Tomonlarning 27-konferentsiyasi bilan bogʼliq tarzda oʼtkazilgan mintaqaviy konferentsiya iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish oʼrtasida sogʼlom muvozanatga erishish uchun barcha Markaziy Osiyo davlatlarini saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqiradi.
Markaziy Osiyo davlatlari iqlim oʼzgarishi bilan bogʼliq xatarlarga qarshi kurashish uchun qoʼshimcha choralar koʼrishi lozim
2-December, 2022
TOSHKENT: 2022 yil 2 dekabr – Markaziy Osiyoda havo harorati oʼrtacha global koʼrsatkichdan koʼra tezroq surʼatda koʼtarilmoqda. Oxirgi 30 yilda oʼrtacha yillik harorat 0,5 darajaga koʼtarilgan boʼlsa, 2085 yilga kelib 2,0 - 5,7 darajagacha koʼtarilishi kutilmoqda. Ekstremal ob-havo hodisalari va tabiiy ofatlarning takrorlanish darajasi va tezligi jismoniy xavfsizlik, eng muhim infratuzilma obʼektlari hamda sogʼliqni saqlash va taʼlim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga tahdid solmoqda.
Аynan mana shu mulohazalar mazkur haftada Toshkentda boʼlib oʼtgan “Global bilimlardan mahalliy yechimlar sari: Markaziy Osiyodagi iqlimga chidamli institutlar” mavzuidagi iqlim oʼzgarishi boʼyicha yuqori darajadagi konferentsiyaning asosiy gʼoyasi boʼldi. Tadbir BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan, Yevropa Ittifoqi hamda Germaniya hukumati (GIZ) bilan birgalikda hamda Oʼzgidromet, Oʼzbekiston tashqi ishlar, qishloq xoʼjaligi, suv xoʼjaligi vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ekologik tahdidlar toʼgʼrisidagi faol muloqotda yuzdan ziyod ishtirokchi qatnashib, barcha Markaziy Osiyo davlatlarini iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatish bilan unga moslashish oʼrtasida sogʼlom muvozanatni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
BMT Taraqqiyot dasturining Oʼzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning taʼkidlashicha, konferensiya xalqaro tashkilotlar Markaziy Osiyoda iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish boʼyicha birgalikda harakat qilishi mumkinligining ajoyib namunasini namoyish etadi. “Hech bir millat yoki tashkilot bu muhim jarayonga yolgʼiz oʼzi yetarlicha hissa qoʼsha olmasligi aniq, - dedi u. - Ammo birgalikda ishlash orqali biz insoniyat uchun hayot-mamot darajasidagi tahdidni yengib oʼtishda katta muvaffaqiyatlarga erishishimiz mumkin."
Bugungi kunda har oʼnta tabiiy ofatdan toʼqqiztasi iqlim oʼzgarishi bilan bogʼliq. Bundan tashqari, iqlim oʼzgarishi mahalliy va mintaqaviy iqtisodiyotlarga ham taʼsir oʼtkazishi mumkin, negaki resurslarning haddan tashqari ishlatilishi va yetishmasligi qishloq xoʼjaligi, energetika kabi asosiy tarmoqlar hamda suvga bogʼliq boʼlgan boshqa faoliyat turlariga salbiy taʼsir qilishi kutilmoqda. Shu tariqa ishtirokchilar iqtisodiyotning zaif tarmoqlari orasida iqlim oʼzgarishi va barqarorlik masalalari boʼyicha mintaqaviy muloqot va xabardorlikni oshirish lozimligiga urgʼu berdi. Ular tomonidan Markaziy Osiyoning chegaradosh hududlarida iqlim bilan bogʼliq erta ogohlantirish va oldini olish choralarini hamjamityalar darajasida kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Boriy Alixonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi ta’kidlab o’tganidek: “Birgalikdagi harakatlarimizning asosiy maqsadi mintaqaning suv ekotizimini barqarorlashtirish uchun yechimlarni izlash va ularni amalga oshirish bo'lishi kerak. Yuqori suv havzalarida muzliklar va ekotizimlarni barqarorlashtirish, suv resurslarini ko‘paytirish, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, Orol dengizini yanada barqarorlashtirish, cho‘llanishni to‘xtatish va qurg‘oqchilik ta’sirini kamaytirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlar zarur. Bularning barchasi hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun xavflarni bartaraf etish uchun asos bo‘ladi”.
Polkovnik Hotamsho Latifzoda, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar va fuqaro mudofaasi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari aytib o’tganidek: “Biz iqlim o'zgarishi davrida yashayapmiz va bu holat barchamizga ta'sir qilmoqda. Iqlim “tahdid multiplikatori”, balki global hamkorlik uchun “katalizator” hamdir. Bu holat iqlim oʻzgarishiga moslashishni hisobga olgan holda barqaror global rivojlanish yoʻlida xalqlarni birlashtirishga va hamkorlikka xizmat qiladi”.
