O'zbekistonning barqaror rivojlanishida fuqarolar ishtiroki uchun yangi imkoniyatlar

Muallif: Firuza Tadjimova

23-March, 2022

 

Image: UNDP Uzbekistan

 

Orzuga erishish doim ham oson bo'lavermaydi. Termiz davlat universitetining arxitektura fakulteti talabasi bo'lgan Oybek Usanov uchun o'z uyida elektr energiyasidan doim ham foydalanish imkoniyatining yo'qligi u har kuni to'qnash keladigan muammoga aylangandi.

“Mahoratli arxitektor bo'lish uchun so'nggi yangiliklar bilan hamnafas bo'lish hamda maxsus kompyuter dasturalari yordamida konstruksiyalash ko'nikmalarini egallash zarur. Biroq, men bu yo'nalishda rivojlana olmasdim, chunki uyimda kompyuter va Internetdan foydalanish imkoni bo'lmagan. Shu sababli, kasbiy jihatdan rivojlanish imkoniyatiga ega bo'lish uchun ko'pincha universitet shaharchasida ushlanib qolishimga to'g'ri kelardi”, - deydi Oybek Usanov.

Surxondaryo viloyati, Qumqo'rg'on tumanidagi “Yangihayot” mahallasining aholisi ham, huddi Oybek singari turli muammolarga to'qnash kelganlar, ammo ularning barchasini elektr energiyasi tanqisligi bog'lab turgan. “Yangihayot” mahallasida transformator bo'lmaganligi tufayli bu yerdagi aholi qo'shni Bandixon tumanidan elektr energiyasini olishga majbur bo'lgan. Natijada 100ta uy xo'jaligiga mo'ljallangan Bandixon tumanidagi o'rtacha transformatori qariyb 150ta uy xo'jaligini elektr energiyasi bilan ta'minlab kelgan.

“Uyimizda elektr kuchlanishi juda past bo'lganligi sababli, bironta elektr uskunadan foydalana olmasdik. Xonalardagi yorug'lik ham juda past edi”, – deya eslaydi Oybek.

Oybek tashabbusli byudjetlashtirishda ishtirok etish imkoniyati haqidagi e'lonni ko'rgan zahoti, darhol o'z mahallasida transformatorni o'rnatish yuzasidan taklifni yo'lladi. Natijada, uning loyiha taklifi mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirish uchun yetarlicha ovoz to'pladi. Bugun “Yangihayot” mahallasidagi har bir xonadon barqaror va sifatli elektr energiyasidan foydalanib kelmoqda.

Oybek Usanovning voqeasi - tashabbusli byudjetlashtirish amaliyoti yordamida o'z mahallalarida turmush sharoitini yaxshilashga erisha olgan shaharliklarning hikoyalaridan biridir. O'zbekiston Hukumati ushbu dasturni dastlab BMTTD ko'magida 2019 yilda amaliyotga tatbiq eta boshladi. BMTTD maslahatchilarni o'qitish va tayyorlashdan tashqari, openbudget.uz portalining ish jarayonini yaxshilashga yordam berdi. Mazkur portal shahar va qishloq hududlaridagi dolzarb muammolarga yechim topish yo'lida “quyidan tepaga” yondashuvini shakllantirish uchun hokimiyat organlari va fuqarolar o'rtasida qulay muloqot maydoniga aylandi.

“O'zbekistonda tashabbusli byudjetlashtirishni rivojlantirish muhim demokratik jarayon bo'lib, unda fuqarolar mahalliy byudjet harajatlarini taqsimlashga doir qarorlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etadilar. Bu aholining hayotlariga ta'sir ko'rsatuvchi byudjetga oid qarorlarni qabul qilishda hukumat bilan o'zaro munosabatda bo'lish imkonini beradi”, - deydi BMTTD loyihasi tadqiqotlari koordinatori Viktoriya Anoshkina.

2021 yilda fuqarolardan o'zlari yashab turgan hududlarni obodonlashtirishga yo'naltirilgan 40 000dan ziyod taklif kelib tushgan bo'lib, ularning orasidan ovoz berish natijasida 1 458ta loyiha tanlandi va amalga oshirildi.

“Takliflar tahliliga ko'ra, 2021 yilda taklif etilgan fuqarolik tashabbuslari asosan yo'llar va ijtimoiy ob'ektlarni rekonstruksiya qilish, shuningdek ichimlik suvi va elektr energiyasini ta'minlashga qaratilgan”, - deydi Moliya vazirligi mutaxassisi Azim Xasanov.

“Mahallamizdagi ijobiy o'zgarishlardan qanchalar ilhomlanganimni tasvirlash uchun so'zlar ojizdir. Barqaror elektr ta'minoti men uchun yanada ko'proq imkoniyatlarni ochib berdi, ammo o'tmishni eslar ekanman, endilikda bu resursni asrashga va mas'uliyatli sarflashga harakat qilyapman. Men butun O'zbekiston bo'ylab energiya samaradorligiga ega binolarni yaratishni orzu qilaman”, - deya o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi Oybek.

Orzu sari yo'l ba'zan murakkab bo'lishi mumkin, biroq qiyinchiliklarni yenga olishingiz mumkinligini his qilsangiz, natija yanada ko'proq quvonch keltiradi.

***

Siz ham quyidagi havola orqali keltirilgan loyiha takliflari uchun ovoz berish yo'li bilan mahalliy byudjet harajatlarini taqsimlanishida ishtirok etishingiz mumkin: https://openbudget.uz/ru/boards/4

Ovoz berish 2022 yil 31 martgacha davom etadi. Sizning ovozingiz muhim!