Xojaylida yangi inklyuziv Davlat xizmatlari markazi o'z eshiklarini ochdi

14-December, 2021

Toshkent 2021 yil 10 dekabr: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xojayli tumanida davlat xizmatlari agentligining tashkil etilganligining to’rt yilligi bayrami arafasida yangi inklyuziv davlat xizmatlari markazining (DXM) ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Mazkur markaz Davlat xizmatlari agentligi tomonidan qurilgan bo‘lib, BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqi ko‘magida jihozlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonning qishloq joylarida davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish”qo‘shma loyihasi pilot hududlardagi, xususan, Xo‘jayli tumanidagi Davlat xizmatlari markazini ham zamonaviy IT va kommunikatsiya uskunalari (serverlar, shaxsiy kompyuterlar, tarmoq va telekommunikatsiya qurilmalari, videokuzatuv qurilmalari, foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini bildirish moslamalari va boshqalar), fuqarolar uchun qulay kutish zonasi va zamonaviy havoni konditsionerlash tizimi bilan ta’minlashda ko’maklashmoqda.

Bino qurilishida uning zamonaviy inklyuziv shaharsozlik me’yorlariga mos kelishi, fuqarolar, ayniqsa, jismoniy nogironligi bor insonlar uchun eng qulay sharoitlar yaratilishiga alohida e’tibor qaratildi. Yangi Markazda elektron navbat tizimi, maʼlumot kioski, oʻz-oʻziga elektron xizmatlar olish burchagi, bolalar maydonchasi va mini kutubxona mavjud. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarning mustaqil tarzda davlat xizmatlaridan foydalasnishning turli imkoniyatlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish maqsadida axborot stendlari va plakatlar o‘rnatilgan.

Bu yerda ko’plab davlat xizmatlaridan ekstraterritorial asosda, ya'ni yashash va ro’yxatga qo’yilgan manzilidan qat'iy nazar foydalanish mumkin. Xo‘jayli tumanidagi yangi Davlat xizmatlari Markazi 160 ga yaqin davlat xizmatlari taqdim etib, kuniga 200 nafargacha aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Markaz aholining barcha qatlamlariga, jumladan, yosh bolali ayollar, turli guruhdagi nogironligi bor insonlar, yoshlar va keksalarga xizmat ko’rastishga mo‘ljallangan. 125 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Xo‘jayli tumanida aholining 2,5 foizini nogironligi bor insonlar, 7,5 foizini keksalar tashkil etadi. Davlat xizmatlaridan foydalanishni yaxshilash maqsadida Davlat xizmatlari agentligi Qo‘shma loyiha ko‘magida barcha yangi Davlat xizmatlari markazlarini, jumladan, Xo‘jayli shahridagi yangi Davlat xizmatlari Markazini ham panduslar, tutqichlar, shuningdek nogironlar aravachalari va nogironligi bor insonlar uchun boshqa zarur shart-sharoitlar bilan jihozlamoqda.

Bundan tashqari, Qo‘shma loyiha doirasida davlat xizmatlarini olishda qulaylik yaratish maqsadida Brayl alifbosidan keng foydalanish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishga o’qitish maqsadida operatorlar uchun treninglar tashkil etish va davlat xizmatlari portalida alohida ehtiyojli shaxslar uchun maxsus yorliq(ilova) ishlab chiqish joriy etilmoqda. Keng aholi uchun kompyuter savodxonligini oshirish, AKT va my.gov.uz yagona davlat xizmatlari portalidan foydalanish o’rgatuvchi kurslari tashkil etiladi.

 

Xo‘jayli tumanidagi DXMda, boshqa pilot markazlarida bo‘lgani kabi, ko‘ngillilar(volontyorlar)ni Agentlik va Davlat xizmatlari markazlari faoliyatiga aholining ijtimoiy zaif qatlamlari – nogironligi bor insonlar, qariyalar va yosh bolali ayollarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ko’maklashishga jalb etishga qaratilgan ko‘ngillilik dasturi amalga oshirilmoqda. Barcha volontyorlar chekka hududlarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholi bilan o‘zaro hamkorlik qilishga tayyorlash bo‘yicha treninglarda qatnashishdi. Har bir ko'ngilli o'z vazifalarini bajarish uchun zarur bo'lgan texnik vositalar bilan ta'minlanadi.

Shuningdek, Agentlikning to’rt yilligini nishonlash doirasida O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etilib, unda Davlat xizmatlari agentligi va Qo‘shma loyiha tomonidan 2021-yilda erishilgan asosiy yutuqlar taqdimot qilindi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.