"Iqlim o'zgarishiga moslashishga qarshi kurashish integratsiyalashgan transchegaraviy yondashuvdan iborat", deb aytdi Mahtumquli Akmuradov, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro tashkilotlar departamenti maslahatchisi.
Asilbek Mazaripov, Qirg‘iziston Respublikasi Favqulodda Vaziyatlar vazirining o‘rinbosari, o‘zining nutqida iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarga qarshi kompleks chora-tadbirlar ko‘rish orqali barqarorlikni oshirish bo‘yicha uzoq muddatli istiqbolni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi. “Biz koʻp tomonlama hamkorligimizni mustahkamlashimiz va iqlim oʻzgarishi muammolari va ilgʻor tajribalar, shuningdek, Markaziy Osiyoda iqlim barqarorligi xavfini baholash boʻyicha bilimlar bazasi boʻyicha maʼlumotlar almashishni davom ettirishimiz kerak, bu esa Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanish uchun qoʻshma yechimlarni ishlab chiqishga olib keladi,” - dedi janob Mazaripov.
Mereke Pshembaev, Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda Vaziyatlar Vazirining o‘rinbosari “Qozog‘iston Favqulodda Vaziyatlar vazirligi tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida kelgusida tajriba almashish uchun ochiq”, deya ta’kidlab o’tdi.
Birinchi sessiya Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlarga chidamlilikni oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo davlatlarining iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavf-xatarlariga nisbatan iqlim siyosatini muhokama qildilar. Ikkinchi sessiya yakunida ishtirokchilar BRMga erishish uchun “Suv-energiya-oziq-ovqat-sogʻliqni saqlash” bogʻliqligi boʻyicha iqlim oʻzgarishiga moslashish va xavf-xatarlarni yumshatish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, suv va yerdan foydalanishda iqlimga chidamlilikni oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻlamini aniqladilar. Uchinchi sessiyaning asosiy mavzusi mintaqadagi milliy hukumatlar va mintaqaviy hukumatlararo institutlar va platformalarni jalb qilish orqali mintaqaviy sheriklik va almashinuv bo'ldi.
Iqlim xatarlarining va tabiiy resurslarning umumiylik tabiatini hisobga olgan holda, ishtirokchilar iqlim oʼzgarishiga qarshi kurashish boʼyicha saʼy-harakatlarni mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning boshlangʼich nuqtasi sifatida koʼrish mumkinligini taʼkidladi. Oxirgi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari - Qozogʼiston, Qirgʼiz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Oʼzbekiston iqlim oʼzgarishiga moslashish va tabiiy kapitalga asoslangan “yashil” oʼsishga erishishda sezilarli natijalarga erishdi. Ular tabiiy resurslarni boshqarishda iqlim oʼzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish hamda barqarorlikni taʼminlash boʼyicha tarmoqlararo hamkorlikni yoʼlga qoʼyish tashabbusini ilgari surdi.
Qisqacha umumiy maʼlumot
BMTTDning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi mazkur bir kunlik tadbirni Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʼmagida “Markaziy Osiyoda iqlim oʼzgarishi va barqarorlik” loyihasi doirasida hamda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtirilayotgan GIZning atrof-muhit, iqlim va suv resurslari chidamliligini oshirishga qaratilgan “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etdi. “Markaziy Osiyoda iqlim oʼzgarishi va barqarorlik” loyihasi Qirgʼiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Oʼzbekiston Respublikasi oʼrtasidagi hudud boʼlgan Fargʼona vodiysida barqarorlik va iqlimga chidamli rivojlanishni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan. Fargʼona vodiysining milliy qismida suv resurslaridan barqaror foydalanishni yaxshilash uchun daryolar havzasini boshqarish rejalarini takomillashtirish asosiy tadbirlardan biridir. Xususan, loyiha doirasida rahbar xodimlar hamda ekspertlar uchun turli treninglar oʼtkazilmoqda. Loyiha doirasida oʼtkazilgan bazaviy tadqiqotlar natijasida tarmoq mutaxassislarining Fargʼona vodiysidagi iqlim beqarorligi bilan bogʼliq xatarlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tegishli moslashuv choralari oʼrtasidagi bogʼliqlik toʼgʼrisidagi xabardorlik darajasi past ekani namoyon boʼldi. Shuningdek, loyiha doirasida uchta pilot daryo havzasi tanlab olinib, Fargʼona vodiysida barqarorlik va chidamlilikni taʼminlash maqsadida, ularga iqlim bilan bogʼliq mavjud xatarlar kiritildi.