BMT Taraqqiyot Dasturi Takaful sug‘urtasi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
13-December, 2024
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda “Takaful sug‘urta tizimiga umumiy qarash va uni O‘zbekiston Respublikasida joriy etish bo‘yicha tavsiyalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.
Davra suhbatini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, sug‘urta bozori regulyatori, sug‘urta kompaniyalari va sug‘urta sohasining boshqa vakillariga “Takaful” sug‘urtasi bo‘yicha tayyorlangan tahliliy hisobotni taqdim etishdan iborat. Bundan tashqari, davra suhbati ushbu muhim mavzuni sug‘urta sohasi mutaxassislari va manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilish imkonini berdi.
Davra suhbati 2024 yilning 6 dekabrida Toshkent shahrida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Islom taraqqiyot banki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari diniy boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va boshqa davlat va xususiy sektor vakillaridan iborat jami 40 dan ortiq mutaxassislar ishtirokida bo‘lib o‘tdi
Muhokamalar jarayonida mavzuning dolzarbligi, takaful sug‘urtasi joriy etilishining dastlabki qadamlari va bunda minimal talab qilinadigan qonunchilik bazasi, takaful bozorining taxminiy kutilayotgan hajmi e’tiborga olindi. Takaful fondi faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish, bunda sug‘urta kompaniyalarining roli, regulyator va shariat kuzatuv kengashi kabi masalalar muhokama qilindi.
Zokirov Latif, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Sug‘urta bozorini rivojlantirish va raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i:
“Takaful sug‘urtasining kuchli tomonlari, xavf-xatarlari bor va u hukumat tashkilotlari tomonidan tartibga solinishi va nazorat qilinishi kerak. Ushbu davra suhbati yangi g‘oya va takliflarni tinglash, mavzu bo‘yicha bilim va salohiyatni oshirish, o‘zaro bilim va tajriba almashish yo‘lidagi dastlabki qadamlardan biridir”.
Abror Muxitdinov, aktuariy, BMTTD eksperti ta’kidlagandek:
O‘zbekiston aholisining 96 foizi musulmonlar. O‘zbekistonda “Takaful” sug‘urta bozori katta imkoniyatlarga ega bo‘lib, ular mavjud moliyaviy vositalardan foydalanib musulmonlarning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini jalb qilish, Respublika iqtisodiyoti, xususan sug‘urta bozoriga islomiy moliyalashtirish tamoyillariga amal qiluvchi davlatlar va jamg‘armalardan sarmoya jalb etishdir.
Trening Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTDning “O‘zbekistonda sug‘urta va risklarni moliyalashtirishni takomillashtirish” global loyihasi doirasida qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi loyihada ishtirokchi davlatlarida sug‘urta tizimini rivojlantirishda yordam ko‘rsatishdan iborat. O‘zbekiston sug‘urta bozori, shu jumladan: sug‘urta siyosatini mamlakatning iqtisodiy rivojlanish dasturiga integratsiyalash, inklyuziv sug‘urtani rivojlantirish, suveren risklarni, tabiiy ofatlar tavakkalchiligini moliyalashtirish, sug‘urta sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish va boshqalar.