Farg‘onada yetakchi ekspertlar Markaziy va Janubiy Osiyoda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasidagi muammo va istiqbollarni muhokama qildi

28-June, 2024
Foto: BMTTD Qirg'iziston

Farg‘ona, 2024-yil 27-iyun – Markaziy va Janubiy Osiyoda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish muammolari va istiqbollarini muhokama qilish uchun bugun Farg‘ona shahrida yetakchi ekspert va mutaxassislar yig‘ildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan seminar mintaqaviy va xalqaro manfaatdor tomonlar o‘rtasida fikr almashish va kelajakdagi hamkorlikni mustahkamlash uchun platforma bo‘lib xizmat qildi.

Suv resurslari Markaziy va Janubiy Osiyoda ham milliy, ham mintaqaviy darajada oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Seminar bugungi kunda dolzarb muammoga aylangan hamda davom etayotgan iqlim o‘zgarishlari va aholi sonining o‘sishi sharoitida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida transchegaraviy suv resurslarini boshqarish masalalari bo‘yicha tajriba almashinuvi va muhokamalarga bag‘ishlandi.

«Ishtirokchilar transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha kengroq nuqtai nazarga ega bo‘lib, ushbu tajribadan katta foyda olishdi. Bugungi muhokamalar kelajakdagi muloqotlar va suv sektorida uzluksiz ta’lim tashabbuslari uchun asos yaratishiga umid qilamiz», —
deya ta’kidladi IWMI tadqiqot guruhi rahbari Metyu Makkartni.
Foto: BMTTD Qirg'iziston

Aholining yuqori zichligi bilan mashhur bo'lgan Farg'ona vodiysining zaifligi transchegaraviy muloqot va hamkorlikning muhimligiga urg’u berdi. Ishtirokchilar Sirdaryo daryosining quyi havzalariga alohida e'tibor berib, transchegaraviy havzalarda suvni kompleks boshqarishni muhokama qildilar. Asosiy mavzular suv sohasidagi hamkorlik, atrof-muhit texnologiyalari va gender-sezgir yondashuvlar sohasidagi rivojlanishlarni o'z ichiga olgan bo'lsa, Qirg'iziston va O'zbekiston misollari suv resurslari va iqlim o'zgarishidagi global muammolarni hal qilishda o’zaro hamkorlikni yaqqol namoyon qildi.

«Ushbu seminarning tashkil etilishi o‘z vaqtida bo‘ldi, chunki transchegaraviy mintaqada suv resurslarini boshqarish bilan bog‘liq muammolarni birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan hal etish muhi ahamiyatga ega», —
deya qayd etdi O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi qo'shidagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining mutaxassisi.
Foto: BMTTD Qirg'iziston

Seminarda Janubiy Osiyo mamlakatlari Bangladesh, Butan, Pokiston, Hindiston va Nepaldan suv resurslarini boshqarish bo'yicha ilg'or tajribalar bilan o'rtoqlashgan mutaxassislar ham ishtirok etdi.

«Janubiy Osiyoda, boshqa ko'plab mintaqalarda bo'lgani kabi, suvni saqlash imkoniyatlari kamayib bormoqda, shu bilan birga unga talab ortib bormoqda. Bu borada ayollar ko'pincha o'z fikrlarini bildirish imkoniyatiga ega emaslar. Noto'g'ri rejalashtirilgan suv infratuzilmasi erkaklarga qaraganda ko'proq ayollarga ta'sir qilishi mumkin. Shunday qilib, Nepalda biz suv omborlarini rejalashtirish va boshqarishni takomillashtirish hamda mintaqaviy hamkorlikni takomillashtirish orqali suv xavfsizligini oshiradigan siyosat va strategiyalar uchun harakatga yo'naltirilgan tavsiyalarni ilgari surish ustida ishlamoqdamiz», —
dedi Diluka Piyasena, Janubiy Osiyodagi global suv hamkorligi (GWPSAS) mintaqaviy koordinatori.
Foto: BMTTD Qirg'iziston

BMTTD butun dunyo bo'ylab suv bilan bog'liq barcha muammolarni hal qilish ustida ishlamoqda va "Tabiat", "Iqlim", "Energiya", "Chiqindilar", "Inklyuziv o'sish" va "Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish" kabi turli xil portfellarda Barqaror rivojlanishning barcha maqsadlari doirasida suvni amaliy boshqarish bilan shug'ullanadi. Farg'ona vodiysida BMTTDning "Iqlim o'zgarishi va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish" mintaqaviy loyihasi Farg'ona vodiysi, Qirg'iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O'zbekiston Respublikasining transchegaraviy hududida barqarorlik va iqlimga chidamli rivojlanishni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.

«Ushbu seminar davlat vakillari, ilmiy doiralar va amaliyotchilar, shuningdek ayollar va nodavlat tashkilotlar o'rtasidagi muloqot uchun platforma bo'ldi. Muhokamalar suv-iqlim sohasidagi hamkorlikning innovatsion modellarini ko'rib chiqdi, shunga o'xshash muammolarga duch kelayotgan hududlar uchun amalga oshirilishi muhim bo’lgan ustuvor yo'nalishlar belgilab berildi», —
dedi Mirzali Asatov, Qoradarya, Sirdaryo, Amudaryo daryolarining suv resurslarini boshqarish rahbari.
Foto: BMTTD Qirg'iziston

Mintaqaviy darajada BMTTD va IWMI Farg'ona vodiysi hududida chegaradosh mamlakatlar o'rtasida transchegaraviy iqlim xavflarini boshqarish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlash, mahalliy darajadagi harakatlarni jadallashtirish va jamoalarning iqlim o'zgarishi ta'siriga chidamliligini oshirish maqsadida mintaqaviy muloqotni davom ettiradi.

Hamkor haqida:

Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) 15 mamlakatda vakolatxonalari va 55 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan olimlarning global tarmog'iga ega bo'lgan xalqaro tadqiqot tashkilotidir. O‘ttiz yildan ko‘proq vaqt davomida olib borgan tadqiqotlarimiz suvni boshqarishda ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shgan o‘zgarishlarga olib keldi. IWMI — oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo'yicha global tadqiqot hamkorligi bo'lgan CGIAR tadqiqot markazi hisoblanadi.