishni rivojlantirish va iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish orqali inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishda Markaziy Osiyo mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.