Fermerlarning iqlim o'zgarishiga moslashishi uchun ko'maklashish
5-October, 2022
2022-yil 27-sentabr kuni BMTTD tomonidan O'zbekistonda iqlim o'zgarishi masalalari yuzasidan SATREPS loyihasining vakillari bilan tajriba almashish uchun ishchi uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda BMTTD, O'zgidromet, IAGMI ekspertlari, Yaponiyaning O'zbekistondagi SATREPS loyihasi ekspertlari guruhi ishtirok etdilar.
Iqlim o'zgarishiga moslashish mamlakatimiz uchun birinchi navbatdagi vazifa hisoblanadi, zero havo isishi dunyodagiga nisbatan ikki barobarga tezroq yuz bermoqda. Bu holat suv tanqisligi, iqlim quruqligini ortishi va favqulodda iqlim hodisalarining tez-tez takrorlanishiga sabab bo'lib, insonning iqtisodiy, oziq-ovqat va ekologik xavfsizligi uchun jiddiy muammolarni yuzaga keltirmoqda. Bunda, qishloq xo'jaligi chekka hududlar uchun bandlikning eng muhim sektori bo'lib, iqlim o'zgarishiga eng ta'sirchan soha hisobalanadi.
Kioto universitetining professori Kenji Tanaka O'zbekistondagi tuproqning sho'rlanishini kamaytirishga yo'naltirilgan “BLUE” loyihasini amalga oshirish tajribasi bilan o'rtoqlashdi. Mazkur loyiha qum bo'ronlari hamda quyosh radiatsiyasi yuqori bo'lgan vaqtni prognoz qilishga, tuproq harorati va namligini o'lchashga yordam beradigan sun'iy yo'ldoshli meteorologiyaga oid tarkibits qismdan iborat.
Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTD va O'zgidromet hamkorligidagi “O'zbekistonning Farg'ona vodiysida meva-sabzavot yetishuvchilarning iqlim o‘zgarishiga moslashuvini oshirish” loyihasi rahbari Sardor Qodirov o'z taqdimotida Farg'ona vodiysida meteostansiyalarni o'rnatish bo'yicha rejalashtirilgan ishlar haqida so'zladi.
Uning aytishicha, turli salohiyatga ega bo'lgan fermerlar har doim ham agrometeorologiya axborotidan foydalana olmaydilar. Ularning aksariyati bu ma'lumotlarni sonlar to'plami sifatida qabul qiladi. Bu orada, agrometeorologik ma'lumotlarni tahlil qilish qobiliyati aniq agrotexnik ishlarni amalga oshirish imkonini beradi. Loyihaning maqsadlaridan biri fermerlarning agrometeorologik ma'lumotdan hamda metestansiyalardan olingan ma'lumotlar asosida tuzilgan agrotexnik ishlarni o'tkazish bo'yicha tavsiyalardan foydalanishi imkoniyatini beruvchi yechimlarni izlashdan iborat.
Shuningdek, tadbir davomida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishi va barqarorlik” BMTTD loyihasi bo'yicha taqdimot tinglandi. Tadbir ishtirokchilariga Qirg'iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O'zbekiston Respublikasining chegara hududida joylashgan Farg'ona vodiysida iqlim o'zgarishiga chidamlilik va barqarorlikni ta'minlash uchun loyiha doirasida qanday ishlar olib borilayotgani haqida ma'lumot berildi.
Munozaralar chog'ida O'zgidromet vakillari fermerlarni agrometeorologik axborot bilan ta'minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar, shuningdek bu sohada to'qnash kelayotgan qiyinchiliklar haqida so'zladilar.
Uchrashuv O'zbekistonda iqlim o'zgarishiga moslashish sohasida ish yuritayotgan akademik doira, davlat sektori va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir yerda jamlay olgan qulay platformaga aylandi. Ishtirokchilar o'z tajribalari bilan o'rtoqlashib, muammoli vaziyatlarni hal qilish bo'yicha maslahat olish, shuningdek kelgusidagi hamkorlik salohiyatini belgilash imkoniga ega bo'ldilar.
Tadbir Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTD va O'zgidromet hamkorligidagi “O'zbekistonning Farg'ona vodiysida meva-sabzavot yetishuvchilarning iqlim o‘zgarishiga moslashuvini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.