10-13 noyabr kunlari Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov, Qoraoʻzak va Chimboy tumanlaridan 30 nafardan ortiq tadbirkor uchun “KAYZEN asoslari” mavzusida o‘quv dasturi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir davomida ishtirokchilar turli shakldagi korxonalar boshqaruvchilarining ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyatlarini yolga qoyish jarayonida qollaydigan noyob yapon yondashuvi bilan tanishish imkoniga ega boʻladilar. Ushbu trening Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan “Orolboʻyi hududidagi aholining iqtisodiy, ekologik hamda sog‘liqni saqlash masalalaridagi zaifliklarini bartaraf etish orqali turmush barqarorligini mustahkamlash” BMTTD-YuNFPAning qo‘shma dasturi doirasida tashkil etildi.
Kayzen - yaponcha so‘z bo‘lib "yaxshi tomonga o‘zgarish", ya’ni korxonani boshqarishning barcha darajalarida korporativ faoliyatni doimiy ravishda takomillashtirishni anglatadi. Ushbu amaliyot Ikkinchi jahon urushidan soʻng iqtisodiyotni tiklash davrida bir necha yapon korxonalarida joriy etildi va shundan beri butun olamdagi korxonalarda tarqalmoqda. Tejamkor ishlab chiqarish texnologiyasi boʻlmish Kayzen — zamonaviy bosqichdagi raqobat kurashida afzalikka erishish imkonini beruvchi menejment falsafasi, nazariyasi va usullaridir.
Dasturni tejamkor ishlab chiqarish konsepsiyasini oʻzlashtirish boʻyicha xizmatlarning toʻliq hajmini koʻrsatuvchi mutaxassislar olib borishmoqda. Ishtirokchilarga koʻp yillar mobaynida Yaponiyada yuzaga kelgan va jahonda keng qoʻllanilayotgan KAYZEN konsepsiyasi, uslublari va usullari taqdim etilmoqda.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish, tibbiyot, toʻqimachilik ishlab chiqarishi va boshqalar shu kabi iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat yurituvchi, ishchilari soni 10 nafardan oshmaydigan mikro- va kichik korxonalar mazkur treningning maqsadli auditoriyasi hisoblanadi. Qayd etish muhimki, har bir kurs ishtirokchilari orasida ayollar nisbati 30-40 foizni tashkil etadi.
Trening Qoraqalpogʻistonning qishloq tumanlaridagi mahalliy korxonalarga kichik va oʻrta korxonalarda tadbirkorlik faoliyatini olib borishda amaliy va boshqaruv koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi. KAYZEN uslubini joriy etish esa Qoraqalpogʻistondagi kichik va oʻrta korxonalari menejerlari va sohiblariga unumdorlikni oshirish uchun qoʻshimcha gʻoyalar taqdim etadi, oʻsishning yangi istiqbollarini ochadi, KAYZENga muvofiq biznes-rejani aniqlaydi va barqaror amaliy faollikni taʼminlaydi.