Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining va Oʻzbekistondagi BMTTDning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonning qishloq joylarida davlat xizmatlari koʻrsatilishini takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qoʻshma loyihasi doirasida davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi qonunchilik boʻyicha xalqaro ekspert Giorgiy Tsxakaia Toshkentga tashrif buyurdi. Janob Tsxakaia davlat xizmatlarini rivojlantirish sohasida boshqaruv maslahatlarini berish borasida 17 yildan ortiq ish tajribasiga ega va Gruziyada 8 yildan ortiq rahbar lavozimlarda ishlagan.
Tashrif davomida maslahatchi BMTTD, Davlat xizmatlari agentligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston elektron hukumati loyihalarini boshqarish markazi, Oliy Majlis Senati, Toshkent viloyati hokimligi va KPMG konsalting kompaniyasi rahbariyati bilan ish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazadi.
Boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda tomonlar eng ilgʻor xalqaro tajribani, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasini hisobga olgan holda, Oʻzbekistonda davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-qoidalarini va reglamentlarini takomillashtirish masalalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi maʼmuriy reglamentlarni ishlab chiqish va takomillashtirish, xizmat koʻrsatish standartlarini ishlab chiqish, jarayonlarni maqbullashtirishga va boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalar hamda yechimlarni joriy etish masalalari xususida Davlat xizmatlari agentligi masʼul xodimlari bilan texnik maslahatlashuvlar oʻtkazildi.
DXM direktori Ulugʻbek Muxammadiyev: “Xalqning xohish-irodasi biz uchun ustuvor ahamiyat ega. Biz aholining ehtiyojlariga eʼtibor qaratishimiz lozim. Barcha xizmatlar elektron shaklda va anʼanaviy tarzda – DXM orqali koʻrsatilishi kerak, shunda aholi davlat xizmatlarini olishning eng qulay usulini tanlash imkoniyatiga ega boʻladi. Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini oshirish uchun ilgʻor xorijiy tajribadan foydalanish muhim. Bu tajribani shunchaki koʻchirish emas, balki uni oʻz sharoitimizga moslashtirish lozim. Har bir xizmat “milliy mahsulot”ga aylanishi kerak”.
Xalqaro standartlar talablari va eng yaxshi xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda maʼmuriy tartib-taomillar sonini maqbullashtirish va kamaytirishga qaratilgan takliflarni hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda, maʼmuriy tartib-qoidalar tuzish boʻyicha oʻquv qoʻllanma tayyorlashda xalqaro ekspert yordam koʻrsatishi, qonunchilikni qayta koʻrib chiqishda foydalaniladigan amaliy jihatlar, metodologiya va vositalar boʻyicha treninglar oʻtkazishi kutilmoqda.
Shuningdek janob Tsxakaia Toshkent shahri va Toshkent viloyati davlat xizmat markazlariga tashrif buyuradi, davlat xizmat markazlari xodimlari bilan ish yuzasidan intervьyular va uchrashuvlar oʻtkazadi.