Uzoq hududlarda ozon qatlamini himoya qilish va oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytira olamizmi? Qandayligini bilib oling
26-June, 2024
Qanday qilib meva va sabzavotlarni har qanday iqlim sharoitida uzoqroq saqlashimiz va ularni yil davomida mijozlarga yetib borishini ta'minlashimiz mumkin? Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining (FAO) 2023-yil hisobotiga ko'ra, har yili 1,3 milliard tonnadan ortiq oziq-ovqat isrof qilinadi, meva va sabzavotlarning 45% i noto’g’ri tarzda saqlash va boshqa sabablarga ko’ra chiqindiga aylanadi. Ayni paytda 800 millionga yaqin odam ochlikdan aziyat chekmoqda. Iqlim o'zgarishi va samarasiz sovutish va saqlash usullari oziq-ovqat sifatini yanada pasaytiradi va global isishga hissa qo'shadi.
Bundan tashqari, iqlim o’zgarishi, global isish va ozon qatlamining yemirilishi natijasida hosildorlik kamayishi va chirish jarayonining ham tezlashishi kuzatilmoqda. Ma’lumki, gidroxlorftoruglerod (GXFU) asosida ishlab kelayotgan sovutish va havoni konditsionerlash texnikalari sabab ajralayotgan GXFUlar ozon qatlamining yemirilishiga va global isishga ta’sir qiladi. O'z navbatida, ushbu ekologik muammolarning salbiy oqibatlari aholi salomatligiga (teri saratoni, ko'z kataraktasi va boshqalar) kasalliklarga sabab bo’ladi hamda qishloq xo'jaligida hosildorlikning pasayishiga olib keladi.
Ushbu muammolarni hal qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturi va Global ekologik jamg‘armasi hamkorligidagi “O‘zbekistonda global isish salohiyati past va ozonni yemirish salohiyati bo‘lmagan energiya samarador texnologiyalarni joriy etish orqali GXFUni butunlay iste’moldan chiqarish” qo’shma loyihasi doirasida yashil texnologiyalarni qo’llab quvvatlamoqda. Bundan asosiy maqsad Oʻzbekiston sovutish va havoni konditsionerlash sektori texnologiyalarini haqiqiy sharoitlarda sinovdan o‘tkazish va yashil iqtisodiyotgan boshlashdir.
13-iyun 2024-yil Qoraqalpog'iston Respublikasining Qonliko’l tumanida joylashgan “Asel-Lazzet” xususiy firmasida shunday namoyishli loyihalardan birining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Mahalliy mutasaddilar, O’zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi va BMTTD vakillari ishtirok etgan tadbirda, Qonliko’l tumani hokimi Bahrom Sultonov boshchiligida Ozon qatlami uchun zararsiz bo'lgan R290 yoki propan yordamida yangi sovutish tizimi ishga tushirildi.
"Asel-Lazzet" xususiy frimasi 15 ta maktabgacha ta’lim muassalaridagi jami 1000 nafardan ortiq bolalarni ekologik toza muzlatgichlarda xavfsiz saqlanadigan meva va sabzavotlar bilan ta'minlaydi. 200 tonna sig'imga ega ushbu zamonaviy muzlatgich oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlaydi, chiqindilarning oldini oladi va chekka hududlardagi bolalar uchun yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini saqlaydi.
“Biz, o'zimiz yetishtirgan meva va sabzavotlarni yaqin atrofdagi bolalar bog'chalari uchun yillik talablarini qondirish uchun muzlatgichlarda saqlaymiz. Bu yil, biz ekologik va energiya tejaydigan uskunalar bilan muzlatgichda meva va sabzavot saqlashimizdan juda xursandmiz”,deb ta'kidladi “Asel-Lazzet” firmasi rahbari Sabur Bisenov.
"Ushbu sovutish uskunasi R290, ya'ni propan bilan ishlaydi va muzlatish jarayonida kelajakdagi texnologiya hisoblanadi".Atmosfera havosini muhofaza qilish siyosati boshqarmasi bosh eksperti Nozimbek Nosirov ushbu loyihalarning Monreal bayonnomasini amalga oshirishdagi ahamiyatini ta'kidladi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish va ekologik toza sovutishni targ’ib qilish orqali ushbu namoyish loyihasi, ayniqsa chekka hududlardagi aholi uchun yashil va sog'lom kelajakka hissa qo'shishga qaratilgan.